Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Inson organlari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiy guruhga hukm o‘qildi
12 kishidan iborat jinoiy guruh sog‘lom fuqarolarni mo‘may pul evaziga o‘z organini sotishga qiziqtirib kelgan. Guruhning 2023-2025 yillardagi faoliyati davomida 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar to‘qimalari ko‘chirib o‘tkazilgan. Jarrohlik amaliyotlari qo‘shni davlatdagi xususiy klinikada amalga oshirilgan.
Foto: IIV
Inson organlari va to‘qimalari savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan guruh a’zolari jinoiy jazoga tortildi. Bu haqda Kun.uz’ga Toshkent shahar sudlari matbuot xizmati xabar berdi.
Toshkent shahri, Toshkent, Farg‘ona, Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi 12 nafar fuqarodan (4 nafari ayol) iborat jinoiy guruh ijtimoiy tarmoqlar orqali buyrak va jigar kasalliklaridan aziyat chekayotgan bemorlarni topgan. So‘ngra sog‘lom fuqarolarni mo‘may pul evaziga o‘z organini sotishga qiziqtirgan. Shu tariqa chet eldagi tanishlari yordamida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni qalbakilashtirish orqali ularni go‘yoki qarindosh sifatida ko‘rsatgan va qo‘shni davlatlarning biridagi xususiy klinikada jarrohlik amaliyotlarini amalga oshirgan.
Uyushgan jinoiy guruhning 2023-2025 yillardagi faoliyati davomida 32 nafar bemorga buyrak yoki jigar to‘qimalari ko‘chirib o‘tkazilgan. O‘z navbatida, bemorlardan olingan katta miqdordagi pul mablag‘larining ma’lum bir qismi operatsiya uchun xususiy klinikaga hamda donorlarga berilgan, qolgani esa o‘zaro taqsimlangan.
Guruh a’zolariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi JIB Yakkasaroy tuman sudida sudya Azimjon Hakimov raisligida ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Jinoiy guruh a’zolari Jinoyat kodeksining 133-1-moddasi (inson a’zolarining va (yoki) to‘qimalarining oldi-sotdisi), 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish), 246-moddasi (kontrabanda) va 273-moddasida (giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topildi.
Sudlanuvchilarning 8 nafariga 3 yil 1 oydan 10 yil 1 oygacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Qolgan sudlanuvchilarga ozodlikni cheklash hamda axloq tuzatish ishlari bilan bog‘liq jazolar qo‘llandi.
Avvalroq ushbu jinoiy guruh faoliyati fosh etilgani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
09:02 / 30.12.2025
Toshkent shahar hokimining transport va yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha o‘rinbosari tayinlandi
14:14 / 28.12.2025
Qashqadaryodagi dahshatli avtobus halokati, 26 qurbon va 2 ming so‘m “pora” – sudlangan IIB xodimi 16 yildan so‘ng oqlandi
12:40 / 26.12.2025
“Toshkent–Samarqand” yo‘nalishida yuqori tezlikdagi poyezdlar uchun yangi liniya quriladi
23:34 / 25.12.2025