00:59 / 26.03.2018
14650

Kemerovodagi yong‘inda 7 kishi halok bo‘ldi, 35 kishi bedarak yo‘qoldi

Foto: Rossiya FVV

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 25 mart kuni Rossiyaning Kemerovo shahri markazida joylashgan “Zimnyaya vishnya” savdo markazida chiqqan yong‘inda 7 kishi – 3 ayol, 2 erkak va 2 yosh bola halok bo‘ldi. Shuningdek, 35 kishi bedarak yo‘qolgan, deb hisoblanmoqda.  

Savdo markazidagi yong‘in mahalliy vaqt bilan soat 16:00da boshlangan. Ma'lum qilinishicha, dastlab yong‘in markazning oxirgi – 4-qavatidagi kinozallardan birida boshlangani, so‘ngra olov boshqa qavatlarga tarqalgani ma'lum qilingan. Voqea joyida ishlayotgan qutqaruvchilar markaz binosi qulashi va qo‘shni binoga shikast yetkazishi mumkinligidan xavotirlanib, u binodagi odamlarni ham evakuatsiya qilishgan.

Biroq oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, yong‘in bolalar maydonchasidagi batutali basseynda boshlangan bo‘lishi mumkin. U yerda kimdir porolonli to‘ldirgichni yondirgan. Yong‘in signalizatsiyasi ishlamagan. Oqibatda chiqish joylaridan kesilib qolgan ba'zi odamlar oynalardan sakrashlariga yoki tomga chiqishlariga to‘g‘ri kelgan. 

Shahar shifoxonalariga 30 nafar jarohatlangan yetkazilgan. 

Shuningdek, markazning 3-qavatida kontaktli hayvonot bog‘i bo‘lgan. Taxmin qilinishicha, u yerdagi 25 turdagi 200 jonzot ham nobud bo‘lgan. 

Rossiya tergov qo‘mitasi yong‘in yuzasidan 3 ta modda: ehtiyotsizlik tufayli o‘lim yetkazish, yong‘in xavfsizligi talablari buzilishi, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan xizmatlar ko‘rsatish moddalari bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. 

Mavzuga oid
Top