O‘tgan hafta Taftish.uz xodimlari qo‘lga olingani xabar qilinib, hozir tergov davom etmoqda. Biroq, ichki ishlar organlarining hukmiy videolarida ular allaqachon “jinoiy guruh” va “ashaddiy jinoyatchilar”ga aylanib bo‘ldi. Kun.uz ushbu holat yuzasidan faollar va yuristga quloq tutdi. Media vakillariga ko‘ra, pulga murojaat o‘rganish amaliyoti – juda nozik masala. Advokatning aytishicha, IIV allaqachon ularga hukm o‘qib bo‘ldi, endi sudning keragi yo‘q.

Taftish.uz veb-saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu tashkilot 2021 yilning martida AOKA tomonidan ro‘yxatga olingan. 5 yildan beri ishlab kelayotgan bu «OAV» asosan pulga murojaatlar o‘rganish bilan shug‘ullangan. Oxirgi vaqtlarda bu xodimlarning o‘zini tutishi, davlat idoralari bilan dialogi keskin muhokamalarga sabab bo‘layotgandi. Ayni dam ular qo‘lga olingan va turli ayblovlar ilgari surilgan. Biroq, ichki ishlar organlari e’lon qilgan materiallarda ular allaqachon “o‘ta ketgan jinoyatchi”, “jinoiy guruh” sifatida tamg‘alandi.

Masalaning tahlil qilinishi kerak bo‘lgan nozik nuqtalari bir qancha, Kun.uz studiyaga taklif etilgan media vakillari, inson huquqlari faoli va yurist bilan bularga birma-bir to‘xtaldi.

“Davlat idoralariga ishonch yo‘qligi sabab, ulardan qahramon yasashdi”

Agar e’tibor qilinsa, Taftish.uz'ning minglab videolari e’lon qilingan va ularga oddiy xalq vakillaridan tortib, san’atkor-aktyorlargacha murojaat qilishgan. Deyarli har bir videoda «tahririyat» xodimlari davlat idoralariga bostirib kirib, kamera qarshisida ishchilar bilan o‘ta qo‘pol dialogga kirishgan. Kun.uz bilan gaplashgan inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov fikricha, hozir shunday stilda gaplashmasa, davlat xizmatchilari bilan gaplashishning iloji yo‘q.

“Odamlar nega ergashdi, chunki davlatning xalq bilan ishlaydigan, ulardan murojaatlarni qabul qiladigan institutlari falaj ahvolda. Bundan tashqari, hozir bitta blogerni olib bormasangiz, militsiyaxonaga kirib bo‘lmayapti. Ya’ni, bizning jamiyatimiz shunaqa, xafa bo‘lmaslik kerak, matbuot ham shu tizimga mos”, deydi u.

O‘zJOKU prorektori Nozima Muratova fikricha, aynan ularning materiallariga emotsiya qo‘shilgani, odamlarning hissiyotlarini qitiqlaydigan gaplar bo‘lgani, ekranda doim beriladigan silliq ma’lumotdan farqli ekani bois odamlar qiziqdi, kuzatdi.

“Chunki u yerda odamning hissiyotiga ta’sir qiladigan, emotsiyasiga ta’sir qiladigan masalalarni ko‘tarishdi. Bu klassika, hamma joyda yozilgan: jinoyat, janjal, sensatsiya – bular doim jamoatchilikning e’tiborini tortib kelgan. Shu narsalarni ko‘tarsangiz, hamma ko‘radi. Ikkinchi masala, jurnalistlarning vazifasi o‘zi nima ekanini aniqlab olish kerak. Jurnalistlarning vazifasi pulga murojaat o‘rganish emas, jamiyatga avvalo faktlarni berish”, deydi Nozima Muratova.