Oramizdagi odamlar: Sinovlardan qo‘rqmaydigan Dilorom
Dilorom Abdunabiyeva yolg‘iz o‘zi olti jon uchun mas’ul: nogiron opasi, ikkinchi turmushga chiqib ketgan opasining 4 farzandi va o‘zining bir nafar bolasi uning qaramog‘ida. U qiyinchiliklarga qaramay bolalarni ko‘chada qoldirmadi.
Dilorom Abdunabiyeva asli Oltiariq tumanidan. Ayni paytda Farg‘ona shahrida yashaydi. Oilaning kenjasi bo‘lgan Dilorom 2 yoshidayoq ota mehridan ayrildi. Ota 8 farzandini tashlab ketdi. Shundan keyin oila parokanda bo‘ldi. Egizak qizlarining biri nogiron tug‘ilgach, ona uni davolatish uchun hovlisini sotishga majbur bo‘ldi.
Kenja farzand Diloromning turmushi esa o‘xshamadi. U hozirda o‘z qizi, nogiron opasi, turmushga chiqib ketgan opasining 4 farzandi bilan ijara uyda yashaydi.
“Oilada 8 farzand edik, eng kattamiz o‘g‘il bo‘lgan, kenjasi men edim. Onam hammamizni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazdi. Fotima opam nogiron edi... Qiynalganmiz, bobomlar, qarindoshlar yordam berib turgan. Vaqt o‘tib hammamiz har yoqqa tarqalib ketdik. Otamning qayerda ekanini, bu dunyoda bor yoki yo‘qligini hech birimiz bilmaymiz. Onam ham ota, ham ona bo‘ldi.
Otam tashlab ketgan paytda men 2 yashar edim. Nogiron tug‘ilgan Fotima opamni davolatish uchun onam yelib yugurdi. Eslayman – ko‘pincha meni katta opamga tashlab ketardi.
Bir onadan qaysi farzandingizni ko‘proq yaxshi ko‘rasiz, deb so‘rashganda, qaysi biri safarda bo‘lsa, safardan qaytguncha o‘shani. Bemor bo‘lsa, tuzalguncha o‘sha bolamni ko‘proq yaxshi ko‘raman, degan ekan. Onam ham xuddi shunday edi. Nogiron Fotima opamni elga qo‘shaman deb uylarni sotdi, hech narsasiz qolgan paytlar bo‘ldi, onam yolg‘iz boshi bilan barchasiga chidadi. Opam o‘zi tug‘ilish paytida nogiron bo‘lib qolgan ekanlar. To‘g‘ri, hozir opam o‘zi mustaqil ko‘cha-ko‘yda yurolmaydi, lekin yetaklasak bemalol harakatlanadi, Xudoga shukr, shunchalik bo‘ldi.
Gohida onam qizim, seniyam qiynab qo‘ydim, go‘dakligingda yaxshi qarolmadim, xafamasmisan, deydi. Onadan xafa bo‘lib bo‘larkanmi, baxtimga bor bo‘ling, deyman».
31 yoshli Dilorom xolasiga kelin bo‘ldi. Lekin turmushi uzoqqa cho‘zilmadi. Ikkinchi turmushidan qizli bo‘ldi. Dilorom hozirda qizi bilan birga opasining 4 farzandiga ham qaraydi. U kuchni nogiron opasi va shu norasidalardan oladi.
«Qiz bola palahmon toshi, deyishadi-ku, men ham shunday bo‘ldim. Yaxshi eslayman, bir kuni xolam uyimizga chiqib, opa, shu qizingizni menga kelin qilib bering, deb qoldilar. Onam bo‘lsa hali bu qizim yosh, erka, olti opasi ortidan ish qilmay o‘sdi, turmushga tayyormas, dedilar. Xolam esa berasiz deb turib oldi. Onam rozi bo‘ldi, oraga buvim ham qo‘shildilar.
Xolamga kelin bo‘ldim. Lekin turmushimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Besabab janjallar bo‘ldi. Shundan keyin ro‘zg‘orimni alohida qilishdi. Farg‘onaga keldim. Sekin-sekin xolam o‘g‘lini yubormay qo‘ydi, boshqa qizga uylantirdi keyinchalik.
Shu orada bir odam menga ko‘ngil qo‘ydi, rozilik so‘radi turmush qurishga. Ikkinchi turmush qildim, yaxshi yashadim, lekin meni aldab yurgan ekan, uyiga olib bormadi, alohida yashadik. Opam ham birinchi turmushidan ajrashib, ikkinchi turmush qildi. Nikohdan o‘tib olguncha opamning birinchi turmushidan bo‘lgan farzandlarini qabul qilaman deb turgan xo‘jayini opamning bo‘yida bo‘lgach, bolalarni yo‘qot deb turib oldi. Opam rosa kurashdi, lekin oxiri ilojsiz 4 bolasini mehribonlik uyiga topshirdi. Opamning farzandlarini asrab oldim. O‘sha vaqtda o‘zimning farzandim yo‘q edi, ammo 9 yil deganda qizli bo‘ldim, Allohga shukr.
Opamning 4 farzandi, o‘zimning farzandim, nogiron opamga qarayman hozir. Bundan mamnun bo‘laman, kuch olaman. Odamlar qayerdan kuch topasan, deb so‘rab qoladi, men shu farzandlarimdan olaman kuchni. Opamning farzandlarini turmush o‘rtog‘i qabul qilmagach, ularni men ham ko‘ksidan itarsam bo‘lmasdi, bu to‘g‘ri emas. Boshqa qayerga ham borishadi? Turmush o‘rtog‘im boshida qabul qildi ularni, lekin o‘zim homilador bo‘lgach, ulardan kech, dedi. Yo‘q, dedim. Axir bular bola-ku. Sen bilan yashamayman, dedi, xo‘p, dedim men ham. Allohga topshirdim».
Diloromning norasidalarga non, uy egasiga esa ijara puli topib bera olmagan paytlari ko‘p bo‘ldi. U shunda ham ko‘ngli o‘ksik bolalarga bor mehrini berdi.
«Kunim bomdod namoziga turish bilan boshlanadi. Bolalar ham turib nonushta tayyorlashadi, uyni yig‘ishtirishadi. Birgalashib choy ichamiz. Dars qilishadi, yordam beraman. Ba’zida ko‘chaga chiqishganida ko‘ngli o‘ksib qoladi bolalarning. Kimning otasi erkalayotgan bo‘ladi, nimadir olib berayotgan... Uyga kelib o‘ksiganini, yig‘laganini aytmaydi, baribir bilinadi. Nima bo‘ldi, deb so‘rasam, hech narsa, deb qo‘yishadi.
Ba’zida bolalarga non topib berolmagan paytlarim bo‘lgan. Hech esimdan chiqmasa kerak, yangi yil bayramida yeyishga hech narsa topolmaganman. Odamlar qanday bayram qiladi bu kunni... Katta o‘g‘lim ko‘zimga qarab turib «Opa, hali hamma narsamiz bo‘ladi...» degan. Hammasi o‘tib ketadi, bolam, deb qo‘yganman. Qo‘shnim bir bo‘lak tort bilan ikkita non ko‘tarib chiqib qoldi. Bolalarim shunday xursand bo‘lib ketgan, biznikida ham bayram bo‘larkan, deb. Bolalarimning shukrona keltirishiga o‘shanda guvoh bo‘lganman.
Ijara pulini berolmagan, qarz bo‘lib qolgan kunlarim ko‘p bo‘lgan. Ko‘chada qolganman. Bolalarimni bir kungina qarab turing deb opamnikida qoldirganman. Bolali odam hech qayerga sig‘maydi. Unga-bunga chopganman, onamga biroz pul kerak bo‘lib qoldi deb pensiyalaridan olganman. Lekin shundayam ko‘chada qoldik deb aytolmaganman. Bir narsa ko‘rib qoldim, yaxshi ekan, shuni olmoqchiman, deganman xolos. Bir kun ko‘chada yotganman.
Uy qidirdim. Erkak kishi uchrab qolsa yomon ko‘z bilan ham qaraydi. Yolg‘iz ayolga yomon niyat bilan qarashar ekan bu odamlar. Yomon yo‘lga boshlamoqchi ham bo‘lishgan, yo‘q deganimdan keyin bo‘lmasa, eshikma-eshik yurma, erga teg deb zarda qilishgan. Shunaqa paytlar ham bo‘lgan».
***
«Onam 900 ming pensiya oladi. Har oy pensiyalari tushganda bozorlik qiladi. Oldin ijaraga ko‘p ketardi. Bolalarim bir oyoq kiyimni 3 kishilashib almashib kiygan paytlari bo‘ldi... Xudoga shukr, opamning bolalari meni o‘z onasidek qabul qilishdi. Katta o‘g‘lim ehtiyotkor, kechki payt ko‘chaga ham chiqarmaydi.
Endi shu farzandlarimni voyaga yetkazib, eliga, yurtiga foydasi tegadigan yigit-qizlar qilib ulg‘aytirish niyatidaman. Baxtini, kamolini ko‘rish nasib etsin. Opamni ham yana davolatarmiz hali. «Bolajon dunyosi» xayriya fondida ishlaydigan bir kishi bor, Qurbon hayiti arafasida ehson tarqatib yurganlarida tanishib qolganmiz. O‘sha fondga a’zo bo‘lishni aytganlar, a’zo bo‘ldim. Yordam qilamiz, deyishdi. Salomat bo‘lsin shu inson, qo‘llaridan kelgancha ko‘p yordam qildi. Xudoga shukr, hozir yaxshi yashayapmiz.
Bolalarim meni ruhlantiradi, kuch beradi. Bolalar shundayki, ular kulganda kulasiz, yig‘laganda yig‘laysiz. Doim ularga tasalli berishga, yig‘latmaslikka harakat qilaman. O‘qishga qiziqtirishga harakat qilaman. Maktabdan «5» baho olib kelishini o‘zimga mukofot deb qabul qilaman, ular ham shu tariqa meni xursand qilishga harakat qiladi. Past baho olib kelishsa ham, ularni ruhlantirib, yaxshi gapiraman. Beg‘uborlik bilan xafamasmisiz, deb so‘rab qolishadi, keyin ertasiga, albatta, «5» olib kelishadi.
Men ko‘rgan qiyinchiliklarni, og‘ir kunlarni bular ko‘rishini istamayman. Ba’zida yig‘lasam, ko‘z yoshimni bolalarimga ko‘rsatmaslikka harakat qilaman. Qiynalib ketgan paytlarim pana-panada yig‘lab olaman. Otasini sog‘inadi bolalar, sezaman, lekin aytisholmaydi. Qaysi bola sog‘inmas ekan. Otamni ko‘rmagan bo‘lsam ham, men sog‘inaman-ku hatto.
Yuqorida aytganimday, Hayit bayrami kunlarida «Bolajon dunyosi» xayriya fondi ehson tarqatdi. Hayotimda o‘zgarish bo‘lgan o‘sha kunlari. Bolalarga maktab boshlanishi oldi fonddagi boyagi kishiga murojaat qildim. Bolalarimning ust-boshida kamchiliklar bor edi. Kelib ko‘rdilar sharoitimizni. Keyin bolalarning kiyimiga, o‘quv qurollariga yordam berdilar. Bundan tashqari, Fotima opamga ham yordam berishni aytdilar, dushanba kundan shifokorga boramiz yana. O‘sha insondan juda minnatdorman, ishlariga rivoj bersin.
Qizim Shahina matematika kurslariga boryapti, Moskvadagi bir opa yordam beryapti. Ulardan ham juda minnatdorman. Boshqa farzandlarimni ham tayyorlov kurslariga bermoqchimiz. Hayot oldinda. Men mana shu bolalar uchun ham yashayapman, hali hammasi yaxshi bo‘ladi”.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid
15:00 / 24.07.2024
Sabrning mukofoti: 7 yetim qizning onasi eski “Kombi” o‘rniga yangi “Damas”li bo‘ldi
16:23 / 07.07.2024
Oramizdagi odamlar: “Moskvich” boshqarib ro‘zg‘or tebratayotgan sahobalik ayol
11:56 / 10.03.2024
Oramizdagi odamlar: arava tortib Umraga borgan otaxon
16:38 / 01.12.2023