Yo‘riqnoma Yo‘l harakati qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati (DYHXX) tomonidan qoidalarning buzilishiga doir ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlar (ma’muriy ish hujjatlari)ni rasmiylashtirish, ko‘rib chiqish, shuningdek, fuqarolarning qoidalarning buzilishiga doir ma’muriy ish hujjatlari bo‘yicha murojaatlarini «yagona darcha», «eksterritoriallik» va open space tamoyillari asosida ko‘rib chiqish tartibini belgilaydi.

Ma’muriy ish hujjatlarini huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida rasmiylashtirish hamda ko‘rib chiqish tartibi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va boshqa qonunlar, prezident farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, shuningdek, yo‘riqnoma bilan belgilanadi.

Qoidalarning buzilishiga doir ishlarni ko‘rib chiqishning vazifalari har bir ishning holatini o‘z vaqtida, har tomonlama, to‘la va obektiv ravishda aniqlab chiqishdan, bu ishni qonunchilik hujjatlariga muvofiq holda hal etishdan, chiqarilgan qarorning ijrosini ta’minlashdan, shuningdek ma’muriy huquqbuzarlik sodir etish sabablari va bunga olib kelgan shart-sharoitlarni aniqlashdan, huquqbuzarliklarning oldini olishdan, qonuniylikni mustahkamlashdan iboratdir.

Qoidalarning buzilishiga doir ishlar qonuniylikka qat’iy amal qilish asosida ko‘rib chiqiladi. Qoidalarning buzilishi uchun ta’sir choralarini qo‘llash chog‘ida qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi vakolatli yuqori turuvchi organlar, mansabdor shaxs va prokurorning muntazam nazorati, shikoyat qilish huquqi va qonunchilikda belgilangan boshqa usullar bilan ta’minlanadi.

Qoidalarni buzgan shaxsga nisbatan DYHXXning xodimlari tomonidan huquqbuzarlik sodir etilgan joyning o‘zida ma’muriy ishning hujjatlari elektron shaklda maxsus dasturiy ta’minot o‘rnatilgan mobil qurilma (planshet) yoki kompyuter yordamida «Ma’muriy amaliyot» moduli orqali rasmiylashtiriladi.

Quyidagi hujjatlar ma’muriy ish hujjatlari hisoblanadi:

elektron yoki qog‘oz shakldagi ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar (ma’muriy bayonnoma);
elektron yoki qog‘oz shakldagi ma’muriy jazo qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlar.

Qog‘oz shaklidagi ma’muriy bayonnomalar qat’iy hisobdagi hujjatlar hisoblanadi va qog‘oz shaklida rasmiylashtirilgan barcha ma’muriy ish hujjatlari bevosita DYHXX xodimlarida saqlanadi.