O‘zbekiston | 10:25 / 03.01.2020
11745
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ichimlik suviga qo‘yiladigan sanitar talablarning huquqiy asosi belgilanadi

Foto: Getty Images

O‘zbekistonda “Ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Bu haqda 2020 yilda qonun loyihalarini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish dasturi loyihasida aytilgan.

Ta'kidlanishicha, amaldagi “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi 1993 yil 6 maydagi Qonunning faqatgina 40-43-moddalari aholi tomonidan suv iste'molini tartibga solishga bag‘ishlangan bo‘lib, unda ichimlik suvi, ichimlik suvini tayyorlash, yetkazish, uning sifati, xavfsizligi talablari, ichimlik suvi sohasidagi davlat siyosati, ichimlik suvini sohasiga oid davlat boshqaruvi, ichimlik suvi yetkazib beruvchi va iste'molchilarning huquq va majburiyatlari, ichimlik suviga nisbatan texnik reglamentlarga qo‘yiladigan talablar belgilanmagan, shuningdek aholiga kanalizatsiya xizmati ko‘rsatish haqida norma belgilanmagan.

Qonun loyihasida qayd etilgan bo‘shliqlarni to‘ldirish bilan bir vaqtda quyidagilar nazarda tutiladi:

ichimlik suvi, ichimlik suvi ta'minoti, markazlashgan suv ta'minoti, ichimlik suvi tizimi, ichimlik suvi sanitar muhofazasi, ichimlik suvi miqdori, ichimlik suvi tashkiloti va ichimlik suvi iste'molchilari, kabi tushunchalarga ta'rif berish;

ichimlik suvi ta'minotining asosiy prinsiplari, ichimlik suvi ta'minoti sub'yektlari va obektlarini belgilash;

ichimlik suviga oid davlat boshqaruvi, davlat organlari va mahalliy organlarning vakolatlari va vazifalarini belgilash;

ichimlik suvi tashkilotlarining xo‘jalik va iqtisodiy asoslarini, suvga davlat mulki ekanligini, undan foydalanish talablarini hamda suv ta'minotini moliyalashtirish, ichimlik suviga nisbatan tarif siyosatini belgilash asoslari;

ichimlik suviga qo‘yiladigan sanitar va texnik talablarning huquqiy va texnik asosini belgilash;

ichimlik suvi ta'minoti ustidan davlat nazoratini, uning hisob-kitobini olib borishga nisbatan talablarni belgilash;

suv ishlab chiqarish va iste'mol suvini yetkazib berishga nisbatan xavfsizlik choralari huquqiy va tashkiliy asoslarini belgilash;

ichimlik suvi yetkazib berish bo‘yicha kafolatlar, suv ta'minoti va suv yetkazib beruvchilar hamda iste'molchilarning huquq va majburiyatlarini belgilash, kanalizatsiya xizmati ko‘rsatish va undan foydalanish tartib taomillarini belgilashga doir normalarni joriy etish.

Mas'ul ijrochilar - Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi. Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish muddati - 2020 yil 30 may, Qonunchilik palatasiga kiritishning taxminiy muddati - 2020 yil 30 iyun.

Mavzuga oid