Toshkentni odam bosib ketmadi yoxud mening propiskaga kirish tarixim
“Toshkent propiskasini anglatuvchi pasportdagi dumaloq muhr... Vaqti kelsa, shu bitta muhrli har qanday notavon ham meni yoki bolalarimni tepkilab o‘tishi mumkin edi”, – deya yozadi jurnalist Abror Zohidov. U o‘z maqolasida “Toshkent Respublikasi” fuqarosi bo‘lish bilan bog‘liq ayanchli va alamli xotiralarini yodga oladi.
“Orzuga yetishishdan ko‘ra orzuning o‘zi go‘zalroq” degan gap bor. Ko‘pchiligimiz nimanidir orzu qilib yashaymiz, vaqtlar kelib o‘sha orzumiz ushaladi. Ammo unutuvchanmiz, o‘sha ne'mat xuddi azaldan bo‘lgandek, u bilan yashash oddiy holatdek tuta boshlaymiz o‘zimizni.
Toshkent propiskasi ham bir vaqtlar ushalmasdek tuyiladigan orzu edi.
Og‘riqlar
Men Toshkent propiskasiga o‘tishni 8 yil kutganman. Lekin 15-20 yil kutgan odamlarni ham, o‘tolmay o‘z yurtiga (qiziq ibora, Toshkent kimning yurti ekan) qaytib ketganlarni yoki chin dunyoga ravona bo‘lganlarni ham bilaman. Ya'ni poytaxt ro‘yxatidan o‘tish shu qadar muammo ediki, ko‘pchilikning bunga umri yetmay qolgan.
Avval ham kelib-ketib yurganim uchun Toshkentdan qarindoshim nomiga kvartira xarid qilgandim. 2010 yilda ko‘pchilik hazil aralash mubolag‘a qiladigandek poyezdga tavakkal osilib emas, rasmiy taklifga ko‘ra ishga keldim. Uyim bor, ishim bor, oz-moz jamg‘armam bor – bir qarashda hammasi risoladagidek. Ammo darhol bir kemtiklikka duch keldim: qizimni bog‘chaga joylash kerak – propiska, o‘g‘lim maktabda o‘qishni boshlashi kerak – propiska, chaqalog‘imizga poliklinika ro‘yxati – propiska, ayolim ishga joylashishi – propiska...
Bular-ku, mayli, davlat tashkilotlarining talablari. Kunlarning birida pastimizda ijarada yashaydigan qo‘shni “bolalaring yurganda shovqin qilyapti” deb to‘polon ko‘tardi. Uzr so‘radim, imkon qadar tinchlantirdim. Lekin bir gapi o‘yib ketdi: “Bu yer sening qishlog‘ing emas, agar yana bir marta shunday qilsalaring, uchastkovoyni chaqiraman!”
Nash'a qildi, gapdan qolmadim. “Aka, men-ku o‘z uyimda yashayapman, siz ijarada tursangiz, uchastkovoy chaqirsangiz, birinchi navbatda o‘zingizga muammo bo‘ladi-ku?!” deganimda ko‘ksiga mushtlab (mubolag‘a qilmayapman), labidan shoh jumlani uchirdi: “Mening propiskam – Toshkentniki!”
Pisib qoldim. Bu menga nisbatan uning katta ustunlikka ega ekanini anglatish bilan birga, mening o‘z vatanim poytaxtida ikkinchi (balki, beshinchi) darajali odam ekanligimni eslatib qo‘ygandi.
Vaqti kelsa, pasportida menda yo‘q bitta muhrli har qanday notavon ham meni yoki bolalarimni tepkilab o‘tishi mumkinligini bildirardi...
Ichimga yutishdan, sabr qilishdan o‘zga ilojim yo‘q edi. Shunda o‘zimga qat'iy qaror qildim – nima qilib bo‘lsa ham, qancha pulim ketsa ham, Toshkent propiskasiga kiraman!
Lekin tez orada angladimki, chuchvarani xom sanabman.
Mendan boyroq va aqlliroqlarning minglari buning chorasini topa olmay yurgan ekan.
Eshik taqillashidan hadikda yillar o‘tdi
Vaqtincha propiska bilan yashab turdik. Vaqtincha propiskaning o‘zi ham alohida mavzu.
Hech yodimdan chiqmaydi. Orada hatto vaqtincha propiska ham to‘xtatib qo‘yildi. Kunlarning birida o‘g‘lim bir sinfdoshining propiskasi yo‘qligi tufayli maktabga kelmay qo‘ygani, keyinchalik ota-onasi bilan qishlog‘iga ko‘chib ketishga majbur bo‘lganini aytib berdi.
O‘g‘lim sinfdoshi uchun, men o‘zi ham hadikda turgan o‘g‘lim uchun yuragimiz og‘ridi...
Og‘zaki topshiriq oldida sudlar ham ojiz
Xayolimda bir fikr tinmay charx urardi – nima qilsam, propiskaga kiraman?!
Mumkin bo‘lgan hamma yo‘llarini o‘ylab chiqdim va hayratda qoldim. Konstitutsiyada O‘zbekiston fuqarosi mamlakatning istagan joyida yashashi mumkinligi yozilgan-u, uning ortida qonun bilan bu cheklanishi mumkinligi tirkalgan. Ya'ni amalda qandaydir qonun yoki qaror mamlakat Konstitutsiyasidan ustunligini bayon etilgan.
Taxminan 15-16 yil bitta illatli yopiq doira, ruslar ta'biri bilan aytganda “zamknutyy krug” amal qildi: propiskaga kirish uchun nomingizda uy bo‘lishi kerak, nomingizga uy olish uchun esa propiskangiz bo‘lishi lozim! Qoyilmisiz?!
Demak, Toshkent shahridan nomimga uy sotib olishning biror qonuniy yo‘li yo‘q. Kimdir maslahat berdi – sud orqali o‘tkazish mumkin. Ya'ni o‘zaro qarzi tufayli “qarzdor” menga uyini bermoqchi bo‘ladi, sud qarori bilan uyga egalik huquqi olishim mumkin. Lekin surishtirsam, zarur holatda qo‘llaniladigan bu lazeyka ham “yuqori”ning og‘zaki ko‘rsatmasi bilan yopib qo‘yilgan: sudyalar “uy sotilib, qarz undirib berilsin” degan mazmunda qaror chiqarib berarkan.
Nomi bor-u o‘zi yo‘q Maxsus komissiya
2010 yilga borib nafaqat Toshkent shahrida, balki Toshkent viloyatida ham propiska taqataq yopildi.
Kimdir shu masalani ko‘tarsa, “Toshkentga propiskaga kirish uchun Maxsus komissiya qarori lozim...” degan standart javob aytilardi.
Ammo u komissiya qachon yig‘ilishi, tonnalab topshirilgan hujjatlar qay paytda ko‘rib chiqilishi haqida hech kim lom-mim demasdi.
Pasport stoli bilan til biriktirib...
To‘g‘ri, kimlardir 5-10 ming dollarlab sarflab, allaqanday yo‘llar bilan pasportga muhr urdirib olishgandi. Ammo men ham rejalashtirayotgan bu ishning misi chiqdi – biometrik pasportga o‘tilganda bunday propiskalar bekor bo‘lib ketdi.
Ulgurganlarning ko‘plari pasport stolidagi “uchar”larning jinoiy sherigiga aylanib, sotib olingan propiskasidan ayrilgani yetmaganday, sudlanganlik tamg‘asini ham bo‘yinlariga ilib olishdi. Men hech bo‘lmasa shunga aralashib qolmaganimga shukr qilardim.
O‘lik orqali propiska
Lekin bitta yo‘l bor ekan – vasiyatnoma! Ya'ni Toshkent propiskali odam o‘z nomidagi uyni menga vasiyat qilib qoldirsa, vafotidan keyin o‘sha uy meros huquqi asosida mening nomimga o‘tarkan. Naqadar uyatli, xijolatli yo‘l. Har qanday qaralsa ham, kimningdir o‘limini kutgandek bo‘laverasan. Lekin boshqa iloj yo‘q edi.
Zir yugurib keksa tanishlarni izlay boshladim. Uzoqroq, lekin juda ochiqko‘ngil qarindoshimizni topdim. Xola bir og‘iz gap bilan rozi bo‘ldi. Nomiga uy oldim, zarur hujjatlarni rasmiylashtirdik, vasiyatnoma ham qilindi. Lekin bu hali birinchi qadam edi xolos. Yuqorida aytganimday, xijolatli kutish davri boshlangandi.
Mantiqsizlikni qarang, keksami yoshmi, kim birinchi u dunyoga ketishi noma'lum. Ammo mavjud tizimning shafqatsiz talablari shunday yo‘l tutishga majbur qilgandi.
Ajrashish... Va toshkentlikka uylanish...
Yillar o‘taverdi. Bitta usul kamlik qilishi haqida o‘ylay boshladim. Bu orada rasmiy nikoh orqali propiskaga kirishga ruxsat berildi. Albatta, ma'lum shartlar asosida. Biroq amallasa bo‘ladi.
O‘zimning nikohimni bekor qilib, kim bilandir “fiktiv” nikohlanishning dahmazasi ko‘p ekan. Bolalar yosh, qolaversa, mening yoshimdagi nikohlanuvchilar durustgina so‘rashardi. Ertaga ajrashish ham muammo bo‘lishidan hayiqdim.
Boshqa yo‘lini o‘yladim – ota-onamning nikohlarini bekor qildim va otamni bir tanish ayol bilan rasmiy qayddan o‘tkazmoqchi bo‘ldim. “ZAGS”ga ariza berish uchun bordik ham. Har narsaning hikmati bo‘ladi – ma'lum haq evaziga nikohga kirib turmoqchi bo‘lgan xola pasportini unutib qoldirgan ekan. Qaytdik va men ham fikrimdan qaytdim.
O‘rtada ota-onamni rasman ajrashtirganim qoldi.
Ikkinchi vasiyatnoma
Yana yillar o‘taverdi. Menga vasiyatnoma bergan xolam hayot. Kunlarning birida bir uyni sotib olishni taklif qilishdi. Uy keksa rus kishining nomida, chol og‘ir ahvolda ekani uchun nabirasi Rossiyadan kelib, uyini sotib, bobosini ham olib ketmoqchi ekan.
Borib vaziyatni tushuntirdik, uy uchun kerakli pulni berdik, faqat uyni rasmiylashtirmay, vasiyatnoma qilib qoldirishga ko‘ndirdik. Nabirasi ham bizning zaruratimizni bilib qoldi va bobosining vafotidan keyin o‘lim qog‘ozidan ko‘chirma yuborish uchun “arzimas” 2 ming dollar talab qildi. Ilojsiz edim, rozi bo‘ldim. Chol ketdi, vasiyatnoma bilan uy qoldi. Yana kuta boshladim.
Qo‘limda ikkita vasiyatnoma, ikkita uy, yana o‘zim yashab turgan uy. Jami uchta uyim bor, lekin propiskam yo‘q!
Sal shabada esganday bo‘ldi, ammo...
Bu orada davlat boshqaruvida katta o‘zgarish bo‘ldi. Juda jiddiy o‘zgarish. 25 yillik davr yakuniga yetdi va yangisi boshlandi. Yangi davr mujdalari orasida menga tegishlisi ham bor edi. Garchi propiska tizimi bekor bo‘lmagan bo‘lsa-da, yangi qurilgan uylardan xarid qilgan va ma'lum miqdorda boj to‘laganlarga Toshkent propiskasi beriladigan bo‘ldi.
O‘zim yoqtirgan, lekin ko‘p vaqtimni oladigan ishimni tashladim. Endi bor e'tiborimni pul topishga qaratdim. Maqsad aniq edi – yangi uylarga yarasha mablag‘ to‘plash va propiskaga kirish.
Ma'lum miqdorda yiqqanimdan keyin yangi uylarni surishtira boshladim. Propiska omili tufayli bunday xonadonlarning narxi ham ko‘kka sapchigan ekan. Ammo yana ilojsiz edim, qaysidir bir yo‘l bilan Toshkent darvozasiga kalit topishim shart edi.
“Xushxabar” – chol o‘tibdi
Yangi uyni tanlab turgan vaqtimda Rossiyadan bir qarashda juda xunuk, lekin menga umid bag‘ishlaydigan xabar keldi. Chol vafot etibdi...
Nabirasi hujjat uchun pulni jo‘natishimni so‘radi. O‘tirib hisob-kitob qildim, yangi uy olsam ma'qulmi yoki vasiyatnomaga ko‘ra kirsam. Har ikkisi ham qonuniy. O‘ylab qarasam, vasiyatnoma orqali kirish arzonga tusharkan. Qolaversa, baribir vasiyat bo‘lib qolgan uyga egalik huquqimni rasmiylashtirishim zarur.
Pulni jo‘natdim, hujjatni oldim. Va nihoyat vasiyatnoma asosida uyga egalik huquqini qo‘lga kiritdim.
Mana o‘sha dumaloq muhr!
2018 yilda Toshkent propiskasiga ega bo‘ldim!
Pasportimga qo‘yilgan muhrni ko‘rib, qanday holatga tushganimni ta'riflab bera olmayman. Faqat ikki ko‘zim ham milt-milt yoshga to‘lganini aytsam kifoya.
* * *
Ko‘p o‘tmay istagan yurtdoshim, ya'ni Toshkent propiskasi bo‘lmaganlar ham o‘z nomiga uy xarid qilishi va shu orqali propiskaga kirishi mumkin bo‘ldi. Oldinlari aytilganidek, Toshkentni odam bosib ketmadi.
Bu masalada inqilobiy o‘zgarishlar bo‘lganini bir misol bilan tushuntiraman: viloyatdagi jiyanim o‘qishini ko‘chirishi uchun Toshkent propiskasi zarurligini aytdi. Ertalab yetib kelishni tayinladim. Soat 9 da poytaxtga yetib keldi. Bir uyni nomiga rasmiylashtirdik (uy sotishda oldingidek bir olam hujjat to‘planmasligi alohida mavzu). Shu kunning o‘zida yangi “mulkdor”ga uy hujjatlari topshirildi. Shu ish kuni tugamasidan jiyanimning qo‘lida Toshkent propiskasiga o‘tgani to‘g‘risida qog‘oz turardi!
Shunaqa gaplar azizlar...
Bularning barchasi – Abror Zohidovning boshidan o‘tgan haqiqatlar
Mavzuga oid
20:44 / 06.11.2024
Toshkentda metro stansiyasida hojatini chiqargan erkak bo‘yicha ma’lumot berildi
13:06 / 06.11.2024
Toshkentdagi avtobusga noma’lum shaxslar salon ayol va erkaklar uchun ajratilgani haqidagi posterni yopishtirib ketdi
21:58 / 04.11.2024
Sariq va qizil ranglarda tovlanayotgan Toshkent - fotojamlanma
17:42 / 04.11.2024