Ko‘chmas mulk | 15:22 / 08.12.2025
3359
2 daqiqa o‘qiladi

Ijara bozoriga yangi qonunchilik qoidalari joriy etiladi

Ijara munosabatlarini tubdan yangidan tartibga soluvchi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Hujjatga ko‘ra, ijara to‘g‘risidagi alohida qonunchilik tizimi yaratilib, davlat va xususiy mulkni ijaraga berishda ochiqlik, raqobat va elektron platformalar orqali shaffoflik ta’minlanadi. Qonun 2027 yil 1 yanvardan kuchga kirishi mumkin.

Foto: Kun.uz

Yangi hujjatda ijara tushunchasi, ijara munosabatlarining obekt va sub’yektlari aniq belgilab berilgan. Mulkni ijaraga berishda qonuniylik, ochiqlik va shaffoflik, teng raqobat, ishonchlilik hamda atrof-muhitni muhofaza qilish ustuvor prinsip sifatida belgilangan.

Qonun loyihasiga muvofiq, davlat mulkini ijaraga berish vakolatli davlat organi, elektron onlayn-auksionlar va E-ijara axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Ijara munosabatlarida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi markaz, Soliq qo‘mitasi va Kadastr agentligining vakolatlari alohida bayon etilgan.

Mulk ijarasi shartnomasini tuzish, uning muddati, ijara haqi, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda shartnomani o‘zgartirish va bekor qilish tartibi batafsil tartibga solingan. Ko‘chmas mulk ijarasi shartnomasini ma’lum hollarda davlat ro‘yxatidan o‘tkazish majburiyati belgilanadi, ijara haqini asossiz oshirishga yo‘l qo‘yilmasligi qayd etilgan.

Qonun loyihasi yer uchastkalari, davlat mulki, moddiy madaniy meros obektlari, suv havzalari, davlat ishtirokidagi korxonalar mulki, nodavlat notijorat tashkilotlari mulki hamda ko‘p kvartirali uylardagi umumiy mol-mulkni ijaraga berishning alohida tartiblarini ham belgilaydi.

Shu bilan birga, 1991 yilda qabul qilingan «Ijara to‘g‘risida»gi qonun va u bilan bog‘liq bir qator hujjatlar o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi. Yangi qonun ijrosini va uning mohiyati aholiga yetkazish Adliya vazirligi va manfaatdor idoralarga yuklatilishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid