Jahon | 21:31 / 10.11.2025
8557
3 daqiqa o‘qiladi

Ekvador qamoqxonasida o‘nlab osilgan mahbuslar topildi

Ekvador qamoqxona xizmati (SNAI) bayonotida aytilishicha, 27 nafar mahbus «bir-birini bo‘g‘gan, bu esa bir zumda o‘limga olib kelgan».

Foto: AFP/Getty Images

9 noyabr kuni Ekvadorning Machala shahridagi El-Oro qamoqxonasida osib o‘ldirilgan 27 nafar mahbusning jasadi topildi. Bungacha qamoqxonada tartibsizliklar bo‘lib, to‘rt mahbus halok bo‘lgan, 30 dan ortiq kishi jarohatlangan edi. Bir oy oldin xuddi shu qamoqxonada 14 mahbus halok bo‘lgan, rasmiylar ularning guruhlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar natijasida halok bo‘lganini ta’kidlagan edi.

Ekvador qamoqxona xizmati (SNAI) bayonotida aytilishicha, 27 nafar mahbus «bir-birini bo‘g‘gan, bu esa bir zumda o‘limga olib kelgan». Rasmiylar hech qanday tafsilot keltirmadi, biroq «bu hodisa erta tongda sodir bo‘lgan voqea bilan bog‘liq emas»ligini ta’kidladi.

9 noyabr kuni ertalab soat 3 atrofida El-Oro qamoqxonasida tartibsizliklar boshlandi. Bunga boshqa viloyatdagi mahbuslarning ko‘chirib keltirilishiga qamoqxonadagi mahbuslar norozligi sabab bo‘ldi.

Ular qo‘riqchilarga hujum qilib, qurollarni qo‘lga kiritishga va qo‘lbola portlovchi modda yasashga muvaffaq bo‘ldi. Oxir-oqibat, qamoqxona xodimlari vaziyatni nazoratga oldi, ammo jarayon davomida to‘rt nafar mahbus halok bo‘ldi va 30 dan ortig‘i jarohat oldi. Qo‘riqchilardan biri ham jarohatlangan.

Bu umuman Ekvadorda ham, xususan, El-Oro qamoqxonasida ham birinchi shunday holat emas.

Sentabr oyi oxirida El-Oroda 13 nafar mahbus va bir qo‘riqchi, rasmiylarga ko‘ra, raqib guruhlar o‘rtasidagi nizolar oqibatida halok bo‘lgan. To‘da vakillari sodir bo‘lgan voqeaga izoh bermadi.

Mahbuslarning qarindoshlari hokimiyatdan qamoqxonada xavfsizlik choralarini kuchaytirishni so‘ragan, Machala shahri aholisi esa anchadan beri qamoqxona uchun boshqa joy topishni talab qilmoqda: El-Oro shahar markazida joylashgan.

2021 yildan beri Ekvador qamoqxonalarida jami 600 ga yaqin mahbus halok bo‘ldi, deb yozdi El Mundo. Ularning aksariyati raqib to‘dalar o‘rtasidagi ichki nizolar qurboniga aylandi.

Sentabr oyida AQSh Ekvadorning ikki guruhi - «Los Lobos» va «Los Choneros»ni terrorchi tashkilot deb tan oldi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid