O‘zbekiston | 16:43 / 05.03.2026
15424
6 daqiqa o‘qiladi

“Hech qaysi davlatdan yordam so‘ramadik, so‘ramaymiz” – Eron elchisi

Eronning O‘zbekistondagi elchisi Muhammad Ali Iskandariy OAV vakillari bilan uchrashdi. Elchiga ko‘ra, AQSh va Isroilning hujumi – g‘irromlik. Chunki hali muzokaralar davom etib turgan, AQSh vitse-prezidenti mintaqaga kelishi kutilayotgan bir onda qo‘qqisdan hujum boshlangan. Hech qaysi davlatdan yordam so‘ramadik, oxirigacha kurashamiz, deya qo‘shimcha qildi Iskandariy.

So‘zi boshida Eron elchisi bu AQSh va Isroilga qarshi emas, butun tafakkurga qarshi urush ekanini aytdi.

Men shuni faxr, iftixor bilan aytishim mumkinki, biz hech qaysi davlatdan yordam so‘ramadik. Biz o‘zimizni mudofaa qila oladigan kuchga ega deb hisoblaymiz. Hozir Amerika va Isroil bilan urushmayapmiz, tafakkur bilan urushyapmiz. Ya’ni hamma narsani o‘ziniki qilishni istaydigan bir tafakkurga qarshi kurashyapmiz. Biz, albatta, qiyinchiliklarga uchraymiz, lekin bu qiyinchiliklardan o‘tib ketamiz”, - deydi elchi Muhammad Ali Iskandariy.

O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari mintaqada harbiy mojaro boshlangach harbiy bazalar saqlangani bois raketa hujumlariga uchragan arab mamlakatlariga hamdardlik bildirdi. Eronning O‘zbekistondagi elchixonasi esa prezident Shavkat Mirziyoyev oliy rahnamo Ali Xominaiy vafoti munosabati bilan hamdardlik xati yo‘llaganini ma’lum qildi. Elchiga ko‘ra, o‘zbek xalqi va rasmiy Toshkent Eron bilan birdam.

Kun.uz elchidan insoniy talafotlar xususida so‘radi, chunki bu urushning bo‘lishi muqarrar edi va tomonlar buni bilardi. Uzoq va puxta tayyorgarligi sabab Isroil aholisini hujumlardan avval bombapanohlarga yuborayotgani sabab u yerda insoniy talafotlar kam. Biroq Eronda ko‘proq odamlar nobud bo‘lmoqda. Elchi bu vaziyatga o‘z izohini berib o‘tdi.

Bizning oldimizda butun boshli AQSh, Isroil va butun G‘arb koalitsiyasi turibdi. Ularning hammasi 1945 yildan beri Isroilni qo‘llab keladi. Masalan, yaqinda ham 50 milliard dollar yordam berishdi Isroilga. Birgina Amerikaning bir yillik harbiy budjetining o‘zi bizning butun mamlakatimizning budjetidan bir necha baravar kattaroq. Hatto butun boshli Eron bo‘ylab ham aholini himoya qilish uchun biz bombapanohlar qurib chiqqan taqdirda ham ularga yeta olmas edik. Hozir Eron xalqi mana shu hujumlar bo‘layotgan payti uylariga, pana joylarga yashirinishning o‘rniga ko‘chaga chiqib namoyish qilishyapti. Ularning uylari yomon emas. Albatta, ular uyda o‘tirsa, ko‘chadan ko‘ra xavfsizroq bo‘ladi. Lekin ular o‘zining haqqini talab qilib, ko‘chaga chiqishyapti. Ikkinchi masala — bu yordam berish masalasi. Masalan, bizda qayergadir bir bomba kelib tushsa, o‘sha odamlar yordam berish uchun, vayronalar tagida qolgan odamlarni chiqarib olish uchun to‘planib borishadi. Amerikaliklar buni kutib turishadi-da, o‘sha odam to‘plangan joyga yana ikkinchi zarbani berishyapti”, - deydi Eron elchisi.

Eron oliy rahnamosining o‘ldirilishi esa hech qaysi huquqiy normalarga to‘g‘ri kelmaydi. Elchi ham bu masalaga munosabat bildirib, davlat rahbarlari aslida immunitetga ega bo‘lishi kerakligi, dushman tomon buni inobatga olmaganini aytdi. Xominaiy esa oddiy uyda yashagan, uning qarorgohi ham oddiy bo‘lgan va oliy rahnamo saroylarga o‘tishni rad etgan.

Bizning oliy rahbarimiz 37 yildan beri bir joyda ishlab kelayotgandi. Yashash joylari ham o‘sha yerda edi, ko‘rsangiz juda oddiy bir uy. Hech qanday bir murakkab tuzilma yoki qurilishga ega emasdi. U kishi juda bir oddiy yashardi. Bizning tuzum ideologiyasida unaqa narsa yo‘q, ya’ni rahbarlar o‘zi uchun hashamatli saroylar qurishi, oddiy xalq esa oddiy uylarida qolaversa - bu bizga to‘g‘ri kelmaydi. Islom inqilobidan oldin Eronda rahbarlar va yuqori tabaqa vakillari yashaydigan ko‘plab saroylar bor edi. Lekin rahbarimiz bulardan birortasiga bormadilar. U kishidan avvalgi rahbarimiz ham xuddi shunday edi. Bu bizning ideologiyamiz. Va bundan tashqari, biz shahidlikni unaqa yomon narsa deb hisoblamaymiz. Albatta, harakatimizni qilamiz, biroq shahid bo‘ladigandek vaziyat bo‘lib qolsa, biz iftixor bilan uni qabul etamiz, bu o‘limni sharaf deb bilamiz. Ali Xominaiy butun oilasi bilan birga bo‘lganida shahid bo‘ldi. Xalqimiz uchun bu holat unaqa tushunarsiz holat emasdi”, - dedi Muhammad Ali Iskandariy.

Шоҳрух Мажидов
Muallif Шоҳрух Мажидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid