Jahon | 16:08 / 31.08.2025
15980
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya bosh shtabi rahbari Ukrainadagi urushni davom ettirishini e’lon qildi

Valeriy Gerasimov Rossiya Sumi va Dnipropetrovsk oblastlaridagi 20 ta qishloqni egallab olgani haqida hisobot bergan. «Strategik tashabbus to‘liq Rossiya qurolli kuchlarida», – dedi u.

Foto: Rossiya Mudofaa vazirligi / Dmitriy Xarichkov / TASS

So‘nggi olti oy ichida, 2025 yil mart oyidan beri Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi 149 ta aholi punkti va 3,5 ming kvadrat kilometrdan ortiq hududni egallab olgan. Bu haqda Ukrainadagi birlashgan qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni, Rossiya Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov ma’lum qildi.

U Rossiya Ukrainaga qarshi urushni to‘xtatmoqchi emasligini ta’kidlagan.

«Qo‘shinlar (kuchlar) birlashgan guruhi tomonidan maxsus harbiy operatsiya vazifalarini bajarish hujum harakatlarini olib borish bilan davom ettiriladi. Bugun kuz mavsumi uchun yo‘nalishlardagi qo‘shinlar guruhlari oldiga qo‘yilgan vazifalarni aniqlashtirib olamiz», – dedi u.

Gerasimovning nutqi aks etgan videoni RF mudofaa vazirligi e’lon qildi va u «2025 yilgi bahor-yoz kampaniyasi yakunlarini sarhisob qilgani va kelgusi istiqboldagi vazifalarni aniqlashtirgani» ta’kidlanadi.

«Strategik tashabbus <...> to‘liq Rossiya qurolli kuchlarida», – dedi Bosh shtab rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil kuziga kelib Rossiya armiyasi anneksiya qilingan Luhansk oblastining 99,7 foizini (60 kvadrat kilometrdan kamroq qismi Ukraina nazoratida qolmoqda), anneksiya qilingan Donetsk oblastining 79 foizini egallab olgan, shuningdek, Xerson va Zaporijjya oblastlarining 76 va 74 foizdan qismini nazorat qilmoqda.

Gerasimovning so‘zlariga ko‘ra, RF harbiylari chegara bo‘ylab «xavfsizlik zonasi» yaratish vazifasini muvaffaqiyatli bajarmoqda. Xususan, Sumi oblastida 210 kvadrat kilometr hudud va 13 ta aholi punkti Rossiya qo‘shinlari nazoratiga o‘tgan. Dnipropetrovsk oblastida esa yettita aholi punkti Rossiya nazorati ostida. Xarkiv oblastida Rossiya qo‘shinlari Kupyansk shahrini «deyarli to‘liq blokirovka qildi», deya qo‘shimcha qildi Rossiya Bosh shtabi rahbari.

Uning bayonotida 2025 yilning bahor-kuzi davomida Rossiya Ukrainadagi 76 ta muhim obektga yirik zarbalar bergani qayd etilgan. «Raketa majmualari va uzoq masofali uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarni yo‘q qilishga ustuvor ahamiyat beriladi», – deydi harbiy mulozim.

Gerasimov, shuningdek, 28 va 30 avgust kunlari Ukrainaga uyushtirilgan ommaviy zarbalar «harbiy-sanoat kompleksi bilan bog‘liq korxonalarga» berilganini aytdi. OAV zarbalar oqibatida Kiyevda ko‘p qavatli turar joy binosining pod’yezdi vayron bo‘lgani va 25 kishi (shu jumladan to‘rt bola) halok bo‘lgani, qolgan hududlarda esa fuqarolik infratuzilmasiga zarar yetkazilgani haqida xabar bergan edi.

Umuman olganda, Rossiya armiyasi Ukraina hududining qariyb 20 foizini nazorat qilmoqda, ammo bu istilolarning deyarli barchasi bosqinning dastlabki haftalariga to‘g‘ri keldi. Deep State ma’lumotlariga ko‘ra, urushning so‘nggi 1010 kunida Rossiya Ukrainaning 5842 kv.km. hududini, ya’ni mamlakat maydonining 0,97 foizini egallab olgan.

The Economist tahlilchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil yozida Rossiya armiyasi har 0,038 kv.km. oldinga siljish uchun bir nafar harbiyni yo‘qotgan. Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday sur’atlarda Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarining ma’muriy chegaralariga 2029 yil fevralidan oldin chiqish imkonsiz, Ukrainani to‘liq bosib olish uchun esa yana 89 yil urush olib borish kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid