Jahon | 22:42 / 19.12.2025
1390
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina O‘rtayer dengizida birinchi marta Rossiyaning «yashirin floti» tankeriga zarba berdi

Kema jiddiy shikastlandi, ammo yuksiz bo‘lgani sababli, bu hujum «mintaqadagi ekologik vaziyatga hech qanday tahdid solmasligi» ta’kidlanmoqda.

Foto: Ukraina xavfsizlik xizmati

Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) yangi «misli ko‘rilmagan operatsiya» o‘tkazilganini e’lon qildi - Rossiyaning «yashirin floti» tankeri ilk bor O‘rtayer dengizida Ukraina hududidan 2 ming kilometr uzoqlikda yo‘q qilindi.

Gap Qendil kemasi haqida ketmoqda, u ko‘p bosqichli chora-tadbirlar natijasida O‘rtayer dengizining neytral suvlarida UXX Maxsus operatsiyalar markazi havo dronlari bilan urilgan.

Maxsus operatsiya vaqtida kema yuksiz edi. Bu hujum «mintaqadagi ekologik vaziyatga hech qanday tahdid solmasligi» ta’kidlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, hujum oqibatida QENDIL tankeri jiddiy shikastlangan va endi undan maqsadli foydalanish mumkin emas.

Bloomberg taqdim etgan navigatsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu neft tankeri Ummon bayrog‘i ostida Hindistondan chiqib, Rossiyaning Ust-Luga portiga suzgan.

«Tajovuzkor davlat bu tankerdan sanksiyalarni chetlab o‘tish va Ukrainaga qarshi urushga ketayotgan pullarni ishlab olish uchun foydalangan. Shuning uchun xalqaro huquq va urush qonunlari va odatlari nuqtai nazaridan bu UXX uchun mutlaqo qonuniy nishondir. Dushman Ukraina to‘xtamasligini va dunyoning istalgan nuqtasida, qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, unga zarba berishini tushunishi kerak», deb mahalliy OAV UXXdagi manba so‘zlarini keltirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi yillik matbuot anjumani chog‘ida Qendil tankeriga zarba berilganidan xabar topdi va javob qaytarishga va’da berdi.

«Hozir xabar keldi: O‘rtayer dengizidagi yana bir tankerimizga hujum qilindi, buni javobsiz qoldirmaymiz», dedi Putin.

Rossiya prezidenti so‘zlariga ko‘ra, «bu hech qachon kutilgan natijaga olib kelmaydi, ta’minotni buzmaydi va oxir-oqibat qo‘shimcha xavf tug‘diradi». Putin bunday harakatlar «misli ko‘rilmagan keskinlashuvga olib kelishi va mojaroga aylanishi mumkinligi» haqida ogohlantirdi.

Avvalroq, noyabr oyi oxirida Qora dengizda Turkiya qirg‘oqlari yaqinida Rossiyaning «yashirin floti»ga tegishli Virat va Kairos tankerlari hujumga uchragan edi.

Mavzuga oid