Jahon | 09:00 / 03.06.2026
4745
8 daqiqa o‘qiladi

“Tolibon” va Rossiya: harbiy yaqinlashuv nimani anglatadi?

Pokiston bilan doimiy to‘qnashuvlar fonida “Tolibon” Rossiya bilan harbiy hamkorlik masalasini muhokama qilyapti. Kun tartibida asosan havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berish va harbiy texnikalarni ta’mirlash masalasi turgani aytilyapti. Kun.uz siyosiy tahlilchilardan bu hamkorlikning Markaziy Osiyo uchun ahamiyati haqida so‘radi.

Rossiyaning “Tolibon” bilan harbiy hamkorligi Markaziy Osiyodagi kuchlar muvozanatiga qanday ta’sir qiladi?

Kamoliddin Rabbimov: “Tolibon” siyosiy tizimi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida hozircha sifat jihatidan yuqori darajadagi hamkorlik shakllanmagan. Mavjud aloqalar asosan cheklangan va ko‘proq ritorik xarakterga ega. Ya’ni tomonlar o‘zaro do‘stlikni ta’kidlovchi bayonotlar bilan chiqmoqda: “siz bizning do‘stimizsiz, biz sizning do‘stingizmiz” qabilidagi siyosiy nutqlar ustunlik qilmoqda.

Rossiya tomonidan “Tolibon” ixtiyoridagi eski harbiy texnikalarni, jumladan, tank va artilleriya vositalarini ta’mirlash bo‘yicha ayrim hamkorlik mavjud. Biroq bu “Tolibon”ni yangi harbiy qudratga aylantirmaydi. Bunday loyihalar, birinchidan, moliyaviy jihatdan to‘liq ta’minlanishi kerak, ikkinchidan, Rossiya bu xizmatlarni bepul amalga oshirmaydi. Shuningdek, bu mablag‘larni kim va qanday shaklda to‘lashi masalasi ham ochiq qolmoqda.

Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, siyosiy kelishuvlarning katta qismi dastlab tantanali uchrashuvlar va bayonotlar bilan imzolanadi, biroq keyinchalik ularning muhim qismi to‘liq amalga oshmaydi yoki qadrsizlanadi. Rasmiy tashriflar davomida iliq kutib olish, mehmondo‘stlik muhitini yaratish orqali do‘stona aloqalar namoyish etiladi, ammo bu har doim ham real strategik hamkorlikni anglatmaydi.

Bugungi kunda hech bir yirik davlat “Tolibon”ni kuchli geosiyosiy yoki harbiy ittifoqchiga aylantirishga jiddiy intilayotgani kuzatilmaydi. Dastlab Xitoy tomonidan ehtiyotkor qiziqish bo‘lgan bo‘lsa-da, hozirgi vaziyatda “Tolibon” atrofida ikki asosiy geosiyosiy kesishuv mavjud: yuqori darajada AQSh va Xitoy raqobati, mintaqaviy darajada esa Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi qarama-qarshilik.

Tarixiy jihatdan qaralganda Afg‘oniston hududi tashqi kuchlar uchun murakkab maydon bo‘lib kelgan. Bu yerga kirgan yirik davlatlar – Britaniya imperiyasi, Sovet Ittifoqi va AQSh uzoq davom etgan harbiy harakatlardan so‘ng sezilarli yo‘qotishlar bilan chiqib ketgan. Shu bois siyosatshunoslar orasida Afg‘oniston ko‘pincha “imperiyalar qabristoni” deb ataladi.

“Tolibon”ning o‘zi ham tashqi ekspansiya siyosatini qo‘llab-quvvatlamasligini bir necha bor ta’kidlagan. Ular o‘z hududini himoya qilishga tayyor ekanini bildirgan, biroq boshqa davlatlarga bostirib kirish niyati yo‘qligini qayd etgan. Rossiya ham “Tolibon”ni rasman to‘liq siyosiy tizim sifatida tan olmagan. Xuddi shunday, Xitoy ham bu borada ehtiyotkor pozitsiyani saqlab qolmoqda. Diplomatik aloqalar, elchilar almashinuvi, rasmiy tashriflar mavjud bo‘lsa-da, to‘liq siyosiy legitimatsiya hali berilmagan.

Shu bilan birga, “Tolibon” hozirda pragmatik siyosat yuritishga harakat qilmoqda. Ular Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan tahdid bo‘lmasligini bir necha bor ta’kidlagan. Agar “Tolibon” Rossiya bilan hamkorlik qilib, mintaqaga xavf tug‘diradigan siyosat yuritsa, bu o‘z manfaatlariga zid bo‘lar edi. “Tolibon” mafkuraviy jihatdan diniy harakat hisoblanadi. Shu sababli ular o‘z e’tiqodiga qarshi siyosat yuritsa, bu ularning ichki legitimligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Hamza Boltayev: Tarixan Rossiya uzoq vaqt davomida G‘arbga intilib kelgan. Hozir ham Yevropa bilan yaqinlashish, undan ta’sirlanish tendensiyasi ma’lum darajada saqlanib qolgan. Biroq endi global iqtisodiy va texnologik markazlar an’anaviy G‘arb hududlaridan Janubi-Sharqiy Osiyoga siljimoqda.

Shu sababli Rossiya ham Xitoy, Hindiston va boshqa Osiyo davlatlari bilan uzoq muddatli iqtisodiy, harbiy-texnik va siyosiy aloqalarni rivojlantirishga majbur. Ayniqsa, Rossiyaning Janubiy Osiyo bilan aloqalari ko‘p jihatdan Markaziy Osiyo orqali amalga oshiriladi. Energetika loyihalari, harbiy standartlarning tarqalishi va xavfsizlik hamkorligi – bularning barchasi Rossiya manfaatlariga xizmat qiladi.

Bu geosiyosiy “shaxmat taxtasi”da Afg‘oniston muhim o‘rin tutadi. Afg‘oniston bilan barqaror munosabatlar o‘rnatishda Markaziy Osiyo Rossiya uchun strategik ko‘prik vazifasini bajaradi.

Hozirgi vaziyatda Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashgan. Pokiston Afg‘onistondagi ayrim qurolli guruhlarni, xususan, “Tehrike-Tolibon Pokiston” faoliyatini o‘z milliy xavfsizligiga tahdid deb biladi. Shuningdek, qochqinlar muammosi hamda chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari, ayniqsa, Dyurand chizig‘i bo‘yicha kelishmovchiliklar mavjud.

Uzoq vaqt davomida Pokiston diplomatik yo‘lni ustuvor deb bilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda harbiy choralar ustunlik qila boshladi. 2025 yil oktyabr va 2026 yil fevral oylarida amalga oshirilgan harbiy operatsiyalar Afg‘oniston hududiga, hatto Kobul atrofida ham zarbalar berilishi bilan ajralib turdi. Natijada “Tolibon” o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun muqobil hamkorlar izlashga majbur bo‘lmoqda.

Bu borada Xitoyning pozitsiyasi ehtiyotkor: u Afg‘oniston bilan aloqalarni asosan Pokiston manfaatlari prizmasi orqali ko‘radi. Pokiston harbiy-texnik ta’minotining katta qismi Xitoyga bog‘liq ekanini hisobga olsak, “Tolibon” uchun Rossiya muqobil hamkor sifatida ko‘rinadi.

Shu nuqtayi nazardan, Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda Rossiya va Xitoy o‘rtasida yashirin raqobat mavjud bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik Xitoy uchun asosiy tahdid AQSh deb hisoblaydi, ammo uzoq muddatli istiqbolda Hindistonning iqtisodiy, demografik va siyosiy salohiyati ham muhim omil hisoblanadi. Ayniqsa, Hindistonning Rossiya bilan energiya va harbiy-texnik sohalardagi hamkorligi Xitoy uchun strategik muvozanat masalasini yuzaga keltiradi.

Pokiston uchun esa asosiy tahdid Hindistondan keladi. Shu kontekstda Afg‘oniston va Hindiston o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishi Pokiston manfaatlariga zid hisoblanadi. Masalan, Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiyning Hindistonga tashrifi va ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning jonlanishi Pokistonda xavotir bilan qabul qilinmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Rossiya va “Tolibon” o‘rtasidagi yaqinlashuv hozircha Markaziy Osiyo uchun bevosita tahdid darajasiga yetgani yo‘q. Biroq mintaqadagi murakkab geosiyosiy raqobat va xavfsizlik muammolari sababli bu masala doimiy e’tibor talab qiladi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid