Donald Tramp qayta prezidentlikka kelarkan, Grenlandiyani majburan sotib olmoqchi. Daniya bunga rozi bo‘lmasa, iqtisodiy va harbiy bosim o‘tkazishini aytgan. Kopengagendagi rasmiylar buni Trampning masxarabozligi sifatida qabul qilgandek o‘zini tutsa-da, ichkarida qo‘rquv boshlangan. Grenlandiya esa na Daniya, na AQSh tarkibida bo‘lishni istamay, mustaqillik referendumi haqida o‘ylamoqda.

Donald Tramp qayta saylanar ekan, inauguratsiyagacha ham, qasamyoddan keyin ham takrorlayotgan gaplaridan biri – Grenlandiyani sotib olish. Siyosatchi Daniyaning avtonom hududi hisoblangan Grenlandiya xalqaro xavfsizlikni ta’minlash uchun Amerikaga kerakligini aytadi. Tramp 20 yanvar sanasida Oq uydagi birinchi kunidayoq oval kabinetdan turib imzolagan farmonlaridan biri ayni shu mavzuda. Prezident Daniyaning roziligini uzoq so‘rash niyatida emas, Grenlandiyani olish uchun iqtisodiy va harbiy kuchlar ishga solinadi.

The Economist nashri avtonom hududni sotib olish g‘oyasini “asr kelishuvi” deb atagan holda o‘rganib chiqdi. Aholisi 56 ming kishini tashkil etuvchi Grenlandiyaning yalpi ichki mahsuloti 3 mlrd dollarni tashkil etadi. Bu AQSh uchun juda kichkina iqtisodiy ko‘rsatkich. Biroq hududning salohiyati rostanam yuqori. Orol zamonaviy texnologiyalar va yashil energetika uchun zarur nodir qazilma metallar va boshqa qimmatli minerallar zaxiralariga ega. Bundan tashqari, Grenlandiya qirg‘oqlari yaqinida 52 mlrd barrel neft bo‘lishi mumkinligi ham taxmin qilinmoqda. Ayni shu omil orolning strategik ahamiyatini yanada oshiradi.

Orolning joylashuvi ham muhim. AQSh va Rossiya o‘rtasidagi hududda joylashgan Grenlandiya Amerikaning mudofaa qobiliyatini kuchaytiradi. 

Daniya rasmiylari ham jim turgani yo‘q. Avvalo tashqi ishlar vaziri Lars Rasmussen bu masalaga Kopengagen jiddiy qarayotganini aytdi. Bosh vazir Met Frederiksen Daniya televideniyesida chiqish qilarkan, Trampning kerak bo‘lsa, harbiy kuch ham ishlatish rejasiga munosabatini bildirdi, harbiylarni bunga aralashtirishni tasavvur ham qilolmayman dedi. AQSh prezidentining yuqori boj to‘lovlari bilan tahdidiga javoban esa Daniya sanoat bosh direktori savdo urushidan ikki tomon ham manfaatdor emasligini ta’kidladi. Bir qaraganda Kopengagen bu gaplarni xuddi Trampning masxarabozligi kabi qabul qilgandek ko‘rinadi, lekin siyosatchilar davrasida va hukumat ichkarisida qo‘rquv bor.

Yanvar oyidagi ma’yus ob-havo Daniya siyosatchilari va biznes egalarining kayfiyatini aks ettiradi. Parda ortida shosha-pisha tadbirlar, yugur-yugurlar boshlangan, deb yozadi BBC. Bundan ko‘rinadiki, Tramp jiddiy gapirmoqda. Grenlandiya bosh vaziri Myut Ejid Daniya bosh vaziri va qiroli bilan gaplashish uchun Kopengagenga uchib borgan. Siyosatchilar, partiya rahbarlari parlamentda navbatdan tashqari yig‘ilish o‘tkazishgan. Bosh vazir Frederiksen elitadagi qo‘rquvni sezdirmaslik uchun Amerika doim Grenlandiya va Arktika bilan band bo‘lganini gapirgan, Vashington Kopengagenning asosiy hamkorlaridan ekani, Grenlandiyaning kelajagini esa faqat grenlandiyaliklar belgilashini ta’kidlagan.