O‘zbekiston | 22:14 / 18.06.2020
15039
3 daqiqa o‘qiladi

Paxta terimiga hokimiyat vakillari aralashuvining oldini olish choralari ko‘riladi

O‘zbekistonda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha yo‘l xaritasi tasdiqlandi. Hujjatda paxta terimiga hokimliklar aralashuvini cheklash, «Migratsiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish kabi vazifalar belgilangan.

Foto: Kun.uz

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tegishli vazirlik va idoralar tomonidan berilgan takliflarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha yo‘l xaritasini tasdiqladi.

Komissiya raisi Tanzila Norboyeva komissiyaning 17 iyun kungi yig‘ilishida tasdiqlangan yo‘l xaritasidagi vazifalarni sanab o‘tdi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Hujjatda quyidagilar belgilangan:

  • «Migratsiya to‘g‘risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqish;
  • «Nodavlat-notijorat tashkilotlari to‘g‘risida»gi kodeks loyihasini xalqaro ekspertlar, fuqarolik jamiyati vakillarini jalb etgan holda yanada takomillashtirish;
  • Xalqaro mehnat tashkilotining 17-, 183-, 187-sonli konvensiyalarni ratifikatsiya qilish;
  • Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda «2021-2023 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi»ni ishlab chiqish (hozirda 2017-2020 yillar uchun mo‘ljallangan dastur amalga oshirilmoqda);
  • aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha milliy strategiya loyihasini ishlab chiqish. Bunda aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish, norasmiy bandlikni keskin qisqartirish masalalari nazarda tutiladi;
  • o‘zbekistonlik migrantlar soni ko‘p bo‘lgan davlatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalarini tashkil etishni davom ettirish;
  • majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik borasida Xalqaro mehnat tashkilotining uchinchi tomon monitoringi hamda milliy monitoring o‘tkazish ishlarini bu yil ham davom ettirish;
  • paxta yig‘im-terimi ishlarining faqat klasterlar hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan amalga oshirilishini ta'minlash, ushbu ishlarga hokimiyat vakillari aralashuvining oldini olish;
  • ijtimoiy xizmat mutaxassislarini jahon standartlari asosida tayyorlash va o‘qitishni tashkil qilish;
  • odam savdosi qurbonlarini xalqaro standartlarga muvofiq identifikatsiya qilish va ularni qayta yo‘naltirishning milliy mexanizmlarini joriy etish bilan bog‘liq tegishli normativ-hujjat loyihasini ishlab chiqish;
  • odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha respublika reabilitatsiya markazi faoliyatini takomillashtirish. Bunda markazning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, mintaqaviy filiallarini tashkil qilish, shuningdek, markazni Ichki ishlar vazirligi tizimiga o‘tkazish;
  • chaqaloq savdosining kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilgan holda unga qarshi kurash ishlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, tasdiqlash. Bunda farzandlikka olish bilan bog‘liq normativ-hujjatlarni takomillashtirish e'tiborga olinadi.

Mavzuga oid