Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suriyaning vaqtincha prezidenti Rossiyadan Bashar Asadni topshirishni so‘ramoqda
Ommaviy qatllar va qiynoqlar uchun mas’ul bo‘lgan suriyalik yuzlab sobiq harbiylar Moskvadan panoh topgan.
Foto: Al Jazeera
Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Shar’a 15 oktyabr kuni Moskvaga tashrif buyurdi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Suriyadagi sobiq rejim davrida tuzilgan barcha kelishuvlarni hurmat qilishiga ishontirdi. Ya’ni, u Rossiya qo‘shinlaridan Tartus va Xmeymimdagi bazalarini tark etishni talab qilmaydi – bular Rossiyaning Yaqin Sharqdagi eng muhim nuqtalari va uning Afrikadagi operatsiyalari uchun logistika markazlari hisoblanadi.
Reuters manbalariga ko‘ra, Shar’a yopiq eshiklar ortida 2024 yil dekabrida hokimiyatdan ag‘darilganidan keyin Rossiyadan boshpana olgan Suriya diktatori Bashar Asadning ekstraditsiyasini talab qilgan. 2025 yil sentabrida Suriyada uni hibsga olish uchun order berilgandi. Shar’aning tashrifi yakunlari bo‘yicha Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov shunday dedi: «Asad bo‘yicha biz bu kontekstda xabar beradigan hech narsa yo‘q».
Rossiya Asadning asosiy ittifoqchisi bo‘lgan va Suriyada 2011 yilda boshlangan (va haligacha oxirigacha yetmagan) fuqarolar urushi paytida unga hokimiyatni saqlab qolishda yordam bergan. Diktator taxtdan ag‘darilganda esa, Rossiya unga siyosiy faoliyatdan voz kechish sharti bilan boshpana berdi.
Bashar Asad bilan birga uning rafiqasi Asma ham Moskvaga ko‘chib o‘tgan. Ularning to‘ng‘ich o‘g‘li Hafiz o‘z vaqtida Moskva davlat universitetida tahsil olgan. 2024 yil kuzida, otasi hokimiyatdan chetlatilishidan biroz oldin u matematika bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagandi. Asadning yana ikki farzandi – qizi Zayn hamda o‘g‘li Karim ham Moskvada.
Asadlar oilasi «Moskva-Siti»da 18 ta kvartiraga ega. U Suriyadan kamida 250 million dollar naqd pul olib chiqib, Rossiya banklariga joylashtirgan.
Sobiq diktatorning ukasi Mohir Asad ham Moskvada yashaydi. Ilgari u Suriya Arab armiyasining (bu Asad rejimining qurolli kuchlari) 4-zirhli diviziyasiga – Suriya qo‘shinlarining elita bo‘linmasiga qo‘mondonlik qilgan. Bundan tashqari, Mohir Asad Yaqin Sharqda keng tarqalgan sintetik giyohvand modda – kaptagonni ishlab chiqaradigan va sotadigan davlat narkokartelining amaldagi rahbari edi.
Die Zeit ma’lumotlariga ko‘ra, Bashar Asad Moskvada vaqtini asosan videoo‘yinlar bilan o‘tkazadi, Mohir Asad esa Four Seasons mehmonxonasida (sobiq «Moskva» mehmonxonasi) yashaydi, u bu yerda ichish va chilim chekish bilan mashg‘ul.
Die Zeit nashri hozirda Yevropada yashayotgan, sobiq yuqori martabali suriyalik harbiyga tayanib yozishicha, Asad rejimi qulaganidan keyin Rossiyaga 1200 ga yaqin sobiq suriyalik zobit kelgan. Ular ham xuddi Asadlar oilasi singari, Suriya sobiq rejimi ko‘p jihatdan tayangan diniy ozchilik bo‘lmish alaviylarga mansub.
The New York Times ulardan ba’zilarining shaxsini aniqladi. Xususan, Asadlar rejimi bosh shtabi boshlig‘i va mudofaa vaziri Ali Ayyub ham Moskvada yashamoqda. U fuqarolar urushi davrida Suriya arab armiyasining harakatlariga boshchilik qilgan, bu esa shaharlarni o‘qqa tutish va taqiqlangan qurollarni, shu jumladan kimyoviy qurollarni qo‘llash uchun javobgarligini anglatadi.
Suriya arab armiyasi bosh qo‘mondonining sobiq o‘rinbosari, keyinchalik mudofaa vaziri bo‘lgan Ali Abbos ham shu yerda. Asad rejimidagi harbiy razvedkaning so‘nggi rahbari Kamol al-Hasan ham Moskvada, boshqa narsalar qatorida Sednaya qiynoq qamoqxonasi ham uning nazoratida bo‘lgan.
Shuningdek, Asadlarning «Baas» partiyasi tarkibidagi tuzilma, Suriya maxsus xizmatlari faoliyatini muvofiqlashtirgan Milliy xavfsizlik byurosining kamida ikki sobiq rahbari ham Rossiyada yashaydi. Bular Ali Mamluk va Kifo Malhamdir. Ushbu tashkilotning yana bir sobiq rahbari Muhammad Zaytun ham Suriyadan qochib ketgan, ammo u hozir qayerda ekani aniq emas.
Moskvada Damashqdagi Asadga qarshi namoyishlarni bostirish, jumladan, 2012 yil avgustida Suriyaning Dara shahrida (Suriya janubi-sharqida) sodir etilgan qotilliklar uchun mas’ul bo‘lgan sobiq zobitlar ham yashaydi. O‘shanda hukumat qo‘shinlari shaharni artilleriyadan o‘qqa tutgan va havodan bombardimon qilgan, keyin esa ommaviy qirg‘inlar bilan birga «tozalash» o‘tkazgandi. O‘shanda besh kun ichida 700 dan ortiq odam halok bo‘lgan. Operatsiyaga Mohir Asad, uning o‘rinbosari Aus Aslan va general-mayor Kaxtan Xalil (keyinchalik Harbiy havo kuchlari razvedka boshlig‘i) rahbarlik qilgan – ularning barchasi Rossiyadan boshpana topgan.
Hozir Moskvada yashayotgan yana bir kishi Suhayl al-Hasandir. U Asad armiyasining maxsus kuchlariga qo‘mondonlik qilgan, fuqarolar urushi paytida Idlib va Halab viloyatlarida operatsiyalarni boshqargan va kimyoviy qurol qo‘llash, shaharlarni o‘qqa tutish hamda ommaviy qirg‘inlar haqida buyruqlar bergan. The New York Times nashri qayd etishicha, u o‘z harakatlarini mintaqadagi Rossiya kuchlari bilan puxta muvofiqlashtirgan.
Mavzuga oid
19:41 / 17.12.2025
«U endi Putinga kerak emas». The Guardian Bashar Asadning Moskvadagi hayoti haqida yozdi
13:16 / 10.12.2025
Asad va Putinsiz bir yil. Yangi hukumat Suriyani qayerga olib bormoqda va buyog‘iga nima bo‘ladi?
10:14 / 08.12.2025
“Asadsiz kelajak” shiorlari ostida: Germaniyada suriyaliklarning ommaviy aksiyasi
18:41 / 15.11.2025