O‘zbekiston | 08:00 / 19.02.2021
48010
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev ilk marta o‘zbekistonlik jurnalistlarga intervyu berdi. Kun.uz muxbiri islohotlarga to‘siqlar haqida so‘radi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namanganga tashrifida navbatdagi manzil «Ishga marhamat» monomarkazi bo‘ldi. Davlat rahbari bu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashdi.

Foto: Kun.uz

Shu oy boshida Farg‘onaga tashrifdagi uchrashuvdan farqli ravishda, prezident bu gal jurnalistlarning savollariga ham javob berdi.

Shavkat Mirziyoyev Kun.uz muxbirining: «Barcha tadbirlarda, viloyatlarga tashriflarda katta-katta islohotlar mo‘ljallanadi, yangi rejalar tuziladi. Fikringizcha, mana shu islohotlar xalqimizni rozi qiladigan, sizning ko‘nglingiz to‘ladigan darajada amalga oshishiga nimalar to‘sqinlik qilyapti?» degan savoliga javoban uchta dolzarb muammoni sanab o‘tdi.

«Birinchi navbatda, kadrlar masalasi. Bu juda chuqur tizim, muammolar juda ko‘p. Eng quyidan boshlashga to‘g‘ri keladi. Oddiy maktabgacha ta'lim muassasalari bilan ta'minlash darajamiz ham 15 foizga tushib qolgandi. Toshkentda bu yil 100 foiz bo‘ladi. Namanganda 11 foiz bo‘lgan bo‘lsa, yil yakuni bilan 45 foiz bo‘ladi. Hozir bog‘chalarni yil sayin ko‘paytirib boryapmiz.

Xalq ta'limida ham juda ko‘p o‘zgarishlar bo‘lyapti. Oliy ta'lim muassasalari soni 47tadan 130taga yetdi. Bularning hammasi yaxshi kadrlarni tayyorlab olish uchun qilinyapti. Rivojlangan davlatlarning oliy ta'lim muassasalarini jalb qilyapmiz.

Vazirlarni tez o‘zgartiryapman, sababi shu – aravani torta olmayapti. Demak, birinchi masala bu – kadrlar.

Bizning oyog‘imizga kishan bo‘layotgan ikkinchi muammo – bu korrupsiya. Qanday qilib bu korrupsiyani jilovlash kerak? Nima qilsak, xalqning mulkini, mashaqqatli soliqlar bilan yig‘ilgan mablag‘ni asraymiz? Mana, ko‘ryapsizlar, har hafta kamida ikki marta katta korrupsion holatlar oshkor qilinyapti. Men o‘zim bu muammo yechimini juda xohlayman. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzdik, qarorlar chiqaryapmiz, qator tarmoqlarni «korrupsiyasiz tarmoq» deb e'lon qildik. Muntazam kurash olib boryapmiz. Lekin baribir hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Afsuski, bu ham juda jiddiy masala va doimiy e'tiborni talab qiladi.

Uchinchi masala bu joylardagi rahbarlarning o‘sha islohotlar mohiyatini tushunib yetmayotgani. Bu ham xalqimizni ko‘p o‘ylantiradi.

Aytishingiz mumkin, o‘sha rahbarlarni siz o‘zingiz amalga qo‘yasiz-ku, deb. Men masalan bitta hokimni tavsiya qilguncha kamida o‘n kishidan bittasini tanlayman. Uzoq vaqt bilimga e'tibor bermaganimiz tufayli kadrlar masalasi shunday, buning yechimi vaqt talab qiladi.

Bu savolingizga men vaqti kelib boshqacha javob beraman. Savoldagi masalalar yechimi uchun vaqt kerak, sizlarning ham yordamingiz kerak. Ommaviy axborot vositalari xodimlari – mening yordamchim. Mavjud muammolarni ro‘y-rost yoritishlaring kerak», – dedi davlat rahbari.

Mavzuga oid