Jamiyat | 09:45 / 23.01.2023
36221
3 daqiqa o‘qiladi

Qishloqda tug‘ilgan g‘oya. Rishtonlik usta qo‘lbola elektromobil yasadi

32 yoshli Azamat Isoqov temir-tersakdan elektromobil yasadi. Qurilma bir quvvat olganda 50 kmgacha masofani bosib o‘tadi. Tezligi esa 50-60 km/s ga chiqadi. Shovqinsiz harakatlanadi, usta kuzov qismini butlash ishlarini olib bormoqda.

“Qish faslida metan va benzin zapravkalarida yoqilg‘i taqchilligi kuzatiladi. Bu yil ayniqsa zapravkalarda navbat kutaverib holdan toydik. Uydagi avtomashinani ham yoqilg‘i muammosi sabab hayday olmayapmiz. Shu omillar sababli qo‘lbola usulda profildan mashina yasashga qaror qildim.

Yoshligimdan texnikaga qiziqaman. Otam ham 45 yil svarka ishi bilan shug‘ullangan. Ota kasbni olib men ham qishloqda elektrpayvandlash ishlarini qilib kelyapman.

Azamat Isoqov

Elektromobil yasash uchun 7 xil transport vositalarining ehtiyot qismlaridan foydalandim. Motosikl amortizatori, “Nexia” sharovoyi, “Tico” ehtiyot qismlari, arava g‘ildiragi, jiguli amortizatori, “Muravey” motori.

Tormoz qismini internetdan ko‘rib yasadim. Hozircha elektromobil 50 foiz bitgan holatda. Qurilmani qishloq sharoitiga qo‘l keladigan qilib yuk tashishga moslashtirmoqchiman. Elektromobilning oldi qismida ikki o‘rindiq bo‘ladi.

Elektromobil 4 soat davomida quvvat oladi. Hozircha tezligi 50-60 km/s ga chiqyapti. Akkumulyator sonini ko‘paytirsam tezligi yana ortadi.

Zavodda ishlab chiqarilayotgan hozirgi mashinalar xaridorlarga magnitofonsiz sotilyapti. Men esa elektromobilga magnitofon o‘rnatmoqchiman. Yurtimiz quyoshli o‘lka. Kelajakda qurilmaning ustki qismiga quyosh paneli o‘rnatmoqchiman”, – deydi  Azamat Isoqov.

Ustaning otasi Isajon Ismoilov benzin taqchilligi, metan zapravkalar yopilgan bir paytda elektromobil oila dastyoriga aylanganini ta’kidladi:

Isajon Ismoilov

“O‘g‘limni profildan mashina yasashga urinayotganini ko‘rib avvaliga ishonmadim. Hatto profilni isrof qilayotganini aytib bu yo‘ldan qaytardim. O‘g‘limning g‘oyalari bor ekan, “metan” berkitilgan, benzin taqchil bir paytda ajoyib qurilma yasadi. Elektromobil mushkulimizni oson qilyapti.

Nevaralarimni aylantirib kelyapti. Do‘konlardan mahsulot olib yuklab kelyapmiz”, – deydi u.

Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid