Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oy tomon yo‘l olgan fazogirlar, Luhanskni to‘liq «ozod qilgan» Rossiya va Trampning murojaati – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
NASA fazogirlari Oy tomon yo‘l oldi
1 aprel kuni to‘rt nafar fazogir NASA'ning «Artemis II» missiyasi doirasida parvozni boshladi. Bu Oy atrofidagi o‘ta muhim sayohat bo‘lib, insonni Oy yuzasiga qaytarish yo‘lidagi eng dadil qadam hisoblanadi.
«Orion» ekipaj kapsulasi o‘rnatilgan Space Launch System raketasi Floridadagi «Kennedi» koinot markazidan o‘t oldi. U o‘zining ilk ekipaji – uch nafar amerikalik va bir nafar kanadalik fazogirni Yer orbitasiga olib chiqdi.
Agar missiya rejalashtirilganidek davom etsa, NASA fazogirlari qariyb 10 kunlik ekspeditsiya davomida Oy atrofida aylanib uchadi va ortga qaytadi. Bu jarayonda ular insoniyat ilgari hech qachon yetib bormagan koinot qa’riga — qariyb 406 000 km ichkariga boradi.
NASA administratori Jared Ayzekman ushbu parvoz muqaddima ekanini, bu missiyalar «Oy yuzasida doimiy mavjudlikni» qo‘llash va Oy bazasini qurishni o‘z ichiga olishini aytdi.
O‘n yildan ko‘proq tayyorgarlikdan so‘ng amalga oshirilgan ushbu dasturda har bir parvozning qiymati 4 milliard dollar atrofida bo‘lib, u o‘sib boruvchi xarajatdir.
Ushbu missiya NASAʼning Oy yuzasiga insonni qo‘ndirishi uchun hal qiluvchi «bosh repetitsiya» vazifasini o‘taydi. NASA 2028 yilda fazogirlarning tarixdagi ilk bor Oyning Janubiy qutbiga qo‘nishini amalga oshirmoqchi. Maqsad Xitoyning 2030 yilda o‘sha hududga rejalashtirilgan missiyasini ortda qoldirish.
Fazogirlar oxirgi marta AQSh tomonidan amalga oshirilgan 1972 yildagi «Apollon» missiyasida Oyda bo‘lgandi.
Endilikda milliarderlar Ilon Mask va Jyeff Bezos kompaniyalari NASA fazogirlarini Oy yuzasiga qo‘ndiradigan modullarni ishlab chiqish uchun poygalashmoqda.
Tramp amerikaliklarga murojaat qildi
Donald Tramp chorshanba oqshomida televideniye orqali chiqish qilib, AQSh harbiylari Erondagi maqsadlariga deyarli erishganini aytdi, ammo urushni tugatish bo‘yicha aniq muddatlarni keltirmadi.
«Hamma kuzirlar bizning qo‘limizda, ularda esa hech narsa yo‘q», dedi Tramp Oq uydan turib xalqiga qilgan murojaatida. U Eronning boyitilgan urani maqomi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi kabi hal etilmagan masalalarni yuzaki tilga olib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, urush tugagach, bo‘g‘oz «tabiiy ravishda» ochiladi.
Eronni harbiy jihatdan «zararsizlantirilgan» deb tasvirlashiga qaramay, Tramp chorshanba oqshomida AQSh ushbu davlatga yana ikki-uch hafta davomida qattiq zarba berishini aytdi.
«Keyingi ikki-uch hafta ichida biz ularga juda qattiq zarba beramiz. Biz ularni o‘zlariga munosib bo‘lgan tosh davriga qaytaramiz», dedi Tramp.
Shuningdek, Tramr agar Eronning yangi rahbarlari qoniqarli darajada muzokara olib bormasa, AQSh mamlakatning elektr energiyasi ishlab chiqarish va neft infratuzilmasiga hujum boshlashini bildirdi.
Tramp amerikaliklardan «bu mojaroga kengroq nazar bilan qarashni» so‘rab, AQShning Iroq, Vetnam va Koreyadagi avvalgi urushlarda ishtiroki ancha uzoq davom etganini ta’kidladi.
Tramp aslida 19 daqiqalik murojaatida deyarli hech qanday yangilik keltirmadi: yoqilg‘i quyish shoxobchalarida narxlar oshishidan aziyat chekayotgan va urushdan toqati toq bo‘layotgan amerikaliklarga ham, AQSh ittifoqchilariga ham deyarli hech qanday taskin bermadi. Reuters/Ipsos o‘tkazgan so‘rovnomada AQSh saylovchilarning 60 foizi urushni yoqlamasligini, 35 foizi esa uni qo‘llab-quvvatlashini aytgan.
Trampning bayonotlaridan ko‘p o‘tmay aksiyalar tushib ketdi va neft narxi yana ko‘tarildi. Bu esa mojaroning yana bir qancha vaqt davom etishi haqidagi umumiy kayfiyatni aks ettirmoqda.
Bundan oldinroq Tramp NATO ittifoqchilari bo‘g‘ozni ochishda yordam taklif qilmaganidan g‘azabda ekanini bildirgandi. U hatto 76 yillik ittifoqdan chiqib ketish bilan ham tahdid qildi.
Rossiya Luhansk to‘liq egallanganini bildirdi
1 aprel kuni Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z kuchlari Ukraina sharqidagi Luhansk viloyati ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganini ma’lum qildi. Bu — ular 2022 yildan beri o‘z nazoratiga ola olmay kelayotgan kichik bir yer parchasini egallab olganidan dalolat beradi.
«G‘arb qo‘shinlari guruhi bo‘linmalari Luhansk Xalq Respublikasini ozod qilishni yakunladi», deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.
Moskva 2022 yilda o‘ziniki deb da’vo qilgan to‘rtta viloyatidan biri — Luhanskning 99 foizidan ortig‘i ancha vaqtdan beri aslida Rossiyaning nazoratida edi. Kiyev va aksariyat G‘arb davlatlari ushbu hududlarning qo‘shib olinishini noqonuniy bosib olish, deb rad etgan.
Jang maydonidagi ushbu xabarni mustaqil ravishda tasdiqlashning imkoni yo‘q. Ukraina harbiy vakili esa so‘nggi olti oy ichida ushbu hududda – jang maydonida hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini aytdi.
Bundan tashqari, Kremlning tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov Ukraina qo‘shinlarini butun Donbassdan olib chiqish kerakligini aytdi.
«Agar u (Zelenskiy) qo‘shinlarni olib chiqish haqida qaror qabul qilsa, biz uning qo‘shinlarni chiqarganini keyinchalik tasdiqlasak, u holda harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun istiqbollar ochilgan bo‘lardi», dedi Ushakov.
Indoneziya sohillarida kuchli zilzila
Payshanba kuni Indoneziyaning Shimoliy Molukka dengizida 7,6 magnitudali zilzila yuz berdi. Rasmiylar va guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, binolarga zarar yetgan.
Asosiy zilzila silkinishlari Bitung va Ternate shaharlarida 10-20 soniya davomida kuchli sezilgan, keyingi aftershoklar esa dengizda sodir bo‘lgan.
Indoneziya meteorologiya agentligi beshta hududda sunami to‘lqinlari qayd etilganini, ularning eng yuqorisi Shimoliy Minaxasa tumanida 0,75 metrga yetganini bildirdi. Bundan tashqari, 50 ga yaqin aftershok — zilziladan keyingi silkinishlar kuzatilgan bo‘lib, ularning eng kuchlisi 5,8 magnitudani tashkil etgan.
Rasmiylar dastlab modellashtirish natijalari 0,5 metrdan 3 metrgacha balandlikdagi sunami xavfi borligini ko‘rsatganini aytdi, biroq keyinroq sunami xavfi haqidagi ogohlantirish bekor qilindi.
Indoneziya — vulqonlarning seysmik faol kamari bo‘lmish «Tinch okeani olovli halqasi»ning tektonik jihatdan murakkab qismida joylashgan. Episentr aholi zich joylashgan orollardan 150 km masofada bo‘lsa-da, AQSh geologiya xizmati qo‘shimcha qurbonlar ehtimoli «past» ekanini va iqtisodiy zarar ham cheklangan bo‘lishi kutilayotganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid
14:02 / 01.04.2026
AQShga «yo‘q» degan yevropaliklar, Qrimda qulagan harbiy samolyot va Bag‘dodda o‘g‘irlangan amerikalik jurnalist – kun dayjesti
16:20 / 31.03.2026
Isroilda falastinliklarni kamsituvchi qonun, Ho‘rmuzda yoqib yuborilgan Kuvayt tankeri va Germaniyaga kelgan Ash-Shar’a – kun dayjesti
15:30 / 30.03.2026
Yaqin Sharqqa kelgan AQSh desantchilari, Kubaga kelayotgan Rossiya tankeri va Trampga qarshi namoyishlar – kun dayjesti
15:21 / 28.03.2026