O‘zbekiston | 12:34 / 29.07.2023
25772
3 daqiqa o‘qiladi

Bandixon prokurori ishdan olindi. U mahalla raislarini so‘kib, fermerni kaltaklaganda intizomiy jazo bilan qutulib qolgandi

Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan yig‘ilishda ishdan olinganlar orasida Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanov ham bor. U avvalroq mahalla raislarini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilib, fermerni kaltaklagan edi.

Foto: Bandixon tumani hokimligi

27-28 iyul kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurgan prezident Shavkat Mirziyoyev hududdagi va umuman respublika bo‘ylab jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni keskin tanqid qildi. O‘tkazilgan yig‘ilishlar davomida nafaqat IIV tizimidagi, balki prokuratura tizimidagi ko‘plab xodimlar ham ogohlantirilib, 6 ta tuman prokurori ishdan olindi.

Ishdan olinganlar orasida oxirgi vaqtlarda jamoatchilikka so‘kong‘ichligi bilan tanilgan Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanov ham bor.

Avvalroq Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanovga tegishli ekani aytilgan audio tarqalgan edi. Prokuror soliq tushumlarini bajarmagan mahalla raislariga to‘g‘ri muomala qilmagan, barchasini uyatsiz so‘zlar bilan haqorat qilgan. Hatto ayol raislarni ham so‘kishlari bilan yaxshigina “siylagan” edi.

Ushbu voqeadan sal o‘tib aynan shu prokuror tumandagi fermer xo‘jaliklaridan birining rahbarini yig‘ilishga kechikib borgani uchun avval haqorat qilib, so‘ngra kaltaklagandi.

Ammo Bosh prokuratura kamida ma’muriy jazoga tortilishi mumkin bo‘lgan holatda intizomiy chora ko‘rish bilan cheklangandi.

Shuningdek, prezident o‘tkazgan yig‘ilishda jinoyatchilikka qarshi kurashishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Andijon, Buvayda, Narpay, Yunusobod, Rishton tumanlari prokurorlari ham egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Jinoyatchilikni jilovlash va aholi bilan ishlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari Bahriddin Valiyevga hayfsan e’lon qilindi va uch oy sinov muddati tayinlandi.

Qo‘l ostidagi xodimlari hamda ichki ishlar idoralarida qonun ijrosi ustidan nazoratni susaytirib yuborgani uchun Farg‘ona viloyati prokurori Baxtiyor Ismoilovga ham hayfsan berildi. Viloyat prokurorining ichki xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi, viloyat prokuraturasi iqtisodiy qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘limi boshlig‘i, viloyat prokurorining voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha yordamchisi ishdan olindi.

Bosh prokuratura va DXXga ularning faoliyatiga qonuniy baho berib, tergov harakatlarini boshlash topshirildi.

Shuningdek, barcha viloyat prokurorlari va IIB boshliqlarining birinchi o‘rinbosarlari o‘ziga tegishli xulosa qilmasa, yil yakuni bilan barchasi lavozimidan ozod etilishi qayd etildi.

Mavzuga oid