O‘zbekiston | 11:32 / 30.03.2019
6824
12 daqiqa o‘qiladi

FHDYo organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi

Foto: Gosamarkand.uz

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarida ish yuritish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar:

1-banddagi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining” degan so‘zlar “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari (bundan buyon matnda Agentlikning hududiy boshqarmalari deb yuritiladi)” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

5-bandda:

ikkinchi xatboshidagi “Yagona elektron FHDYo arxiviga” degan so‘zlar ““FHDYo yagona elektron arxivi” axborot tizimiga (bundan buyon matnda elektron axborot tizimi deb yuritiladi)” degan so‘zlar bilan almashtiriladi;

uchinchi xatboshidagi “Yagona elektron FHDYo arxiviga” degan so‘zlar “elektron axborot tizimiga” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

8-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“8. Barcha FHDYo organlarida hujjatlar FHDYo organlarida yuritilishi lozim bo‘lgan hujjatlar nomenklaturasiga 1, 1a, 1b-ilovalarga muvofiq elektron axborot tizimida elektron shaklda yuritiladi.

Faqat gerbli guvohnomalarni sarflash bilan bog‘liq daftarlar 3–6 va 8-ilovalarga muvofiq qog‘oz shaklda ham yuritiladi.”.

Quyidagi mazmundagi 8-1-band bilan to‘ldiriladi:

“81. Elektron shaklda yuritilgan daftarlar yil yakunlangandan so‘ng qog‘ozga chop etilib (ikki va undan ortiq varaqlardan iborat bo‘lgan taqdirda – varaqlari raqamlangan va ip o‘tkazilgan holda), FHDYo bo‘limi rahbari tomonidan imzolanadi hamda tegishli hujjatlar yig‘ma jildi bilan birga FHDYo bo‘limlarida saqlanadi, qog‘oz shaklidagi alfavit daftarlari bundan mustasno.”.

9-bandda:

quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:

“Gerbli guvohnomalarni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan qabul qilib olish, hisobga olish, saqlash va topshirish Agentlik tomonidan amalga oshiriladi.”;

uchinchi xatboshi to‘rtinchi xatboshi deb hisoblanadi va quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Gerbli guvohnomalarni Agentlikdan qabul qilib olish, hisobga olish, saqlash va topshirish Agentlikning hududiy boshqarmalari rahbarlarining buyrug‘i bilan tuzilgan komissiya (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.”.

11-bandning birinchi va ikkinchi xatboshilari quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“11. Qabul qilingan gerbli guvohnomalar komissiya tomonidan shu kunning o‘zida Agentlikdan qabul qilingan gerbli guvohnomalarni kirim qilish daftariga (3-ilova) hamda elektron axborot tizimiga kirim qilinadi.

Agentlikning hududiy boshqarmasidan qabul qilingan gerbli guvohnomalar tuman (shahar) hokimliklarida, tuman (shahar) hokimliklaridan qabul qilingan gerbli guvohnomalar FHDYo organlarida, FHDYo organlaridan qabul qilingan gerbli guvohnomalar shaharcha, qishloq, ovul fuqarolar yig‘inlarida (bundan buyon matnda QFYlar deb yuritiladi) xuddi shu tarzda Agentlikning hududiy boshqarmasidan (FHDYo organidan) qabul qilingan gerbli guvohnomalarni kirim qilish daftariga (4-ilova) kirim qilinadi.”.

12-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“12. Agentlikning hududiy boshqarmasida gerbli guvohnomalarni tuman (shahar) hokimliklariga (Agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga ham), tuman (shahar) hokimliklarida FHDYo organlariga, FHDYo organlarida esa QFYlarga tarqatish daftarlari yuritiladi. Qog‘oz shaklidagi daftarlar raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan va Agentlikning hududiy boshqarmasi rahbari yoki o‘rinbosari, tegishli tuman (shahar) hokimlari o‘rinbosari tomonidan uning familiyasi, ismi, otasining ismi va sana ko‘rsatilgan holda imzolanib, muhrlangan bo‘lishi lozim.”.

13-bandda:

birinchi xatboshidagi “adliya” degan so‘z “Agentlikning hududiy” degan so‘zlar bilan almashtiriladi;

ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Gerbli guvohnomalar tegishli hokimlikning ishonchnomasi asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri FHDYo organlari rahbarlariga, ular vaqtincha bo‘lmaganida (xizmat safari, mehnat ta'tili, kasallik va h. k.) tegishli buyruq bilan ularning vazifasini bajarish vaqtincha yuklatilgan xodimga Gerbli guvohnomalarni tarqatish daftariga (5-ilova) ularning lavozimi, familiyasi yozilib, imzo qo‘ydirgan holda topshiriladi va bu haqda elektron axborot tizimiga ma'lumot kiritiladi.”.

14-bandning ikkinchi xatboshisi “imzo qo‘ydirgan holda beriladi” degan so‘zlardan keyin “va bu haqda elektron axborot tizimiga ma'lumot kiritiladi” degan so‘zlar bilan to‘ldiriladi.

15–17-bandlar quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“15. Gerbli guvohnomalarning hisobga olinishi, saqlanishi va sarflanishi bo‘yicha mas'uliyat Agentlikning hududiy boshqarmasida boshqarma rahbarining o‘rinbosari, hokimlikda hokimning mas'ul o‘rinbosari, FHDYo organlarida FHDYo organi rahbarlari va QFYlarda QFY raislari zimmasiga yuklatiladi. Ushbu shaxslar uzrli sabablarga ko‘ra vaqtincha ishda bo‘lmaganida (xizmat safari, mehnat ta'tili, kasallik va h.k.) mas'uliyat tegishli buyruq bilan boshqa shaxs zimmasiga yuklatilishi lozim.

16. FHDYo organlari tomonidan Agentlikning hududiy boshqarmasidan gerbli guvohnomalarni qabul qilib olishda komissiya a'zolari ishtirokida har bir guvohnoma o‘rami alohida ochilgan holda tekshirib ko‘riladi. Guvohnomalarning yetishmasligi yoki nuqsonlar borligi (himoya kataklarining va bosma matnning yo‘qligi yoki buzilganligi, tartib raqamlarining takroriyligi yoxud boshqa seriyalar yoki tartib raqamlari bo‘lgan, noto‘g‘ri shriftli, noto‘g‘ri kesilgan va noto‘g‘ri shaklli, seriya va tartib raqamlari yo‘q bo‘lgan yoki o‘ram yorlig‘iga boshqacha tarzda nomuvofiq bo‘lgan guvohnomalar) aniqlangan taqdirda, komissiya tomonidan uch nusxada dalolatnoma tuziladi va shu kunning o‘zida Agentlikka pochta va faks orqali maxsus xabar yuboriladi. Dalolatnomaning birinchi nusxasi o‘ram yorlig‘ining kseronusxasi bilan Agentlikning hududiy boshqarmasida qoldiriladi. Dalolatnomaning ikkinchi va uchinchi nusxalari nuqsonli guvohnomalar chiqqan o‘ram yorlig‘i, nuqsoni bor guvohnomalar ilova qilingan xat bilan uch kun ichida Agentlikka jo‘natiladi. Bunda dalolatnomaning ikkinchi nusxasi Agentlikning Moddiy-texnika ta'minoti bo‘limida qoldiriladi, uchinchi nusxasi o‘ram yorlig‘i va nuqsoni bor guvohnomalar bilan “Davlat belgisi” DIChBga yuborish uchun Adliya vazirligining Ishlar boshqarmasiga jo‘natiladi.

17. FHDYo organlarining Agentlikning hududiy boshqarmasidan qabul qilingan gerbli guvohnomalarni kirim qilish daftari raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan va Agentlikning hududiy boshqarmasi rahbari yoki o‘rinbosari tomonidan uning familiyasi, ismi, otasining ismi va sana ko‘rsatilgan holda imzolanib, muhrlangan bo‘lishi lozim. QFYlarning FHDYo organidan qabul qilingan gerbli guvohnomalarni kirim qilish daftari raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan va FHDYo organi rahbari tomonidan uning familiyasi, ismi, otasining ismi va sana ko‘rsatilgan holda imzolanib, muhrlangan bo‘lishi lozim.

Agentlikning hududiy boshqarmasidan qabul qilingan gerbli guvohnomalar, tuman (shahar) hokimliklari tomonidan, tuman (shahar) hokimliklaridan qabul qilingan gerbli guvohnomalar FHDYo organlari tomonidan va FHDYo organlaridan qabul qilingan gerbli guvohnomalar QFYlar tomonidan shu kunning o‘zida ularning hisobga olinishi, sarflanishi va saqlanishi uchun mas'ul shaxs tomonidan kirim qilinadi.”.

18-bandda:

birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“18. FHDYo organida gerbli guvohnomalarning hisobga olinishi, sarflanishi va saqlanishi uchun mas'ul shaxs o‘zgargan hollarda gerbli guvohnomalarni va ularning hisobot hujjatlarini qabul qilish-topshirish ishlari Agentlikning hududiy boshqarmasi rahbarining o‘rinbosari va tuman (shahar) hokimligi mas'ul vakili ishtirokida amalga oshiriladi va bu haqda uch nusxada dalolatnoma tuzilgan paytdan boshlab gerbli guvohnomalarni hisobga olish, saqlash va sarflash mas'uliyati yangi mas'ul xodim zimmasiga yuklatiladi. Dalolatnomaning bir nusxasi FHDYo organida, ikkinchi nusxasi tuman (shahar) hokimligida, uchinchi nusxasi Agentlikning hududiy boshqarmasida saqlanadi.”;

ikkinchi xatboshidagi “adliya” degan so‘z “Agentlikning hududiy” degan so‘zlar bilan almashtiriladi.

21-bandda:

birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“21. Gerbli guvohnomalar, dalolatnoma yozuvlari va FHDYo organlarida yuritiladigan boshqa hujjatlarning, shuningdek muhrlar va shtamplarning yo‘qolganligi yoki noqonuniy sarflanganligi (foydalanilganligi) aniqlanganda, FHDYo organi tomonidan bu haqda darhol Agentlikning hududiy boshqarmasiga xabar beriladi, bunda Agentlikning hududiy boshqarmasi tomonidan 24 soat ichida Agentlikka va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga maxsus xabar berilishi va besh kun muddat ichida xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi lozim.”;

ikkinchi xatboshidagi “Adliya vazirligiga” degan so‘zlar “Agentlikka” degan so‘z bilan almashtiriladi.

32-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“32. Har oyda va har chorakda qayd etilgan dalolatnoma yozuvlari haqida, shuningdek har chorakda sarflangan va qoldiqdagi gerbli guvohnomalar to‘g‘risida hisobotlar tuziladi va tegishliligi bo‘yicha FHDYo organlari, Agentlikning hududiy boshqarmasi va Agentlikka topshiriladi. Hisobotlarning to‘g‘riligi uchun QFYlarda ularning raislari, FHDYo organlarida ularning rahbarlari, Agentlikning hududiy boshqarmasida rahbarning o‘rinbosari mas'ul hisoblanadi.”.

34-band quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“34. Qog‘oz shaklida yuritilgan alfavit daftarlari raqamlangan, ishonch yozuvi yopishtirilgan holda ip o‘tkazib tikilgan va Agentlikning hududiy boshqarmasi rahbari yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolanib, muhrlangan bo‘lishi lozim. Ishonch yozuvida Qog‘oz shaklida yuritilgan alfavit daftari necha varaqdan iboratligi, sana, Agentlikning hududiy boshqarmasi rahbari yoki uning o‘rinbosari familiyasi, ismi va otasining ismi ko‘rsatilishi zarur.”.

37-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Elektron shaklda yuritilgan alfavit daftarlari yil yakunlangandan so‘ng, keyingi yilning 15 yanvaridan kechiktirmasdan ikki nusxada chop etilib, bir nusxasi FHDYo bo‘limida saqlanadi, ikkinchisi FHDYo arxiviga topshiriladi.”.

107-band quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:

“FHDYo organi er-xotinni yarashtirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish uchun er-xotinning birga yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini, agar ular birga yashamayotgan bo‘lsa, har birining yashash joyidagi fuqarolar yig‘inining yarashtirish komissiyasini nikohdan ajratish to‘g‘risidagi ariza berilgan kundan e'tiboran uch kundan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi kerak.”.

Mavzuga oid