O‘zbekiston | 18:33 / 18.11.2024
4112
2 daqiqa o‘qiladi

2025 yilda O‘zbekistonning davlat qarzi 45 mlrd dollardan oshadi

Keyingi yilning yakunida O‘zbekistonning davlat qarzi 45,1 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,7 foizni tashkil qilishi prognoz qilinyapti.

Foto: AP

O‘zbekiston davlat qarzi 2025 yil yakunida 45,1 milliard dollarga yetishi mumkin. Bu haqda «Fuqarolar uchun budjet» nashrining keyingi yil uchun ishlab chiqilgan loyihasida keltirib o‘tilgan.

«Davlat tashqi qarzi 2024 yil yakunida 33,9 mlrd dollar (YaIMga nisbatan 30,3 foiz), 2025 yilda 39,4 mlrd dollar (YaIMga nisbatan 32,1 foiz) bo‘lishi kutilmoqda», deyiladi hisobotda.

Joriy yilda tashqi qarz olish chegarasi 5 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2025 yilda bu ko‘rsatkich 5,5 mlrd dollargacha oshiriladi. Ushbu mablag‘ning 3 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlashga, 2,5 mlrd dollari esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. Keyingi yilda O‘zbekiston nomidan 30 trln so‘mlik davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi ham ko‘zda tutilyapti.

Avvalroq, kelgusi uch yil ichida davlat qarzi 40 foizdan ko‘proqqa oshishi mumkinligi xabar qilingandi. Xususan, bu ko‘rsatkich 2024 yilning yakunida 39,7 mlrd dollarga yetadigan bo‘lsa, 2027 yilning oxiriga borib 55,9 mlrd dollarni tashkil etadi.

Mavzuga oid