O‘zbekiston | 12:01 / 21.11.2023
31392
7 daqiqa o‘qiladi

Oltiariqda adirlikka barpo qilingan uzumzorning katta qismi qurib bitdi: aybdor hamma va hech kim

2022 yilda Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida ming gektarlik adir uzumzorga aylantirilib, yosh oilalarga 20-25 sotixdan, 3 yillik imtiyoz bilan 7 yilga, 14 foizli kredit asosida taqsimlab berilgan edi. Tahririyatga uzumzor ayni paytda abgor holatda ekani, hatto ayrim yerlarga tok ko‘chati ekilmay qolib ketgani, o‘tgan yoz faslida suv berilmasligi oqibatida ko‘chatlar qurib ketgani haqida murojaat kelib tushdi. Kun.uz muxbiri holatni o‘rgandi.

Surishtiruv davomida ayrim joylarda haqiqatan ham toklar ko‘karganini guvohi bo‘ldik.

Lekin umumiy maydonning aksariyat qismiga ko‘chat ekilmagan, bori ham qurib yotardi.

Ma’lum bo‘lishicha, adirlikda tokzor barpo etish uchun 102 mlrd so‘m (73 mlrd Agrobank ATB, 18 mlrd mahalliy budjet mablag‘lari, 1 million dollar jahon banki grandi) mablag‘ jalb etilgan.

Adirlikdan yer olgan murojaatchilar holatni so‘zlab berdi.

“Bog‘ uchun ajratilgan yerdan olgan edik. Boshida maqtashgan edi, uzum yaxshi bo‘ladi, suv uzilmaydi deyishgandi. Ammo kamchiliklar yetarli bo‘ldi. Eng avvalo, suv muammo bo‘lyapti, ko‘chatlar qurib ketyapti. Shartnomada ko‘rsatilgandek sharoit yo‘q, lekin har oy to‘lovlarini to‘lab turibmiz. Mablag‘imizga kuyib qolyapmiz.

Aytganimdek, asosiy muammo suvda bo‘lyapti. Nasoslar ham juda ko‘p buziladi. Suv so‘rasak, nasos buzilgan, deydi. O‘zim olgan joy quruq yer edi, uzum ekib beramiz deyishgan, ammo haliyam tok ko‘chatidan darak yo‘q. Shartnomada ko‘rsatilganidek tok ko‘chati ekib berishmadi hatto. O‘zim yonimdan ekkan ko‘chatlar suvsizlikdan qurib yotibdi. Umuman talab darajasida emas. Ta’minotchilar yaxshi ishlamaydi. Yo‘l bo‘yidagi ko‘zga ko‘rinadigan joylar yaxshi bo‘lib turibdi shunchaki, lekin ko‘zdan pana joylarda ahvol yomon.

20 sotixdan ikkita joy olganman. Toklar bo‘ladi deyishgan, lekin yo‘q edi. O‘zim ko‘chat sotib olib ekdim, ammo suvsizlikdan qurib boryapti. Oyma-oy to‘lovlarni to‘layapmiz. To‘layotgan pulimga achinaman. Har bir lot uchun 350 ming so‘mdan to‘layman, 3 yil imtiyozli davr, 3 yildan so‘ng, ikki barobar to‘laymiz. 25 foizcha joyda uzum yaxshi, unda ham yo‘l bo‘yidagi joylar, qolgan joylarda uzum ham ekilmagan, shartnomalar talablariga mos emas”, – deydi murojaatchilardan biri.

Quruq yer uchun bankka kredit to‘lab yotibmiz...”

«Biz ham shu uzumzorga qiziqib 20 sotix yer olgan edik. Lekin ta’minotda kamchilik ko‘p. Simlar yaxshi tortilmagan, bo‘sh. Boshida ko‘chatlar ekilgan, yaxshi edi. Lekin suv bo‘lmay uzumlar qurib qolaverdi. Mirobdan suv so‘rasam, navbati bilan ichyapti, deydi, lekin navbat ham kelmaydi. Faqat yo‘l yoqasi yaxshi suv ichib ko‘karib turibdi xolos.

Bankka oyma-oy to‘lovlarni qilyapmiz. Sal vaqtidan o‘tsa, birdan eshik taqillatib kelishadi bank xodimlari. Lekin bu yerda ahvol chatoq. Suv bo‘lmagandan keyin mehnat qilganning foydasi yo‘q. Bo‘lsa 30 foiz uzum ko‘kargan umumiy yerlarda. Atrofimdagi tokzorlar suvsizlikdan qurib yotibdi. Boshida suvdan muammo bo‘lmaydi, hamma sharoitni qilib beramiz, deb katta va’da berishgan edi”, – deydi yana bir murojaatchilardan biri.

Tok ko‘chati ekib berishga mas’ul bo‘lgan Homidjon Aminjonov murojaatchilardan farqli o‘laroq ko‘chatlar qurib ketishida tomorqa egalarini aybladi.

Homidjon Aminjonov

“Ziyo” MChJ rahbari Homidjon Aminjonov adirlikda haqiqatan ham tok ko‘chati ekilmagan joylar ham borligi, bunga sabab suvdan muammo bo‘lgani, ba’zilar tok emas, boshqa ko‘chat ekaman degani uchun ko‘chat pulini ham qaytarib berganini ta’kidladi. Tok ekib berishga mas’ul shaxsning qo‘shimcha qilishicha, toklarning qurib ketishiga tomorqa egalarining yerni qarovsiz qoldirgani sabab bo‘lgan.

Oltiariq tumani fermerlar kengashi rahbari Akmaliddin Mullajonovdan holat bo‘yicha izoh oldik.

Akmaliddin Mullajonov

“Bog‘ni sug‘orish uchun 5 ta hovuzda suv bor, nasoslar ishlayapti. 4 ta kooperatsiya tashkil qilingan. Ularning vazifasi o‘zlariga ajratilgan lotlardagi muammolarni hal qilish, ya’ni tokida, suvida muammo bo‘lsa. Grafik asosida har bir lotga 3 kunda bir marta 3-4 soatdan suv beriladi.

Lekin ishlab daromad qilaman degan kishilar yaxshi hosil olishyapti. Qo‘shimcha ekinlar ekishyapti tok oralariga. Yerni e’tiborsiz qoldirgan dehqonlarninggina toki qurib ketgan.

Ko‘chatlar ekilyapti. Ko‘chat bo‘yicha kooperatsiya bor, ular kam joylarni to‘ldirishyapti, qurib qolgan ko‘chatlar o‘rnini ham ekib berishyapti. Hali ko‘chat ekilmagan joylar yaqinda olingan joylar, egasi bo‘lmagan ularning. Ularga noyabr oyidan ko‘chat ekiladi.

Ba’zi joylarda suv olishda joy egalari boshqa tomonning suv quvurini uzib qo‘yib, qayta ulamayapti, shuning uchun boshqa lotga suv o‘tmay qolayotgan holatlar bo‘ldi. Lekin hozir suv bo‘yicha ham kooperatsiya tashkil qilingan, ular o‘zlari nazorat qilyapti. 90 foiz atrofida uzumlar ko‘klab turibdi”, – deydi u.

Fermerlar kengashi raisi toklarning qurib qolishida tomorqa egalarini ayblagan bo‘lsa, murojaatchilar o‘tgan yoz oylarida o‘zlariga ajratib berilgan yerga umuman suv berilmagani, buning natijasida esa uzum ko‘chatlari qurib bitganini aytishdi.

Murojaatchilarning qo‘shimcha qilishicha, shartnomada ko‘rsatilgan ko‘chatni ekib berishni oylab paysalga solib kelayotgan pudratchi Kun.uz surishtiruvidan keyingina harakatga tushib qolgan.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid