O‘zbekiston | 13:13 / 02.02.2026
35276
3 daqiqa o‘qiladi

Haftaning ikkinchi yarmida yana qor yog‘ishi mumkin

Hafta davomida O‘zbekistonda beqaror ob-havo kuzatiladi. Harorat kechalari +5…+10, kunduz kunlari +13…+18 daraja atrofida bo‘ladi. Joylarda yog‘ingarchilik ham kuzatiladi. Juma kuni esa havo yana soviydi.

Foto: Kun.uz

Turkmanistondan nam havo massalari kirib kelishi hisobiga ushbu hafta davomida beqaror ob-havo kuzatiladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet.

Dushanba kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Kunduzi harorat +11…+16 daraja atrofida, shimolda +3…+8 daraja bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, faqat 4 fevralda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Tog‘oldi va tog‘li hududlarda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi, 2–3 fevralda ba’zi joylarda kuchli bo‘lishi mumkin.

O‘zbekiston hududi bo‘yicha harorat foni kechalari +5…+10 daraja, kunduz kunlari +13…+18 daraja atrofida bo‘ladi.

Juma kuni esa vaziyat o‘zgaradi, O‘zbekistonga Qozog‘iston hududidan sovuq va nisbatan nam havo massalari kirib kelishi boshlanadi, buning hisobiga respublika bo‘yicha 6 fevralda ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanadi) bo‘ladi. Harorat kun davomida pasayadi, kechasi va kunduzi +1…+6 daraja, shimolda kechasi –7…–12 daraja, kunduzi 0…–5 daraja bo‘ladi.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. 2–3 fevral kunlari respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor.

Toshkent shahrida dushanba vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 5–10 metr/soniya tezlikda esadi, 12–15 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. Harorat +13…+15 daraja bo‘ladi.

3 fevralda kechasi va ertalab yomg‘ir yog‘adi. Kunduzi yog‘ingarchilik kutilmaydi. G‘arbiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi. Harorat kechasi +7…+9 daraja, kunduzi +13…+15 daraja bo‘ladi.

4 fevralda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi. Harorat kechasi +5…+7 daraja, kunduzi +16…+18 daraja bo‘ladi.

5 fevralda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3–8 metr/soniya tezlikda esadi, 10–12 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin. Harorat kechasi +7…+9 daraja, kunduzi +13…+15 daraja bo‘ladi.

6 fevralda vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanishi mumkin) bo‘ladi. Harorat kechasi va kunduzi +1…+6 daraja bo‘ladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid