57 yildan so‘ng qayta “tirilgan” bog‘cha: Toshkentdagi muassasa ta’mirdan so‘ng qanday o‘zgardi?
Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan 71-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti 1966 yilda qurilgan. Shundan buyon muassasa umuman kapital ta’mirlanmagan edi. 2023 yildagi 4 mlrd so‘mlik kapital ta’mirdan bolalar bog‘chasi butunlay o‘zgardi.
Binoning devorlari eskirgan, poydevorida zaxlash alomatlari yuzaga kelgan. Oynalar eski yog‘och romlarga mixlangani sabab, xonalarga shabada kirib turgan. Natijada qishda xonalar yaxshi isimagan. Bog‘cha ichki qismidagi yog‘och pollar nimjonlashib, ba’zi joylari cho‘kib ketgan. Hojatxona hamda yuvinish xonalari yaroqsiz holga kelgan.
Muassasa hovlisidagi asfaltlangan piyoda yo‘llarida cho‘nqirlar hosil bo‘lgan va tarbiyalanuvchilarning erkin harakat qilishiga to‘sqinlik qilgan.
Mavjud holatlar hisobga olinib, Shayxontohur tumanida joylashgan 71-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida 2022 yil 19 dekabr sanasidan kapital ta’mirlash ishlari boshlandi. Tashkil etilganidan buyon roppa-rosa 56 yil o‘tib, ilk bor to‘liq ta’mirdan chiqqan ushbu dargohni sayqallash ishlari 2024 yil boshida yakunlandi. 4 mlrd so‘m hicobiga ta’mirlangan mazkur maktabgacha ta’lim muassasasi joriy yil fevral oyidan bolajonlarni o‘z bag‘riga chorlay boshladi.
– Bog‘cha quvvati 360 ta bolaga mo‘ljallangan. Jami 12 ta guruh ochiladi. Har bir guruhga 30 nafardan bola qamrab olinadi. Yoshiga qarab, bolalar kichik, o‘rta, katta va tayyorlov guruhlariga ajratiladi. Kichik guruhga 2020-2021 yilda, o‘rta guruhga 2019 yilda, katta guruhga 2018 yilda, tayyorlov guruhlariga 2017 yilda tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.
To‘lovlar bitta bolaga 246 ming, agar bir oiladan ikkita bola qatnaydigan bo‘lsa, 175 mingdan. Kam ta’minlagan va boquvchisini yo‘qotganlarga imtiyozlar ham bor. 1 fevral sanasidan qabulni ochiq deb e’lon qildik, hozirgacha 145 bolani oldik, – deydi maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Shohida Qodirova.
Muassasada bolalarning ijodiy qobiliyatini o‘stirishga qaratilgan turli burchaklar yaratilgan. Har bir guruh zamonaviy o‘quv qurollari bilan jihozlangan. O‘quv maydonlari – yorug‘, yotoqxonalar shinam va toza, yuvinish xonalari gigiyena talablariga muvofiq tarzda ta’mirlangan.
Bundan tashqari, maktabgacha ta’lim tashkilotida sayr qilish uchun bog‘, o‘yin attraksionlari, futbol maydoni, suzish havzasi barpo etilgan.
Muassasada bolalarga 3 mahal, maxsus retsept asosida taomnoma tortiq etiladi. Taomlar SES tomonidan tasdiqlangan 10 kunlik ovqatlar rejasi asosida tayyorlanadi.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasining aytishicha, avval 3 ta tashkilot bitta isitish tizimidan foydalanar edi. Kapital ta’mirdan so‘ng, bog‘cha uchun alohida qozonxona qurilgan va shu orqali elektr yoki gaz bo‘lmaganda, ko‘mir bilan bog‘chani isitish imkoniyati yaratilgan.
Ma’lum qilinishicha, ta’lim tashkiloti hovlisida mevali bog‘ tashkil etish rejalashtirilyapti. Hozirda bog‘cha hududiga jami 700 ta nihol qadalgan.
Bog‘chaga farzandlarini olib kelayotgan ota-onalar yangi ta’mirlangan muassasada xonalar issiq va zamonaviy talablarga mosligini ta’kidlashgan.
Diyoraxon Nabijonova tayyorladi.
Operator: Javohir G‘ayratov
Montaj ustasi: Nizomjon Toshpo‘latov
Mavzuga oid
18:14 / 27.12.2024
Dunyodagi havosi eng iflos shahar – Toshkent havosida PM2,5 zaharli zarrachalari me’yordan 29 marta oshdi
08:01 / 27.12.2024
Toshkent havosining iflosligi bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinni egallab turibdi
19:52 / 26.12.2024
“Avtobuslar uchun 100 ta kamera”: ular Toshkentda jamoat transportiga ajratilgan alohida yo‘lakdagi qoidabuzarliklarni qayd etadi
14:55 / 26.12.2024