Jahon | 23:25 / 23.10.2025
10591
3 daqiqa o‘qiladi

«Rossiyaga bir qarich ham yer berilmaydi» – Zelenskiy

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritilishi hamda Rossiya va AQSh prezidentlarining Budapeshtda o‘tkazilishi rejalashtirilgan uchrashuvi bekor qilinishini Donald Tramp bilan uchrashuvi natijasi deb atadi.

Foto: AP

Ukraina o‘z hududining bir qarichini ham Rossiyaga bermaydi. Bu haqda mamlakat prezidenti Volodimir Zelenskiy 23 oktyabr kuni Bryusselga tashrifi chog‘ida aytib o‘tdi.

Zelenskiy Euronews jurnalisti savoliga javob qaytararkan, Rossiya bilan bo‘lajak tinchlik muzokaralarida hech qanday hududiy yon berishlar bo‘lmasligini qat’iy ta’kidladi.

Ukraina yetakchisi AQSh va Yevroittifoqning yangi sanksiyalari Rossiyani o‘t ochishni to‘xtatishga har qachongidan ham yaqinlashtirganligini qayd etdi.

«Rossiya energetikasiga qarshi sanksiyalar kiritildi. Ukraina ishtirokisiz Vengriyada uchrashuv o‘tkazilmaydi. Ukrainada hozircha Tomahawk yo‘q. Mana qanday natija. Bu yomonmas», dedi u YeI rahbarlari sammitidagi matbuot anjumanida.

16 oktyabr kuni Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qilgan, ular yaqin haftalarda Budapeshtda uchrashuv o‘tkazishga kelishib olishgani ma’lum qilingandi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va AQSh davlat kotibi Marko Rubio 20 oktyabr kuni bo‘lajak uchrashuv tafsilotlarini kelishib olish uchun qo‘ng‘iroqlashdi.

Biroq 22 oktyabr kuni Tramp Putin bilan uchrashuv bekor qilinganini aytdi.

«Biz borishimiz kerak bo‘lgan manzilga yetolmaydiganga o‘xshaymiz. Shuning uchun uchrashuvni bekor qildim. Lekin keyinchalik uchrashamiz», dedi u.

Zelenskiy Yevropa kengashi yig‘ilishida Amerikaning uzoq masofaga mo‘ljallangan Tomahawk qanotli raketlarini Yevropa mamlakatlaridan olish niyatida ekanligini bildirdi.

«Uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollar nafaqat AQShda, balki Yevropaning ayrim mamlakatlarida ham bor, xususan, «Tomagavk»lar. Biz yordam berishi mumkin bo‘lgan mamlakatlar bilan muzokara olib boryapmiz», dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina ham o‘zining uzoq masofaga mo‘ljallangan qurollari bilan 3 ming kilometrgacha masofaga zarba bera olishi mumkin.

Yevropada ikki mamlakat Buyuk Britaniya va Niderlandiya Tomahawk raketalariga ega.

Volodimir Zelenskiy shuningdek, Xitoy haqida ham fikr bildirdi.

«Si menga Xitoy Rossiyaga qurol sotmasligini aytgandi. Bir narsani bilaman Xitoy Rossiyaga yordam beryapti. Xitoy bizning g‘alabamiz va Rossiyaning mag‘lubiyatidan manfaatdor emas», dedi Ukraina prezidenti.

Tayyorlagan:  Kun.uz Admin

Mavzuga oid