Jahon | 20:51 / 21.09.2025
14043
10 daqiqa o‘qiladi

Putin Trampga «pand berdi», Dohada «quruq gap sammiti» – hafta dayjesti

Assalomu alaykum, azizlar. Bugun 21 sentabr, yakshanba. Ortda qolayotgan haftada dunyomizda katta o‘zgarishlar bo‘lmadi, urushlar tinchigani yo‘q. Tramp Britaniyaga borib, «Putin unga pand berganini» aytdi. Ukraina NATO davlatlariga dron hujumlariga qarshi kurashishni o‘rgatadigan bo‘ldi, Rossiyada shov-shuvli iste’fo yuz berdi. Bir necha daqiqa vaqtingizni ayamasangiz, haftaning muhim voqealarini birgalikda eslaymiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

«Putin menga pand berdi»

Hafta iqtibosi AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan aytildi. Britaniyaga safar uyushtirgan Trampni inglizlar tantana bilan kutib oldi. Qirol Charlz III va bosh vazir Kir Starmer bilan uchrashgan Tramp Ukrainadagi urush haqida ham gapirdi. Amerika prezidentiga ko‘ra, u qaytganidan keyin Vashington yettita urushni tugatibdi. Tramp Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasidagi urushni ham u tugatganini aytdi. Qizig‘i, Amerika prezidenti bu ikki davlat nomini ham [o‘z uslubida] xato aytdi.

Trampga ko‘ra, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtata olmaganining sababi Putin haqida noto‘g‘ri o‘ylaganida ekan. «Biz yettita urushni to‘xtatdik, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish eng osoni bo‘ladi deb o‘ylagandim. Chunki Putin bilan munosabatlarimga ishongandim. Afsuski, Putin menga pand berdi, yomon pand berdi», dedi Tramp.

Janob prezident, siz hadeb dom qurib boy bo‘lgan milliarder do‘stingiz Stiven Uitkoffni emas, mintaqa haqida tasavvurga ega professional diplomatlarni ham eshitganingizda, bu xulosaga ancha oldin kelgan bo‘lardingiz.

Green Card endi pulli bo‘ladi

Donald Tramp dono diplomatligi bilan maqtana olmasligi mumkin, lekin u juda zo‘r eplaydigan ish ham bor. Masalan, pul topish! Endilikda AQShda qonuniy ishlash va yashash huquqini beradigan Green Card lotereyasida ishtirok etish pulli bo‘ldi. Har bir azirachi o‘yinda ishtirok etish uchun 1 dollar pul to‘lashi kerak bo‘ladi. Har yili dunyo bo‘ylab 20-25 million ariza topshirilishi hisobga olinsa, lotereya tashkilotchilari xarajatlarini qoplab olishadi.

Odamlar «1 dollar ekan, o‘ynamayman», demasligi tabiiy, lekin hamma ham VISA kartani ulab pul to‘lashga qunt qilmasligi inobatga olinsa, bu yil arizalar soni kamayishi mumkin. Darvoqe, g‘oliblar viza suhbatiga kirish uchun 330 dollar to‘lash tartibi ham bekor qilinmagan. Pul to‘lab o‘ynash ishtirokchi uchun hech qanday ustunlik ham bermaydi.

Kozak iste’foga chiqdi

Hafta davomida Rossiyada shov-shuvli iste’fo yuz berdi. Vladimir Putinning eski safdoshi, prezident devoni rahbari o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Dmitriy Kozak o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketdi. 66 yoshli Kozak 90-yillarda Putin bilan Peterburg meriyasida ishlagan, xuddi Medvedev, Miller kabi uning eski jamoasidan.

Kozak odatda soyada yuradigan, lekin Putinning eng muhim loyihalarini boshqaradigan odamlardan biri. Masalan, u Sochida olimpiada shaharchasi qurishga bosh-qosh bo‘lgan, amalda Rossiya regionlaridagi boshqaruv tizimini yaratganlardan biri ekani aytiladi.

Kozakda hech qachon Putin bilan muammo bo‘lmagan, ular juda qalin do‘st. Lekin 2022 yil urush boshlanganidan keyin kichik muammo paydo bo‘ldi. Kozak Putin atrofidagilar orasida urushni qo‘llamaydigan yagona odamga aylanadi. Urush boshlanishidan uch kun oldin o‘tkazilgan mashhur xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ham Kozak bu borada qarashlarini qaysidir ma’noda bildirib qo‘ygandi.

Rossiya hukumatida odatda iste’fo yuz bermaydi. Kimdir bir lavozimdan boshqasiga olinishi mumkin. Kozak kabi yirik mulozim go‘yoki o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketishi, bu haqda Kreml rasmiy izoh berishi chindan Putinning Rossiyasi uchun unikal hodisa bo‘ldi.

G‘azoda bosqin boshlandi

Isroil bosqinchi armiyasi Falastinning G‘azo bo‘lgasida ochiqchasiga shaharni bosib olish operatsiyasi boshladi. Bosh vazir Netanyahu joriy amaliyot G‘azoni bosib olishga qaratilgani haqida sud majlisida ochiq gapirgan. TSAHAL bo‘lgada yana tanklar bilan hujum boshlaganiga qaraganda, bu chindan bosib olish operatsiyasi.

Isroil uchun asosiy muammo g‘azoliklarni ko‘chirish bo‘lib turibdi. Hozirgacha bosqinchilik urushi sabab o‘n minglab tinch aholi vakillari o‘ldi, kamida 300 ming g‘azolik o‘z vatanini tashlab boshqa davlatlarga qochib ketdi. Bu katta ehtimol puli, imkoniyati bor g‘azoliklar. Puli yo‘qlar Isroil bosqini ostida yashashga, vayronaga aylangan shaharning u chetidan bu chetiga qo‘chishga majbur. Oldinda g‘azoliklarni urush boshlanganidan buyon uchinchi qish kutmoqda, lekin ular qayerda qishlashi hamon aniq emas.

Quruq gap sammiti

G‘azoda onalar och bolalariga nima yedirishni bilmayotgan bir vaqtda Islom hamkorlik tashkiloti va Arab Ligasi davlatlari Dohada Isroilning Qatarga hujumini qoralab yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda Isroil rosa qoralandi, uzundan-uzoq qoralovchi bayonot ham qabul qilindi, lekin hech qanday chora-tadbir bo‘yicha kelishuvga erishilmadi. Isroil o‘sha bayonotdan keyin ham G‘azoda bilganini qilib yotibdi. Qaytaga islom davlatlari faqat konferensiya doirasidagina birlasha olishini bilgani Isrolga qo‘shimcha ishonch bag‘ishlagan bo‘lsa kerak.

Pokiston va Saudiya kelishuvi

Hafta davomida eng boy arab davlati Saudiya Arabistoni yadro quroliga ega Pokiston bilan harbiy kelishuv imzoladi. Unga ko‘ra, endilikda har ikki davlat bir-biriga qilingan hujumni o‘ziga nisbatan tajovvuz deb qabul qiladigan bo‘ldi.

Bu kelishuv tabiiyki, Ar Riyoz tashabbusi bilan imzolandi. Chunki saudlar Donald Tramp boshchilik Amerikaga ham, uning xavfsizlik kafolatiga ham, ittifoqchiligiga ham ishonib bo‘lmaydi degan xulosaga kelib, boshqa yadroviy panoh izlashga tushishdi. Bu borada iqtisodiy donorga muhtoj, kuchli mudofaaga va eng muhimi atom bombasiga ega Pokistondan yaxshisini topib bo‘larmidi?

Hujjat Saudiya poytaxtida qirollik valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon va Pokiston bosh vaziri Shahboz Sharif tomonidan imzolandi. Ar Riyozga bosh vazir bilan birga Pokiston armiyasi qo‘mondoni feldmarshal Asim Munir ham bordi. Katta ehtimol, endi bu kelishuv doirasida Saudiya Pokistonga katta-katta investitsiyalar kiritsa, ajab emas.

Ko‘rdingizmi, injyenerlikning foydasini. Doim Hindistonga qarshi urushga tayyorlanib armiyasini kuchaytirgan Pokistonga endi davlatlar bizga qalqon bo‘ling, deb borib katta-katta pullar bermoqda. Yashasin, ilm-fanni rivojlantirgan davlatlar!

Zelenskiy Donetskka bordi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy payshanba kuni Donetsk oblastidagi front chizig‘i yaqiniga bordi. Ma’lumot uchun, Putin bir yarim oy avval Trampning do‘sti Uitkoffga Rossiya butun Donbassni 2-3 oyda egallab olishini aytgandi. Zelenskiy Donetsk oblastida qarshi hujumga o‘tgan mamlakat armiyasi 160 km. kvadrat hududni ozod qilgani, Pokrovsk va Dobropole yo‘nalishida ishlar chakki emasligini aytdi.

Shu o‘rinda Ukraina armiyasi haqida yana bir yangilikni aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. Ma’lum bo‘lishicha, Ukraina yaqindagina Rossiya dronlari uchib kirgan Polshaga dron hujumiga qarshi kurashda yordam beradigan bo‘libdi. Bu to‘rt yildan buyon qo‘shnisiga qarshi urushayotgan Ukraina endi boshqa davlat armiyasiga muhtoj emas, qaytaga qo‘shnilarini urushishga o‘rgatishni boshlaganidan dalolat. Urush ana shunaqa narsa, insonni har qanday sharoitga moslashishga o‘rgatadi.

Polsha Rossiyaning plastikdan yasalgan immitator dronlarini qimmat raketalar bilan urib uyatga qoldi. Kiyev esa bunaqa arzon-garov chalg‘ituvchi dronlarga qarshi arzon-garov kurashish usullarini biladi. Chunki ukrain askarlari NATO harbiylari kabi faqat mashg‘ulotda emas, chinakam jang maydonida pishgan. Zelenskiyning aytishicha, endi Ukraina NATO davlatlariga o‘z harbiylarini tayyorgarlik uchun yubormayapti. Qaytaga boshqa davlatlar pul to‘lab, o‘z harbiylarini urushishni o‘rganish uchun Ukrainaga yubormoqda.

Tramp ilk harbiy paketni tasdiqladi

Eng oxirgi xabarimiz ham Ukrainadagi urush haqida. Hafta davomida AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga yuboriladigan uning davridagi ilk harbiy yordam paketini tasdiqladi. 1 milliard dollar miqdoridagi Amerika qurollaridan iborat yordam paketi uchun AQSh emas, NATOdagi boshqa davlatlar pul to‘laydi. Shu sabab buni Amerikaning yordami deb bo‘lmaydi. Biroq Tramp hozir Ukrainaga qurol yuborilishiga ruxsat berganining o‘zi yordam bo‘lib qoldi.

Bizda hozircha shular, azizlar. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Bizni sentabrning oxirgi yakshanbasida kuting.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid