Jahon | 08:25
1233
3 daqiqa o‘qiladi

Vashington Kiyevga 15 yillik xavfsizlik kafolatlarini taklif qilmoqda

Ukraina prezidenti Axios nashriga aytishicha, AQSh Ukrainaga 15 yil muddatga xavfsizlik kafolatlari berishi mumkin, ammo Kiyev bundan ham uzoqroq muddatni istayapti. Zelenskiy Tramp bunga rozi bo‘lsa, buni “katta muvaffaqiyat” deb hisoblaydi.

Foto: Jonathan Ernst/REUTERS

Oq uy rahbari Donald Tramp bilan yangi uchrashuv e’lon qilinganiga ikki kun qolganda, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQSh uning mamlakatiga 15 yil muddatga, “keyinchalik uzaytirilishi mumkin bo‘lgan” xavfsizlik kafolatlarini taqdim etish taklifi bilan chiqqanini bildirdi. Axios nashri juma kuni, 26 dekabrda Zelenskiyning so‘zlarini keltirgan: “Menimcha, bizga 15 yildan ko‘proq kerak”. Ukraina prezidenti shu nashrga bergan izohida, bo‘lajak uchrashuv paytida Tramp bunga rozi bo‘lsa, u buni “katta muvaffaqiyat” deb hisoblashini qo‘shimcha qildi.

Zelenskiyning aytishicha, har ikki davlat xavfsizlik kafolatlarini o‘z qonun chiqaruvchi organlariga ratifikatsiya uchun taqdim etadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh—Ukraina o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuvlarning aksar jihatlari allaqachon kelishib olingan va beshta hujjatda mustahkamlangan, ularga oltinchi hujjat ham qo‘shilishi mumkin.

Ukraina prezidenti Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi tugaganidan keyin mamlakat xavfsizligini ta’minlashda Yevropa davlatlarining ishtiroki haqidagi hujjatni ishlab chiqish tashabbusini ham esladi. Bu jarayonda yetakchi rol Fransiya va Buyuk Britaniyaga berilgan.

Ukraina prezidenti 28 dekabr kuni AQSh prezidenti bilan muzokaralarda urushni yakunlash shartlarini kelishib olishga umid qilmoqda. Shuningdek, agar Rossiya kamida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lsa, Zelenskiy “tinchlik rejasi” qoidalarini mamlakatda umumxalq ovoziga qo‘yishga tayyor ekanini bildirdi. Moskva Ukrainadan hududiy yon berishlarni, jumladan hozircha RF armiyasi tomonidan bosib olinmagan hududlarni ham talab qilmoqda. Axios qayd etishicha, Zelenskiy Tramp bilan uchrashuvda Kiyevning pozitsiyalarini kuchaytirishga umid qilmoqda.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, RF tomonidan 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish — referendum o‘tkazish uchun kerak bo‘lgan eng kam muddat, chunki uni tashkil etish “siyosiy, logistik va xavfsizlik bilan bog‘liq qiyinchiliklar”ni keltirib chiqaradi. Shu bilan birga, AQShning yuqori lavozimli mansabdori Axios’ga RF “o‘t ochishni to‘xtatish zarurligini tushunishini”, ammo “yanada qisqa muddatlarni” xohlayotganini aytdi.

Ukraina prezidentining ta’kidlashicha, xavfsizlik kafolatlari faqat parlament tomonidan to‘liq ratifikatsiya qilinganidan keyin yoki referendumda ma’qullansa, kuchga kiradi.

Mavzuga oid