O‘zbekiston | 18:40 / 05.02.2021
16881
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Farg‘onadagi qurilish loyihalarini ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahri Tarona ko‘chasida qurilgan 16 qavatli yangi uy-joylarni borib ko‘rdi.

«Ma'lumki, Farg‘ona mamlakatimizning aholi eng zich joylashgan shaharlaridan. Shu bois bu kabi zamonaviy ko‘p qavatli uylar aholining o‘sib borayotgan talabini qondirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xususan, mazkur 2ta 16 qavatli uyni qurish uchun 11 sotix yer kifoya qildi. Endi bu yerda 160 ta oila yashaydi. Xonadonlarning bir qismi ijtimoiy himoyaga muhtojlarga topshiriladi.

Qurilishda seysmologiya va zamonaviy arxitektura talablariga alohida e'tibor berilgan. Energiya tejovchi, sifatli materiallardan foydalanilgan. Uylarning yonida bolalar o‘yin maydonchasi, mashinalar turargohi bor. 420 o‘rinli maktab barpo etilgan. 380 o‘rinli bolalar bog‘chasi qurilmoqda», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbari Farg‘ona tumani «Ilg‘or» mahallasiga borib, ichki yo‘llarni arzon qurishga oid andozalarni ko‘zdan kechirdi.

Yurtimizda 39 ming kilometrga yaqin ichki yo‘llar tuproqli. Ilgari qurilgan ko‘chalarning ham ko‘pi o‘ydim-chuqur bo‘lib, yaroqsiz holga kelgan. Ushbu barcha yo‘llarga asfalt yotqizish juda qimmatga tushadi.

Shu bois qum-shag‘al, ohak tosh, chaqiq tosh, sement kabi mahalliy materiallar aralashmasidan 5 xil qoplama varianti tayyorlangan.

Shavkat Mirziyoyev ushbu namunalarni ko‘zdan kechirdi. Soha mutaxassislari yo‘l qoplamalarining tarkibi, tannarxi, sifati bo‘yicha ma'lumot berdi.

Prezident bu ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlab, ularni muhandislik jihatidan takomillashtirish, xomashyo zaxiralari va zarur texnikalarni aniq hisob-kitob qilib, eng ma'qulini tanlash kerakligini ta'kidladi.

Prezident viloyatga safarini yakunlab, Toshkentga qaytdi.

Mavzuga oid