Jahon | 16:38 / 01.01.2026
8052
8 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Zelenskiyning AQShga safari paytida Valdayga hujum qilishdan manfaatdor emasdi – tahlilchilar

Tramp Putin bilan iliq munosabatda ekanidan kelib chiqsak, Zelenskiy aynan AQShga safari chog‘ida Putinning qarorgohiga hujum qilishdek provokatsion harakatga ruxsat yo buyruq bergani mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, deydi siyosatshunos Farhod Tolipov. Kamoliddin Rabbimovga ko‘ra, hech qanaqa dalil ko‘rsatilmagani tufayli Rossiya o‘zi uchun bahona tayyorlab qo‘ygani haqidagi versiya o‘rtaga chiqmoqda.

Ukraina prezidentining AQShga safariga fonida, Rossiya tomoni jiddiy ayblov bilan chiqdi: go‘yoki ukrainlar 91 ta dron bilan Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum qilgan. Moskva buni “davlat terrorizmi” deb atadi, lekin dalillar taqdim etmadi. Kiyev esa bu gaplarni mutlaqo rad etmoqda.

Kun.uz bu boradagi savollar bilan siyosatshunoslar Farhod Tolipov va Kamoliddin Rabbimovga yuzlandi.

“Agar hujum haqiqatan ro‘y bergan bo‘lsa, uni isbotlash qiyin emasdi”

Kamoliddin Rabbimov:

— Rossiya tomoni Ukraina Vladimir Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum uyushtirgani haqida bayonot berdi, biroq hozirga qadar ushbu hujumni tasdiqlovchi aniq dalillar, yetkazilgan zarar yoki jabrlanganlar haqida ishonchli ma’lumotlar taqdim etilmadi. Mazkur bayonotlar AQShda Donald Tramp va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘rtasida tinchlik muzokaralari bo‘lib o‘tayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Rossiya Ukrainani urush boshidan beri amal qilib kelinayotgan norasmiy “o‘yin qoidalari”ni buzishda ayblashga urinmoqda. Gap 2022 yil fevralida, bir qator davlatlar vositachiligida kelishilgan tamoyillar – ya’ni prezident qarorgohlari, markaziy davlat institutlari va oliy hokimiyat obektlariga hujum qilmaslik masalasi haqida ketmoqda. Shu vaqtgacha urush asosan chegara hududlari hamda strategik infratuzilma obektlariga zarbalar berish orqali olib borilgan. Ukraina Rossiyaning neft zavodlari va boshqa strategik infratuzilma obektlariga hujumlar uyushtirgan bo‘lsa, Rossiya ham javoban Ukrainaning energetika va muhim sanoat inshootlariga keng ko‘lamli zarbalar berdi. Biroq Moskva endi vaziyatni yangi bosqichga olib chiqishga urinib, Ukrainani eskalatsiyani yuqori darajaga ko‘targanlikda ayblamoqda.

Xususan, Rossiya tomoni Ukrainani 90 dan ortiq dron yordamida Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum qilganlikda aybladi. Shunga qaramay, Rossiya jamoatchilikka, xalqaro hamjamiyatga va ommaviy axborot vositalariga mazkur hujumni tasdiqlovchi inkor etib bo‘lmaydigan dalillarni taqdim etmadi. Shu sababli tabiiy savol tug‘iladi: nega Rossiya bunday axborot kampaniyasini aynan hozir boshlab yubordi?

Agar hujum haqiqatan ham sodir bo‘lgan bo‘lsa, uni isbotlash qiyin emas edi. Ammo hozircha bunday isbotlar ochiq manbalarda mavjud emas.

Tinchlik muzokaralarini izdan chiqarishga qaratilgan siyosiy aksiya

Farhod Tolipov:

— Fikrimcha, bugungi zamonaviy texnologik imkoniyatlar – xususan, kosmik kuzatuv va sun’iy yo‘ldosh tizimlari orqali bunday hujumni aniqlash va tasdiqlash qiyin emas. Hujum bo‘lgan-bo‘lmaganini, qanday sharoitda va qaysi yo‘nalishdan amalga oshirilganini yashirib bo‘lmaydi. Shu sababli AQSh tomonidan “avval tekshirish kerak” degan ehtiyotkorona pozitsiya bildirilayotgani biroz g‘alati tuyuladi, chunki texnik jihatdan bu masala allaqachon aniqlanishi mumkin edi.

Qanday bo‘lmasin, ushbu voqea tasodifiy emas va u aniq siyosiy ma’no-mazmunga ega. Agar hujum haqiqatan ham sodir bo‘lgan bo‘lsa, bundan manfaatdor tomonlar tinchlik muzokaralarining davom etishini emas, balki ularning buzilishini istayotgan kuchlar bo‘lishi ehtimoli yuqori. Chunki davlat rahbari qarorgohiga qilingan hujum Rossiya rahbariyatida keskin reaksiya uyg‘otishi tabiiy va bu holat Moskvaning muzokaralardan voz kechishiga yoki ularni to‘xtatishiga bahona bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Shu bois hujum ortida kim turganidan qat’i nazar, ushbu voqea umumiy jarayonda tinchlik muzokaralarini izdan chiqarishga qaratilgan siyosiy aksiya sifatida ko‘rilmoqda.

Taxminlardan biri – “Rossiya bahona tayyorlab qo‘ygan”

Kamoliddin Rabbimov:

— Zelenskiy va Tramp AQShda tinchlik muzokaralarini olib borayotgan bir paytda, Rossiya tomonida muayyan strategik ssenariy ishlab chiqilgani haqidagi taxminlar kuchaymoqda. Ushbu versiyaga ko‘ra, agar Tramp va Zelenskiy o‘rtasida Rossiyaga bosim o‘tkazishga olib keladigan muhim kelishuvlar yuzaga kelsa, Moskva tinchlik jarayonidan chiqib ketish uchun oldindan bahona tayyorlab qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Bu bahona sifatida Ukrainani ayblash varianti tanlangan. Mazkur mantiqqa ko‘ra, Rossiya keyinchalik shunday pozitsiyani ilgari surishi mumkin edi: go‘yoki Moskva tinchlikka tayyor bo‘lgan, biroq Ukraina Vladimir Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum qilgani sababli muzokaralar buzilgan. Ya’ni “biz tinchlikdan qochmadik, bunga Ukraina sabab bo‘ldi”, degan narrativni shakllantirish maqsad qilingan.

Shu nuqtayi nazardan, “Valdayga hujum qilindi” degan axborot kampaniyasi Rossiya uchun qulay siyosiy vosita sifatida ko‘riladi. Biroq AQShda bo‘lib o‘tgan Tramp va Zelenskiy muzokaralari kutilgan darajada yirik natija bermadi. Tomonlar umumiy bayonotlar bilan cheklandi: “90 foizlik kelishuv”, “95 foizlik xavfsizlik kafolatlari” kabi iboralar yangradi, ammo ularning aniq mazmuni va tafsilotlari ochiqlanmadi. Natijada hozircha bu versiya ehtimoliy ssenariy sifatida qolmoqda, ammo Rossiya tomonidan ilgari surilayotgan bayonotlarning siyosiy fonini tushunishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Zelenskiy Vashingtondan turib bunday buyruq berishi ehtimoldan yiroq”

Farhod Tolipov:

— Bu holat na Zelenskiy, na Tramp manfaatlariga mos keladi. Ayniqsa, Trampning shu paytgacha Rossiya prezidenti bilan nisbatan nisbatan iliq munosabatda bo‘lgani va umuman Moskva tomoniga og‘ishgan siyosiy pozitsiyasini inobatga olsak, Zelenskiy Vashingtonda bo‘lgan paytda bunday xavfli va provokatsion buyruq berishi ehtimoldan yiroq. Chunki bu Trampning g‘azabini qo‘zg‘atishi va tomonlar o‘rtasida olib borilayotgan muzokaralarga jiddiy putur yetkazishi mumkin edi. Shu bois, Zelenskiy tomonidan bunday ko‘rsatma berilgani haqidagi taxminlar mantiqan asoslanmagan.

Qolaversa, hozircha hujum bo‘yicha aniq dalillar taqdim etilmagan. Shu sababli rasmiy bayonotlarga ehtiyotkorlik bilan yondashish lozim. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun mustaqil tekshiruv va dalillar e’lon qilinishi talab etiladi.

Suhbatni to‘liq YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid