Jahon | 08:35 / 02.10.2025
5713
2 daqiqa o‘qiladi

WSJ: AQSh Kiyevga Rossiya ichkarisiga zarbalar berish uchun razvedka ma’lumotlarini taqdim etadi

AQSh Kiyevga chegaradan uzoqda joylashgan Rossiya energetika infratuzilmasiga uzoq masofali raketa zarbalari berish imkonini yaratuvchi razvedka ma’lumotlarini topshirishga rozi bo‘ldi, deb xabar bermoqda WSJ manbalarga tayanib.

Foto: Jens Buttner/Reuters

Tramp ma’muriyati chegaradan uzoqda joylashgan Rossiya energetika infratuzilmasiga uzoq masofali raketa zarbalari uchun razvedka ma’lumotlarini Ukrainaga topshirishga rozi bo‘ldi. Bu haqda 1 oktyabr, chorshanba kuni The Wall Street Journal internet-nashri nomi oshkor etilmagan ikki amerikalik mulozimga tayanib xabar berdi.

Mualliflarning qayd etishicha, bu qadam AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ukrainani uzoq masofaga uchuvchi qurollar bilan ta’minlash masalasini ko‘rib chiqayotgan bir paytda yuz berdi.

Reuters xabar berishicha, Vashington uzoq vaqtdan beri Kiyev bilan razvedka ma’lumotlarini bo‘lishib keladi. Biroq, WSJ maqolasiga ko‘ra, «yangilik Ukrainaga Kremlni daromad va neftdan mahrum qilish maqsadida neftni qayta ishlash zavodlari, quvurlar, elektr stansiyalari va boshqa infratuzilmalarga zarba berishni osonlashtiradi».

WSJ ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh NATO ittifoqchilaridan Ukrainaga ham xuddi shunday yordam ko‘rsatishni so‘ragan. Avvalroq Donald Tramp Yevropa davlatlarini Rossiya neftini xarid qilishni butunlay to‘xtatishga chaqirib, buni o‘z ma’muriyatining Rossiyaga nisbatan qattiqroq sanksiyalar qo‘llashi uchun shart qilib qo‘ygan edi.

Mavzuga oid