Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bangladesh sudi sobiq bosh vazir Shayx Hasinani sirtdan qatlga hukm qildi
U bir yil oldingi namoyishlarni bostirish chog‘ida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilishida aybdor deb topilgan.
Foto: Reuters
Bangladesh sudi mamlakatning sobiq bosh vaziri Shayx Hasinani 2024 yilgi norozilik namoyishlarini tarqatish chog‘ida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilishida aybdor deb topdi. Hukumatning sobiq rahbari o‘lim jazosiga hukm qilingan, biroq u o‘sha voqealar chog‘ida Hindistonga qochib ketgandi va Bangladesh huquq-tartibot idoralari tomonidan qo‘lga olinmagan.
78 yoshli Hasina bilan birga uning hukumatidagi yana ikki amaldor aybdor deb topildi: sobiq ichki ishlar vaziri Asaduzzamon Xon Kamol hamda politsiyaning sobiq boshlig‘i Chaudhuri Abdulloh al-Ma’mun.
Sud zalida ulardan faqat ikkinchisi ishtirok etdi: u o‘z aybiga iqror bo‘lgan va sud jarayonida ayblovchi tomon guvohi sifatida ko‘rsatma berdi.
Namoyishlarga nima sabab bo‘lgan va voqealar rivoji qanday kechgandi?
Bangladeshdagi ommaviy norozilik namoyishlari 2024 yil iyul oyida boshlangan va tez orada huquq-tartibot idoralari bilan qonli to‘qnashuvlarga aylanib, yuzlab odamlar, jumladan, bolalar halok bo‘lgandi.
Namoyishlar shafqatsizlarcha bostirilgani aks etgan kadrlar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan va mamlakat aholisida norozilik uyg‘otgandi.
Bangladeshdagi namoyishlarni talabalar boshlagan: ular davlat sektoridagi ish o‘rinlarining uchdan bir qismi 1971 yilgi Pokiston mustaqillik urushi faxriylarining qarindoshlari uchun ajratilgan tizimni o‘zgartirishni talab qilib chiqishgandi.
Shayx Hasina hukumati 2018 yilda ushbu kvotalarni bekor qilgandi, 2024 yil iyun oyida esa quyi instansiya sudi ularni tikladi. Talabalar mavjud tartibni diskriminatsiya deb atashdi va ishga qabul qilish har bir nomzodning malakasiga qarab amalga oshirilishini talab qilishdi.
Politsiya bilan to‘qnashuv fonida Bangladesh hukumati butun mamlakat bo‘ylab kuchaytirilgan tahdid rejimini joriy qildi. Deyarli hamma joyda internet uzildi, ayrim hududlarda telefon liniyalari ishlamadi. Poytaxtda komendantlik soati joriy etildi. Rasmiylar namoyishchilarni BTV davlat telekompaniyasi binosiga o‘t qo‘yishda aybladi. Politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘lladi.
Bir necha kun o‘tgach, Bangladesh Oliy sudi davlat sektoridagi ish o‘rinlarining aksariyat kvotalarini bekor qilib, faxriylarga atigi 5 foiz o‘rin qoldirdi, davlat sektoridagi ish o‘rinlarining 93 foizi esa odamlarning kasbiy layoqatiga qarab taqsimlanadigan bo‘ldi.
Biroq hukumat sud qaroriga darhol reaksiya bildirmadi va talabalar tashkilotlari vakillari norozilik namoyishlari davom etishini ma’lum qildi.
2024 yil avgust oyi boshida Shayx Hasina iste’foga chiqdi va qo‘shni Hindistonga qochib ketdi. Ko‘p o‘tmay namoyishchilar uning rasmiy qarorgohiga bostirib kirdi.
Oradan ko‘p o‘tmay Bangladesh muvaqqat hukumati tuzilib, unga tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, 85 yoshli Muhammad Yunus rahbarlik qildi (u mukofotni 2006 yilda mamlakatni iqtisodiy va ijtimoiy rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlari uchun olgan).
Yunus yangi saylovlarni 2026 yil fevral oyi boshida o‘tkazishga va’da berdi.
Hasinaning o‘zi nima deydi?
Hukm e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay, Hasina sudni noqonuniy deb atab, bayonot berdi. U mazkur sud mamlakatni boshqarish uchun demokratik mandatga ega bo‘lmagan hukumat tomonidan tashkil etilganiga e’tibor qaratgan.
«Meni ayblayotganlar bilan dalillar shaffof baholanishi va tekshirilishi mumkin bo‘lgan haqiqiy sudda uchrashishdan qo‘rqmayman», – dedi hukumatning sobiq rahbari.
U o‘z ishini mustaqil organda, masalan, Haagadagi Xalqaro jinoiy sudda ko‘rib chiqishni taklif qilganini eslatdi.
O‘tgan hafta Hasina BBC uchun bergan yozma izohida uning ustidan bo‘lib o‘tgan sud jarayonini ortida siyosiy raqiblari turgan masxarabozlik deb atagandi. U xavfsizlik kuchlariga namoyishchilarga qarata o‘t ochish bo‘yicha shaxsan ko‘rsatma bergani haqidagi ayblovlarni qat’iyan rad etishini ta’kidlagan.
«Vaziyat izdan chiqqani va ko‘plab odamlar behuda halok bo‘lganini inkor etmayman. Ammo men hech qachon qurolsiz tinch aholiga qarata o‘t ochish haqida buyruq bermaganman», – deydi Hasina.
Mavzuga oid
13:18 / 01.12.2025
O‘zbekiston Bangladesh kompaniyalari uchun tranzit va ishlab chiqarish habi bo‘lishi mumkin
09:43 / 27.11.2025
Bangladeshda O‘zbekistonning yangi elchisi ishonch yorliqlarini topshirdi
10:23 / 07.11.2025
Akademik almashinuv: Bangladeshga boruvchi o‘zbek talabalari soni oshadi
08:39 / 05.08.2025