Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampning eronliklarga taklifi, Kolumbiyada terakt va Suriyada Bashar Asadga qarshi sud – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
AQSh–Eron muzokaralari
AQSh prezidenti Donald Tramp agar Eron urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar olib borishni istasa, telefon qilishi mumkinligini aytdi.
«Agar ular gaplashishni istasa, oldimizga kelishlari yoki qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin. Bilasizmi, bizda yaxshi, xavfsiz aloqa liniyalari mavjud. Ular kelishuvda nimalar bo‘lishi kerakligini yaxshi bilishadi. Hammasi juda oddiy: ularda yadroviy qurol bo‘lishi mumkin emas, aks holda uchrashishdan ma’no yo‘q», dedi Tramp 26 aprel kuni Fox News'ga bergan intervyusida.
Axios nashriga ko‘ra, Eron pokistonlik vositachilar orqali AQShga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini qayta ochish va urushni tugatish bo‘yicha yangi taklif yuborgan. Unda Eron yadroviy muzokaralarni keyingi bosqichga qoldirishni taklif qilgan. Ammo Oq uy ushbu xabar bo‘yicha izoh bermadi.
Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyonning ta’kidlashicha, kelishuv uchun zamin tayyorlashdan oldin Qo‘shma Shtatlar barcha to‘siqlarni, jumladan, dengiz blokadasini olib tashlashi kerak.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa yakshanba kuni vositachi davlatlar — Pokiston va O‘mon o‘rtasida diplomatik safarlar amalga oshirdi. Aroqchining Pokiston rasmiylari bilan uchrashuvida «Ho‘rmuz bo‘g‘ozida yangi huquqiy rejimni joriy etish, tovon puli olish, urush tarafdorlari tomonidan harbiy tajovuz qaytarilmasligini kafolatlash» kabi masalalar muhokama qilingan.
Eron tashqi ishlar vaziri dushanba kuni prezident Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Rossiyaga yetib bordi.
Reutersʼning yozishicha, reytingi tushib borayotgan Tramp mamlakat ichida qo‘llab-quvvatlanmayotgan ushbu urushni tugatish bo‘yicha bosimga duch kelmoqda. Eron rahbarlari esa strategik muhim bo‘g‘oz orqali muzokaralarda ustunlik topishga harakat qilmoqda.
Kolumbiyada terakt
Kolumbiya janubi-g‘arbidagi trassada sodir etilgan portlash tufayli 19 kishi halok bo‘ldi, kamida 38 kishi, jumladan, besh nafar bola jarohatlangan.
Portlash Kaxibio hududidan o‘tuvchi Panamerika magistralida yuz bergan. Portlovchi ballon (silindr) mikroavtobus ustiga tushib, harakatga keltirilgan. Natijada ko‘plab transport vositalariga jiddiy zarar yetgan. Portlash kuchi natijasida ayrim avtomobillar ag‘darilib ketgan, hujumdan keyin trassada ulkan krater hosil bo‘lgan.
Rasmiylar hujumda Kolumbiyada eng ko‘p qidirilayotgan jinoyatchilardan biri — Ivan Mordiskoni aybladi. Mordisko — hozirda faoliyati to‘xtatilgan Kolumbiya Inqilobiy Qurolli Kuchlari guruhining mintaqadagi separatist a’zosi bo‘lgan. U davlat bilan imzolangan tinchlik kelishuvida ishtirok etishdan bosh tortgandi.
Kolumbiya Qurolli Kuchlari qo‘mondoni Ugo Lopes so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki kun ichida kamida 26 ta zo‘ravonlik hodisasi qayd etilgan bo‘lib, ulardan faqat tinch aholi jabr ko‘rgan.
Hujumlar seriyasi 31 mayga belgilangan prezidentlik saylovlari arafasida sodir bo‘lmoqda. Xavfsizlik masalasi saylovoldi kampaniyasining asosiy mavzularidan biri bo‘lib qolmoqda.
Tramp qatnashgan tadbirda otishma
26 aprelga o‘tar kechasi qurollangan shaxs Vashingtonda Tramp qatnashayotgan tadbirga bostirib kirib xavfsizlik xodimlariga o‘q uzdi. Maxfiy xizmat Trampni evakuatsiya qilishiga to‘g‘ri keldi.
O‘sha vaqtda binoda AQSh prezidenti va uning administratsiyasi vakillari ishtirokida «Oq uy muxbirlari assotsiatsiyasi»ning kechki ovqati bo‘layotgandi.
Oq uy e’lon qilgan kadrlarda kimdir xavfsizlik nazorat punkti orqali tezlik bilan yugurib o‘tayotgani, xavfsizlik xodimlari bir lahzaga sarosimada qolgani ko‘rinadi. Bir nechta qurol va pichoqlar bilan qurollangan shaxs maxfiy xizmat agentiga qarata o‘t ochgan, ofitserni o‘q o‘tkazmaydigan jileti saqlab qolgan.
O‘q ovozlaridan so‘ng, xavfsizlik agentlari Oq uy a’zolarini yerga yotqizdi. Harbiy kiyimdagi boshqa xavfsizlik xodimlari sahnaga bostirib kirib, Tramp va uning rafiqasini evakuatsiya qildi.
«Kasal odam» deb ta’riflangan gumonlanuvchi zararsizlantirilgan va voqea joyida hibsga olingan. Rasmiylar uning yolg‘iz harakat qilganiga ishonmoqda. Federal agentlar hujumda gumonlanayotgan shaxsning Kaliforniyadagi uyida tintuv o‘tkazib, oila a’zolari va hamkasblari bilan suhbatlashgan.
Rasmiylar gumonlanuvchi Torrans shahridan bo‘lgan, xususiy o‘quv markazida ishlagan 31 yoshli Koul Tomas Allen ekanini ma’lum qildi. U hujumdan oldin «anti-xristian» manifestini e’lon qilgan va Tramp ma’muriyati rasmiylariga eng yuqori martabali kishilardan boshlab hujum qilishni rejalashtirgan.
Gumonlanuvchiga nisbatan federal amaldorni o‘ldirishga urinish va unga hujum qilish, o‘qotar qurol ishlatish kabi ayblovlar qo‘yilishi ma’lum qilindi.
Tramp ushbu voqeadan foydalanib Oq uyda qurilishi rejalashtirilgan yangi zalni tadbirlar uchun xavfsizroq joy sifatida targ‘ib qildi.
Isroilda Netanyahuga ayblovlar
Isroil prezidenti Isxak Hersog yakshanba kuni bosh vazir Binyamin Netanyahuni korrupsiya ishi bo‘yicha afv etishni keyinga qoldirdi. Uning aytishicha, afv etish haqidagi so‘rov — faqat Netanyahu aybga iqror bo‘lish bo‘yicha kelishuvga erishish borasida barcha urinishlarni tugatganidan keyin ko‘rib chiqiladi.
Taxminan o‘n yil avval tergov harakatlari bilan boshlangan Netanyahuning huquqiy muammolari isroilliklarni ikkiga bo‘lib qo‘ygan. 2019 yilda unga nisbatan poraxo‘rlik, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qilish ayblovlari e’lon qilingandi. Ammo Netanyahu bu ayblovlarni inkor etadi. Isroildagi sud jarayonlari turli mojarolar va harbiy harakatlar tufayli cho‘zilmoqda. Oktyabr oyida Isroildagi navbatdagi saylovlar arafasida bu masala yana kun tartibiga qaytmoqda.
Isroil qonunchiligiga ko‘ra, prezident mahkumlarni afv etish vakolatiga ega. Biroq sud jarayoni ketayotganda hozircha hech kimga afv e’lon qilinmagan. AQSh prezidenti Donald Tramp bir necha bor Hersogdan Netanyahuni afv etishni so‘ragandi.
Netanyahu shu haftada jarayon qayta tiklanishi munosabati bilan sud zaliga qaytishi kutilmoqda. U Isroil tarixida jinoyatda ayblangan birinchi amaldagi bosh vazirdir.
Suriyada Asadlarga qarshi sud boshlandi
26 aprel kuni Suriyada diktator Bashar Asad hukumatining bir necha sobiq mulozimlari ustidan o‘tkazilayotgan sud jarayoniga tayyorgarlik majlisi boshlandi. Sud zalida ayblanuvchilardan faqat bir nafari shaxsan ishtirok etdi.
O‘n yildan ortiq davom etgan fuqarolar urushidan so‘ng Asad hukumati 2024 yil dekabr oyida ag‘darilgandi. Hozirda Bashar Asad, uning akasi Mohir Asad va ularning amakivachchasi va sobiq xavfsizlik mulozimi Atif Najib – ommaviy qatag‘onlar va Suriya xalqiga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda.
«Jarayon hibsdagi ayblanuvchini ham, adolatdan qochib yurganlarni ham qamrab oladi», dedi sudya.
Navbatdagi sud majlisi 10 mayga belgilangan. AFP agentligining xabar berishicha, kelajakda sud qilinadiganlar orasida prezidentning yana bir qarindoshi Vassim Asad, sobiq muftiy Badriddin Hassun hamda hibsdagi boshqa harbiy va xavfsizlik mulozimlari bor.
Hozirda mamlakat 14 yillik ichki mojarolardan so‘ng tiklanish va tinchlikni saqlashga urinmoqda. Suriyadagi fuqarolik urushlari mamlakatni turli guruhlarga bo‘lib yuborgan, taxminan yarim million kishining o‘limiga va millionlab odamlarning o‘z uyini tark etishiga sabab bo‘lgan.
Mali mudofaa vaziri o‘ldirildi
Mali mudofaa vaziri Sadio Kamara shanba kuni qarorgohiga uyushtirilgan hujumda halok bo‘ldi. Bu haqda yakshanba kuni Fransiya OAVlari xabar berdi.
Kati shahridagi ushbu operatsiya «Al-Qoida»ga aloqador mahalliy terrorchilik guruhi tomonidan amalga oshirilgan hujumning bir qismi ekani aytilmoqda. Tahlilchilarning fikricha, isyonchi guruh bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ushbu hujum so‘nggi yillarda kuzatilgan eng yirik va o‘zaro muvofiqlashtirilgan zarbalardan biridir.
Mali qurolli kuchlari isyonchilarni qaytarish maqsadida mamlakatning turli hududlarida operatsiyalar davom etayotganini bildirdi.
Malida amaldagi hukumat 2021 yillardagi davlat to‘ntarishlaridan keyin hokimiyatga kelgandi. Ular G‘arb bilan harbiy hamkorlikdan voz kechib, Rossiya bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish yo‘lini tanlagan. Ushbu strategiyaning asosiy tashabbuskori aynan mudofaa vaziri Sadio Kamara bo‘lgan.
Mali Tashqi ishlar vazirligi qo‘shni davlatlar va xorijiy kuchlar terrorchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlayotganini aytdi, biroq aniq mamlakatlar nomini oshkor qilmadi.
Mavzuga oid
14:30
OPECʼdan chiqayotgan BAA, AQShga kelgan qirol Charlz, Ukraina va Isroil o‘rtasida diplomatik mojaro – kun dayjesti
14:48 / 28.04.2026
Putin-Aroqchi uchrashuvi, Eron taklifini rad etgan Tramp va Indoneziyada to‘qnashgan poyezdlar – kun dayjesti
15:43 / 25.04.2026
Pokistonga kelgan Eron bosh diplomati, Turkiyada ijtimoiy tarmoqlarga cheklov va G‘azoda sulhni buzgan Isroil – kun dayjesti
17:02 / 24.04.2026