Iqtisodiyot | 20:38 / 04.06.2024
14703
7 daqiqa o‘qiladi

Kafolatlanmagan korporativ qarzlarni qaytarish O‘zbekiston hukumatining zimmasiga tushib qolishi xavfi bor - S&P

S&P xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingini “BB-” (barqaror kutilma) darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Agentlikka ko‘ra, hukumatning likvid aktivlari miqdori 2017-2023 yillar oralig‘ida YaIMning 37 foizidan 13 foizigacha qisqarib ketgan. Tashqi qarzlar miqdori esa avvalgi prognozlarga qaraganda tezroq oshishi kutilyapti.

Foto: Kun.uz

31 may kuni S&P xalqaro kredit reyting agentligi O‘zbekiston suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini e’lon qildi.

Agentlik O‘zbekiston suveren kredit reytingini “BB-” (barqaror kutilma) darajasida saqlab qoldi.

S&P Global Ratings quyidagilarga alohida e’tibor qaratgan:

  • 2024-2027 yillarda iqtisodiy o‘sish o‘rtacha 5,2 foizni tashkil etishi prognoz qilingan. Bu o‘tgan yilgi 6 foizlik ko‘rsatkichdan biroz pastroq. Iqtisodiy va boshqaruv islohotlari, jumladan, energetika tariflarini rejali tarzda oshirish mamlakatning sarmoyaviy istiqbollarini qo‘llab-quvvatlaydi.
  • Qarorlar qabul qilish markazlashganligicha qoladi. Korrupsiyani qabul qilish yaxshilanayotganiga qaramay, hali ham yuqoriligicha qolyapti.
  • O‘zbekistondagi o‘sish investitsiyalar hisobiga bo‘lmoqda. O‘tgan yili bu ko‘rsatkich YaIMga nisbatan qariyb 43 foizni tashkil etgan.
  • Hukumat 2023 yil oktyabr oyidan yuridik shaxslar uchun elektr energiyasi va gaz narxlarini oshirgandi, 2024 yilning may oyidan uy xo‘jaliklari uchun tariflar o‘zgardi. S&P'ga ko‘ra, hukumat 2027 yilga borib xarajatlarni qoplashga erishmoqchi. Shuningdek, elektr energiyasini ishlab chiqarishni diversifikatsiya va modernizatsiya qilish rejalashtirilyapti. Mamlakat 2030 yilgacha qayta tiklanadigan energiyani 25 ming MW'ga yetkazishni maqsad qilgan.
  • O‘zbekiston eksport bazasini mustahkamlash uchun mis, oltin, kumush va uran ishlab chiqarishni ham kengaytirmoqda.
  • Hukumat sanksiyalar talablarini bajarishga harakat qilayotganiga qaramay, AQSh va Yevropa Ittifoqining Rossiya bilan biznes yuritayotgan o‘zbek kompaniyalarini ikkilamchi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritish xatari saqlanib qolyapti.

Hukumat budjet taqchilligini 2024 yilda YaIMning 4 foizigacha va 2025 yilda 3 foizigacha pasayishini kutmoqda. S&P fiskal konsolidatsiya biroz sekinroq bo‘lishini prognoz qilib, defitsit 2027 yilga kelib YaIMning 3,2 foiziga yetishi mumkinligini qayd etgan.

Bundan tashqari, ijtimoiy himoyaga ajratiladigan yuqori xarajatlar va narxlari o‘zgaruvchan bo‘lgan oltin kabi tovarlarni sotishga bog‘liqlik potensial xavf sifatida keltirilgan.

S&P kutilmalariga ko‘ra, davlat va davlat tomonidan kafolatlangan qarz 2023 yildagi YaIMning 40 foizidan 2027 yilda YaIMning taxminan 46 foizigacha oshishi mumkin. Agentlik davlat sektori korxonalarining yaqinligi tufayli hukumat tarafidan kafolatlangan qarzni umumiy davlat qarziga qo‘shgan.

“Bizningcha, davlat sektori korxonalari va davlat xususiy sherikligidagi, YaIMning 8 foizini tashkil etadigan kafolatlanmagan qarzlar hukumat balansidagi majburiyatga aylanishi xatari mavjud. Davlat sektori korxonalari energetika va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun oxirgi yillarda xorijiy valutada qarz olishni ko‘paytirdi. Ular ayrim loyihalar kutilganidan ko‘ra muvaffaqiyatsizroq amalga oshsa yoki boshqaruv yo nazoratda muammolar paydo bo‘lsa, ushbu qarzlarni so‘ndirishda qiyinchiliklarga duch kelishlari mumkin”, deyiladi hisobotda.

Hukumatning 2017 yilda YaIMning 37 foizini tashkil etuvchi likvid aktivlari 2023 yilda YaIMning 13 foizigacha qisqargan. Mazkur aktivlar asosan Tiklanish va taraqiiyot jamg‘armasi(TTJ) aktivlarini o‘z ichiga oladi, 2006 yilda tashkil etilgan bu jamg‘arma 2019 yilgacha hukumatning kapital qo‘yilmalari va oltin, mis va gaz sotishdan tushgan daromadlarning yuqori qismi hisobidan moliyalashtirilgan. S&P hukumatning likvid aktivlari hisobiga faqat TTJning tashqi aktivlarini qo‘shgan. Bu – davlat sektori korxonalari va banklar kapital qo‘yilmalardan iborat aktivlarning ichki qismi yetarli darajada nolikvidligi va zaruriyat tug‘ilganda qarzga xizmat ko‘rsatish uchun kam imkonli hisoblanishi bilan izohlangan. TTJ aktivlari 2024 yil 31 mart holatiga 16,8 mlrd dollarni tashkil etgan, shundan likvid qismi 6,2 mlrd dollar.

O‘zbekiston 2023 yil oktyabr oyidan Qozog‘istondan o‘tadigan quvur orqali Rossiya gazini import qilishni boshladi va gazning sof importchisiga aylandi. Maishiy iste’molning oshishi bilan bir qatorda, Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi va MTO loyihalari prognoz davrida gaz iste’moli va importini oshiradi.

2023 yilda umumiy eksportining qariyb 50 foizi (shundan 42 foizi oltin) ayrim tovarlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, qulay oltin narxlari 2024 yilda eksportni oshiradi, ammo ushbu qimmatbaho metall bahosi 2025 yilda unsiyasi uchun 2000 AQSh dollarigacha, 2026 yilda 1700 dollargacha pasayishi mumkin. Bunda mis ishlab chiqarish hajmining oshishi va narxlarning ko‘tarilishi yo‘qotishning bir qismini qoplashi mumkin.

S&P tahlilchilariga ko‘ra, oltin narxining pasayishi va joriy hisob taqchilligining davom etayotgani O‘zbekiston valuta zaxiralarini 2027 yilgacha qisqartiradi. Xususan, O‘zbekiston Markaziy bankining monetar oltin zaxiralari umumiy foydalanish mumkin bo‘lgan zaxiralarning 80 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

“Biz Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi aktivlarini Markaziy bank zaxiralariga kiritmadik, chunki ular asosan monetar yoki to‘lov ehtiyojlari uchun emas, fiskal maqsadlar uchun ko‘zda tutilgan. Bizning fikrimizni TTJ tashqi aktivlari oxirgi 4 yilda mamlakat iqtisodiyoti uchun budjet maqsadlarida ishlatib kelinayotgani tasdiqlaydi”, deyiladi hisobotda.

Xalqaro ekspertlar tariflar oshishini hisobga olgan holda, inflatsiya 2023 yildagi o‘rtacha 9,1 foizdan 2024 yil 11 foizgacha oshishini prognoz qilgan. 2027 yilga borib inflatsiya darajasi 6,5 foizga tushishi mumkin.

Bank tizimida ham umumiy aktivlarning 67 foizi davlat banklariga tegishli bo‘lib, hukumatning imtiyozli kreditlash dasturlari samaradorlikka ta’sir qiladi. 2023 yilda Ipotekabank xususiylashtirilgach, rasmiylar Asakabank va Sanoatqurilishbankni xususiylashtirishni rejalashtiryapti. S&P buni vaqt talab qiladigan qiyin vazifa deb hisoblaydi.

Dollarlashuv pasaygan bo‘lsa-da, 2024 yil 31 mart holatiga umumiy kreditlarning 43 foizi, depozitlarning 30 foizi hamon dollar hisobiga to‘g‘ri kelgan.

S&P Global Ratings O‘zbekiston uchun ehtimoliy salbiy va ijobiy ssenariylarni keltirib o‘tgan.

Salbiy ssenariy

Agar tashqi va davlat qarzi yuqori sur’atlar bilan o‘sishda davom ettirib, fiskal va to‘lov balansi bilan bog‘liq risklarini oshirsa va tegishli loyihalardan kutilayotgan foyda rejalashtirilgan tarzda amalga oshmasa, umumiy reyting pasaytirilishi mumkin.

Ijobiy ssenariy

Agar islohotlar o‘rta muddatli istiqbolda kutilganidan tezroq o‘sish potensialiga ega bo‘lsa va moliyaviy va tashqi pozitsiyalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatsa, umumiy reyting yaxshilanishi mumkin.

Mavzuga oid