Jamiyat | 02:07 / 29.06.2017
10600
3 daqiqa o‘qiladi

Andijonda «Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz» mavzusidagi targ‘ibot tadbirlari boshlandi

O‘zbekiston madaniyat vazirligi tashabbusi bilan bir qator vazirliklar, hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan tadbirlar Andijon viloyatining barcha shahar va tumanlarida ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tmoqda.

Tadbir doirasida poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli yozuvchi va shoirlar, olimlar, taniqli kino va teatr aktyorlari, estrada xonandalari hamda “Nihol” mukofoti sovrindorlaridan iborat targ‘ibot guruhlari xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilib, mamlakatimizda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar, oddiy xalq hayotida yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar xususida dildan suhbat qurmoqdalar.

28 iyun kuni ana shunday tadbirlar viloyatning Xo‘jaobod, Qo‘rg‘ontepa hamda Xonobod va Qorasuv shaharlarida bo‘lib o‘tdi.

Qorasuv shahridagi musiqa maktabi hamda kasb-hunar kollejidagi ochiq muloqotlarda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shamsiqamar Mansurova, teatr va kino aktyorlari Shuhrat Nuraliyev, Anjyelika Yesimbetova, estrada xonandasi Bahriddin Zuhriddinovlar ishtirok etdilar. Uchrashuvlar davomida yoshlarni umuminsoniy va milliy qadriyatlarimiz ruhida tarbiyalash, ularni ongi va qalini turli mafkuraviy, ma'naviy va axborot tahdidlaridan ishonchli himoya qilish masalalariga alohida urg‘u berilmoqda.

– Samimiy ruhda o‘tayotgan muloqotlarda xalqimizning kayfiyati ko‘tarinki ekanligi va ularning o‘z hayotidan mamnun holda yashayotganligi ko‘rinib turibdi,- deydi shoir Bobur Bobomurod. - Xalqimiz ma'naviyati, dunyoqarashini yuksaltirish, kayfiyatini ko‘tarish, navqiron avlod vakillarini ona yurtga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida uyushtirilayotgan uchrashuvlar o‘zining ijobiy mevalarini berishi shubhasiz.

Kunning ikkinchi yarmida “Savay” o‘yingohida katta gala-konsert tashkil qilindi. Tuman aholisi  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Sayyora Qoziyeva, Valijon Shamsiyev, xonandalar Bahriddin Zuhriddinov, Shoira Otabekova va yana  bir qator taniqli san'atkorlarning chiqishlaridan bahramand bo‘ldilar.

– Andijonning eng chekka tumanlarida yashayotgan yurtdoshlarimizning  kayfiyatini ko‘tarish, ular bilan dildan suhbat qurish biz san'atkorlarning burchi deb bilaman,-deydi xonanda Bahriddin Zuhriddinov.

Viloyatda targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.

 

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon
Muallif olgan suratlar. 

Mavzuga oid