Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Koreyada halol mahsulotlar onlayn-do‘koni – “Bozoraka” asoschilari bilan intervyu
Musofir yurtda yashashning o‘ziga yarasha baland-pastliklari, qiyinchiliklari borligi hech kimga sir emas. Chet elda yashash, mehnat qilish va shu davlatning turmush tarziga moslashish uchun insondan katta sabr, qanoat, hushyorlik talab etiladi.
Janubiy Koreyada yashovchi yurtdoshlarimizdan “Sizlarni bu yerda eng ko‘p qiynaydigan narsa nima?” deb so‘rasangiz, ko‘pchilik bu savolga dastlab til, keyin esa halol mahsulotlarni qidirish, deb javob berishadi. Chindan ham, Koreyada bundan 6-7 yillar avval yashaganimda halol go‘sht va taomlarni topish katta muammo edi. Hozir esa mehnatsevar hamyurtlarimiz tufayli Koreyaning istalgan burchagidan halol mahsulotlarga buyurtma berish mumkin.
“Bozoraka” ham 2016 yildan beri o‘zbekistonlik vatandoshlarimiz va boshqa millatga mansub musulmon do‘stlarimizga eng sara, halol mahsulotlarni yetkazib kelayotgan ommabop onlayn-do‘konlardan biri sanaladi. Aslida o‘z ishini Seulning Dongdemun rayonida oddiy do‘kon sifatida boshlagan mazkur loyiha keyinchalik xizmat ko‘rsatish uslubini raqamlashtirish hamda mahsulotlar turini kengaytirish orqali katta startap kompaniyaga aylandi.
Biz ushbu muvaffaqiyatli startap loyiha bilan yanada yaqinroq tanishish maqsadida uning asoschilari – Botir Ergashev, Aziz Albekov va Shuhrat Dehqonov bilan suhbatlashdik.
Botir Ergashev, “Bozoraka” loyihasi asoschilaridan biri, Janubiy Koreyadagi eng nufuzli oliygohlardan biri bo‘lgan Seul Milliy universiteti (SNU) bitiruvchisi:
“Avvaliga uch kishi bilan biznesimizni boshlaganmiz. Hozirda esa “Bozoraka” jamoasi 30 dan ortiq kishini tashkil etadi. Biz do‘stlarim bilan halol mahsulotlar sotiladigan do‘konimizni avtomatizatsiya qilib, mijozlar va o‘zimiz uchun qulay bo‘lgan bir mobil ilova yaratishni maqsad qilganmiz.
Albatta, boshlanishi muammosiz bo‘lmagan. Ko‘p vaqt yo‘qotganmiz. Oddiy bir xaritani yasashimiz uchun ham bir yarim yil vaqt ketib qolgan. Sababi biz boshida o‘zimiz ham nimaga intilayotganimizni to‘liq tushunmasdik. U vaqtda tarmoqni boshqaradigan texnik rahbar bo‘lmagani uchun keraksiz narsalarga ko‘proq pul sarflagan vaqtimiz ham bo‘lgan”, deydi Botir Ergashev.

Kompaniyaning yana bir asoschilaridan biri, moliyaviy ishlar bo‘yicha direktor Aziz Albekov Koreyadagi Sungkyunkwan universitetini tamomlab, dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri bo‘lgan Samsung’da faoliyat olib borgan. Aziz aka Samsung’dek yirik kompaniyani tashlab ketish avvaliga oson bo‘lmagani haqida aytib o‘tdi:

“Bu juda ham qiyin savol. Sababi, Samsung kompaniyasida ishlaganimda juda ko‘p yaxshi davrlarni o‘tkazganman. Katta tajriba olib, turli xorijiy mamlakatlarga borganman. Uni tashlab ketish va kichik bir startapni boshlash menga oson bo‘lmagan. Biroq avvaldan menda tadbirkorlik ruhi kuchli bo‘lib, o‘zim yaratgan kompaniyam bo‘lishini istaganman. O‘zim biznes boshlab, uni o‘zim boshqarib, mustaqil ish qilishni xohlaganman. Shuning uchun, ikkala tomonni ham taroziga tortib, do‘stlarim bilan yangi biznesni ochishga qaror qilganman”.
Shuhrat Dehqonov - “Bozoraka” asoschilaridan yana biri bo‘lib, kompaniyaning texnik ishlar bo‘yicha rahbari hisoblanadi. Shuhrat aka ham “Bozoraka” loyihasiga qo‘shilishdan avval bir necha yillar davomida Samsung kompaniyasida faoliyat olib borgan.

“Bozoraka” ilovasini yasashda eng katta muammo – to‘lov tizimi bo‘lgan. Koreyada to‘lov tizimi biroz murakkab. Koreyslar onlayn to‘lovga avvaldan moslashib kelganligi uchun ularga murakkabligi uncha sezilmaydi. Lekin biz, chet elliklar, xususan o‘zbekistonliklar uchun onlayn tizimni ishlatishda qiyinchiliklar ko‘plab uchraydi.
Shu sababli biz mobil ilovamizni foydalanuvchilarga har tomonlama tushunarli, qulay qilib yaratishga harakat qilganmiz. Hozirda har qanday odam hatto birinchi marta ishlatayotgan bo‘lsa ham osongina tushunib ketadigan darajada sodda yechim qilganmiz. Yangi kompaniya bo‘lganimiz uchun dasturlarimizni doimiy ravishda rivojlantirib boramiz”, deydi Shuhrat Dehqonov.
To‘liq videoni UzbekLife'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling.
Feruza Avazova
UzbekLife'ning Janubiy Koreyadagi kolumnisti
Mavzuga oid
12:24 / 30.01.2026
O‘zbekiston diplomatlari Koreyada jazo o‘tayotgan fuqarolar bilan uchrashdi
20:53 / 25.01.2026
Koreyaga kirishda karantin talablari kuchaytirildi
15:10 / 17.12.2025
Toshkentda O‘zbekiston–Koreya strategik sherikligi muhokama qilindi
13:07 / 17.12.2025