Jamiyat | 21:51 / 08.05.2026
5043
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda mikroavtobusda 58 nafar bolani tashiyotgan haydovchi aniqlandi

Haydovchi 8 o‘rindiqli transport vositasida 58 bolani bog‘chaga tashigan.

Foto: Videodan kadr

Andijon viloyati Izboskan tumanida 58 nafar bolani 8 o‘rindiqli mikroavtobusda olib ketayotgan haydovchi ushlandi. Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Viloyat IIBga ko‘ra, 6 may kuni O‘rta qishloq mahallasi Mumtoz ko‘chasida haydovchi Q.Z. King Long rusumli mikroavtobusda davlat-xususiy sheriklik asosidagi «Xadichabegim» bog‘chasining 58 nafar tarbiyalanuvchisini olib ketayotgan vaqtda to‘xtatilgan.

Haydovchiga nisbatan odam tashish qoidasini buzganligi uchun ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, haydovchi va bog‘cha rahbariyati bilan profilaktik tushuntirish ishlari olib borildi, deyiladi xabarda.

IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga ko‘ra, respublika bo‘ylab 1−8 may kunlari o‘tkazilgan reyd tadbirlarida bolalarni transportda me’yordan ortiq tashish bilan bog‘liq 125 ta qoidabuzarlik aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, 5 may kuni Navoiy viloyati Nurota tumanida 13 nafar bog‘cha bolasi va o‘zining 3 oylik chaqalog‘ini Matiz'da olib ketayotgan bog‘cha mudirasi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avtomobil ag‘darilib ketgan, oqibatda haydovchi halok bo‘lib, bolalar jabrlangan, ulardan biri komaga tushib qolgan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid