Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumani o‘zining bozori, tadbirkorlari, xizmat ko‘rsatish sohasi bilan mashhur. Bu yerdagi kiyim-kechak va dehqon bozoriga nafaqat Buxoro viloyati, qo‘shni Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatidan ham odamlar xarid qilgani kelishadi.

Tumanda kiyim-kechak bozori (xalq tilida — «Ippodrom bozori») yaqinda boshqatdan qurib foydalanishga topshirilgan edi. Endi «G‘ijduvon dehqon bozori» AJ buzilib, qaytadan rekonstruksiya qilinmoqda, bozor hududida ulkan qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Eski do‘konlar va rastalar buzilmoqda, o‘rinlari tekislanmoqda.

Albatta, buzilish bor joyda noroziliklar vujudga kelishi tabiiy. Kun.uz tahririyatiga murojaat qilgan tadbirkorlar o‘zlari 16 yil avval barpo etgan do‘konlari buzilib, tuman hokimligi tomonidan qoniqtiruvchi kompensatsiya berilmayotganidan shikoyat qilishdi.

Kun.uz muxbirlari mazkur masalani o‘rganish uchun G‘ijduvon tumaniga borishdi.

Ma'lum bo‘lishicha, 2003 yilgacha dehqon bozori Abduxoliq G‘ijduvoniy majmuasi oldida joylashgan bo‘lgan. Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, Abduxoliq G‘ijduvoniyning 900 yilligi munosabati bilan bozor o‘rnida bog‘ barpo etilishi sababli, obodonchilik ishlari amalga oshirilib, eski dehqon bozori buzilib, sal nariroqqa — sobiq paxta tozalash zavodi hududiga ko‘chirilgan.

Sobiq paxta tozalash zavodi o‘rnida tadbirkorlarga yerlar bo‘lib berilgan, ular Yusuf Hamadoniy ko‘chasi bo‘ylab o‘z hisoblaridan do‘konlar qurishgan.