Jahon | 14:37 / 19.12.2025
3063
9 daqiqa o‘qiladi

Vaqtincha to‘xtatilgan grin-karta, Ukrainaga $100 milliardlik qarz va Avstraliyada qurol bo‘yicha yangi tartib – kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Grin-karta vaqtinchalik to‘xtatildi

18 dekabr kuni AQSh ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatiga grin-karta dasturlarini vaqtincha to‘xtatishni buyurganini ma’lum qildi.

«Prezident Trampning ko‘rsatmasiga binoan, men zudlik bilan DV1 dasturini to‘xtatishni buyurmoqdaman, toki bu halokatli dastur sabab yana birorta amerikalik zarar ko‘rmasin», – dedi Kristi Noem.

Dastur to‘xtatilishiga sabab sifatida Braun universitetidagi otishmada gumon qilinayotgan shaxs – Klaudio Neves 2017 yilda AQShga aynan grin-karta orqali kirgani ko‘rsatilgan.

Bir necha kun oldin AQShdagi Braun universiteti va Massachusets texnologiya institutida otishmalar yuz berdi. Braun universitetida otishma oqibatida 2 kishi, xususan o‘zbekistonlik talaba Muhammadaziz Umurzoqov ham halok bo‘lgandi.

Immigratsion xilma-xillik vizasi dasturi – har yili AQShga kelish va qonuniy yashash uchun dunyo bo‘ylab 50 minggacha kishiga immigratsion vizani taqdim etgan.

Ukraina uchun 90 milliard yevrolik qarz

Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukraina mudofaasini moliyalashtirish uchun muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish o‘rniga qarz olishga qaror qildi.

«Bugun biz Ukrainaga 90 milliard yevro ajratish to‘g‘risidagi qarorni ma’qulladik. Shoshilinch tartibda Yevropa Ittifoqi budjeti bilan ta’minlangan kredit ajratamiz», – dedi Yevropa kengashi raisi Antonio Koshta Bryusseldagi muzokaralardan so‘ng.

Aslida Yevropa tomonidan qarz olish g‘oyasi ham amalga oshmaydigandek tuyulgandi. Chunki bu qarorga Vengriyaning Rossiyaga moyil bo‘lgan bosh vaziri Viktor Orban qarshi chiqib kelgan. Endi esa Vengriya, Slovakiya va Chexiya – bu sxema moliyaviy jihatdan ularga ta’sir qilmasligi sharti bilan kreditga rozi bo‘ldi.

«Reparatsiya krediti bo‘yicha juda ko‘p savollar bor edi, shu sababli biz «B» rejaga o‘tdik. Yevropa tartibsizlik va bo‘linishdan qochdi va birlashgan holda qoldi», – dedi Belgiya bosh vaziri Bart De Vever.

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘tgan hafta Yevropa davlatlarini «zaif» deb ataganidan keyin yevropaliklar kuchi va qat’iyatini namoyish etishni ko‘rsatdi, deb yozmoqda G‘arb nashrlari.

Shuningdek, Yevrokomissiya Rossiyaning muzlatilgan pullari asosida «reparatsiya krediti» ustida ham ishni davom ettiradi. Rossiyaning 210 milliard yevrolik aktivlari – Ukrainaga urush zararini to‘lamaguncha muzlatilgan holda qoladigan bo‘ldi.

Avstraliya aholidan qurollarni qayta sotib olmoqchi

Avstraliya hukumati Bondi plyajidagi hujumdan so‘ng qurollarni davlat tomonidan qayta sotib olish dasturini e’lon qildi. Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneziga ko‘ra, mamlakat aholisi qo‘lida hozir 4 milliondan ortiq qurol bor.

«Agar qurollar sonini kamaytirmoqchi bo‘lsak, ularni qayta sotib olish dasturi bu jarayonning muhim qismi bo‘lishi shart», – dedi Avstraliya Federal politsiyasi komissari Krissi Barret.

Yangi dastur – ortiqcha, endi taqiqlangan va noqonuniy qurollarni sotib olishni nazarda tutadi. U federal hukumat hamda shtat va hududlar tomonidan 50/50 nisbatda moliyalashtiriladi. Hukumat bahosiga ko‘ra, yuz minglab qurollar yig‘ib olinib, yo‘q qilinadi.

Shuningdek, bir shaxs egalik qilishi mumkin bo‘lgan qurollar soniga cheklov joriy etiladi, muddatsiz qurol litsenziyalari va qurol turlari cheklanadi, faqat Avstraliya fuqarolari litsenziya olishi mumkin bo‘ladi.

Rasmiylar yakshanba kungi hujumni terrorchilik hujumi deb e’lon qilgan. Hujum ishtirokchilaridan biri va yarador holda qo‘lga olingan 24 yoshli Navid Akromga 59 ta ayblov qo‘yilgan. Uning otasi Sajid hujum vaqtida halok bo‘lgan.

Ultra-ortodoks yahudiylar yana politsiya bilan to‘qnashdi

Quddusdagi ultra-ortodoks yahudiylar mahallasida Isroil hukumati rasmiylari bilan yuzaga kelgan to‘qnashuvda 13 nafar politsiyachi hujumga uchrab, jarohat oldi.

Politsiyaning ma’lum qilishicha, mojarolar inspektor avtomobillarni joylashtirishdagi qoidabuzarlik uchun jarima yozmoqchi bo‘lishi ortidan boshlangan. Politsiya bir kishini qo‘lga olgan. Shundan so‘ng yuzlab ultra-ortodoks namoyishchilar yetib kelib, gumonlanuvchini ozod qilishga urinib, politsiyachilarning mashinalariga zarar yetkazgan.

Ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan videolarga ko‘ra, politsiya shovqinli granatalar qo‘llagan, suv purkagichlardan foydalangan va namoyishchilarni tayoqlar bilan kaltaklagan.

Mahalla aholisi politsiyani o‘z a’zolaridan birini harbiy ro‘yxatdan o‘tmagani uchun hibsga olishga urinishda ayblagan. Politsiya esa bu ayblovni rad etgan.

Payshanba kuni ultra-ortodoks namoyishchilar sohil bo‘ylab o‘tuvchi yirik avtomagistrallardan birini to‘sib qo‘ydi.

Taxminan 1,3 million ultra-ortodoks yahudiylar – Isroil aholisining 10 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladi. Ular G‘azodan urushdan keyin majburiy harbiy xizmatga chaqirish bilan bog‘liq mojarolar tufayli hukumat bilan to‘qnash kelmoqda.

RSFʼning jinoyatlari

Sudanlik yarimharbiy guruh — RSF aprel oyida Darfur mintaqasida ko‘chirilganlar lagerini egallab olganida ommaviy qatllar uyushtirgan. Bu haqda payshanba kuni e’lon qilingan BMT Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi hisobotida so‘z boradi.

Hisobotda aytilishicha, hujumdan bir necha oy oldin Tezkor qo‘llab-quvvatlash kuchlari — yarim million kishi boshpana topgan Zamzam lageriga oziq-ovqat va boshqa ta’minot vositalarining kirishini to‘sib qo‘ygan.

Lagerni egallab olish jarayonida ommaviy qotilliklar, zo‘rlash, qiynoqlar va odam o‘g‘irlash holatlari haqida xabar berilgan. Kamida 319 kishi lager hududida yoki qochishga uringan paytda qatl etilgan.

Xulosalar 2025 yil iyul oyida Chad davlatiga qochib o‘tgan 155 nafar guvoh bilan o‘tkazilgan suhbatlarga asoslangan. Ulardan birining ko‘rsatmasiga ko‘ra, lager ichidagi bir xonada yashiringan sakkiz kishi RSF jangchilari tomonidan o‘ldirilgan — jangchilar derazadan miltiqlarini tiqib, xonadagi odamlarga qarata o‘q uzgan.

Oktyabr oxirida esa guruh al-Fashir shahriga hujum qilib, yana minglab odamlarni sudsiz qatl etish va o‘g‘irlashda ayblanmoqda.

Fransiyada kema kuzatuv tizimi mojarosi

Fransiyaning ichki razvedka xizmati mamlakat janubidagi Set portida to‘xtab turgan kemada aniqlangan kuzatuv qurilmasi yuzasidan tergov boshladi.

Anadolu'ning yozishicha, operatsiya o‘tgan hafta Parij prokuraturasi ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilgan va 2 ming kishini tashishga qodir «Fantastic» yo‘lovchi kemasi nishonga olingan.

Italiya kompaniyasiga tegishli kemada o‘tkazilgan tintuv davomida ikki nafar gumonlanuvchi — biri Latviya, ikkinchisi Bolgariya fuqarosi — kuzatuv qurilmasiga noqonuniy aralashuvda gumon qilinib qo‘lga olingan.

Kontrrazvedkachilar tergov davomida kema bortida qo‘shimcha materiallar aniqlagan. Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nyunes hodisani «juda jiddiy» deb atadi. «Ba’zi shaxslar kemaning ma’lumotlarni qayta ishlash tizimiga buzib kirishga uringan», — dedi u. Bunday xorijiy aralashuvlar esa — bugungi kunda deyarli har doim «bitta mamlakat»dan kelib chiqadi.

Eng asosiy xavf shundaki, Yevropada kuchayib borayotgan xorijiy kiber-razvedka va aralashuvlar zanjiri — harbiy tuzilmalardan fuqarolik obektlariga o‘ta boshlagan.

Mavzuga oid