O‘zbekiston | 13:33 / 13.07.2023
33277
6 daqiqa o‘qiladi

Bandixon prokurori mahalla raislarini so‘kkani uchun intizomiy jazo oldi. U kamida ma’muriy javobgarlikka tortilishi kerak edi

Bosh prokuratura Soatmurod Mahmanovga aynan qanday jazo berilganiga aniqlik kiritmagan. Shu bilan birga, prokuror ko‘pchilik oldida fermerni haqoratlab qo‘l ko‘targani xususida hech qanday izoh berilmagan.

Foto: Bandixon tumani hokimligi

20 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanovga tegishli ekani aytilgan audio tarqalgan, unda soliq tushumlarini bajarmagan mahalla raislari kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilingandi. Taxminlarga ko‘ra, audio 31 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda yozib olingan.

Audioda prokuror Soatmurod Mahmanov Bandixon tumanidagi erkag-u ayol mahalla raislarini birday haqoratlagandi. Xususan, audio davomida uning «Erkakmisan sen ham? Xotinchalish, itdan tarqalgan ekansan-da, bo‘lmasa odamning ishini qilarding-da. Bor, borib itga o‘xshab vovulla ko‘chada», deganini, «O‘lsang, bugun ko‘mar edik», «Itdan tarqaganmisan, odamdan tarqaganmisan?» va boshqa kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kinganini eshitish mumkin.

Shundan so‘ng viloyat prokuraturasi bayonot berib, tarqatilgan audioyozuvlar haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz bergani hamda boshqa holatlar o‘rganilayotganini ma’lum qilgandi.

Foto: Surxondaryo viloyati prokuraturasi Telegram-kanalidan skrinshot

So‘kong‘ich prokurorning audiosi tarqalganiga qariyb bir oy bo‘layotganiga qaramay uning harakatlariga huquqiy baho berilgani, basharti xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lsa, natijalari jamoatchilikka oshkor qilingani yo‘q. Holbuki Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov o‘sha paytda o‘rganish natijalari haqida tez orada ma’lumot berishini aytgandi.

12 iyul kuni «Mushtum» jurnali Telegram-kanalida Bosh prokuraturaga murojaatnoma e’lon qilindi. Unda oradan 20 kundan ziyod vaqt o‘tgan bo‘lsa ham Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanovga tegishli ekani aytilgan audio yuzasidan prokuratura tomonidan rasmiy munosabat bildirilmagani ta’kidlanib, Bosh prokuraturadan bunga izoh berilishi so‘ralgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Mushtum» jurnali tahririyatiga ma’lum qilishicha, Surxondaryo viloyati prokuraturasi tomonidan Bandixon tuman prokurorining xatti-harakatlari yuzasidan o‘tkazilgan tekshirish natijasiga ko‘ra, Soatmurod Mahmanovga nisbatan intizomiy jazo qo‘llangan.

Biroq idoraning rasmiy munosabatida so‘kong‘ich prokurorga aynan qanday jazo berilgani ochiqlanmagan.

Soatmurod Mahmanov. Foto: Bandixon tumani hokimligi matbuot xizmati

Mehnat kodeksining 312-moddasiga ko‘ra, mehnat intizomini buzgani uchun ish beruvchi xodimga quyidagi intizomiy jazo choralarini qo‘llashga haqli:

1) hayfsan;

2) o‘rtacha oylik ish haqining 30 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima (ichki mehnat tartibi qoidalarida xodimga o‘rtacha oylik ish haqining 50 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda jarima solinishi hollari nazarda tutilishi mumkin);

3) mehnat shartnomasini bekor qilish.

Bu o‘rinda Mahmanovning mahalla raislarini bo‘ralatib so‘kkani mehnat intizomini buzish sifatida malakalangani va unga faqatgina intizomiy jazo berilganining o‘zi bahsli. Respublika hududida qonunlarning bir xilda ijro etilishiga mas’ul idorada ishlovchilar buni bilmasligi mumkin emas. Yoki qonunlar fuqaroga nisbatan boshqacha, prokurorga kelganda esa boshqacha ishlaydimi?

Soatmurod Mahmanov. Foto: Bandixon tumani hokimligi matbuot xizmati

Aslida haqorat qilganlik – shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik yoki beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlik uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 40 baravarigacha (6,6 mln so‘mdan 13,2 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilab qo‘yilgan.

Jinoyat kodeksining 140-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha (66 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, 20 iyunda tarqalgan audioda Bandixon tumani prokurori haqorat qilish bilan bir qatorda majburiy mehnatga jalb qilgani uchun ham javob berishi shart edi. Chunki soliq tushumlarini tushirish mahalla raisining vazifasiga kirmaydi. Prezidentning tegishli farmoni bilan esa fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash taqiqlanadi.

Biroq Bosh prokuraturaning «Mushtum» jurnali tahririyati murojaatnomasiga bildirgan munosabatida nima uchun Soatmurod Mahmanovga bunday yengil jazo berilgani izohlanmagan.

Etik va fonar olib kelishga majburlangan fermerlar. Foto: «Mushtum» jurnalining Telegram-kanali

12 iyul kuni o‘zini Chori Pirimqulov deb tanishtirgan fermer 2023 yil 7 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 50-60 kishining ko‘z o‘ngida avval haqoratlanib, so‘ngra kaltaklanganini iddao qilgan video tarqaldi.

Biroq hozircha Surxondaryo viloyat prokuraturasi ham, Bosh prokuratura ham internetda tarqalgan videomurojaatga hech qanday reaksiya bildirgani yo‘q.

Fermerning iddaosi yuzasidan izoh olish maqsadida Kun.uz muxbiri viloyat prokuraturasi matbuot kotibi Alisher Bobomurodov bilan bog‘landi. U ayni paytda xizmat safarida ekani, fermerning iddaolari bo‘yicha izoh bera olmasligi, belgilangan tartibda tuman prokurori ustidan murojaat qilinsa ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Mavzuga oid