Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
G‘azodagi AQSh dronlari, Yevropadan qo‘llov olgan Zelenskiy va 93 yoshida vafot etgan qirolicha – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.
G‘azoda hokimiyat texnokratlarga topshiriladi
Falastindagi asosiy siyosiy kuchlar, jumladan HAMAS 24 oktyabrda, G‘azo sektorida hokimiyatni texnokratlar qo‘mitasiga topshirishga tayyor ekanini ma’lum qildi. AFP nashriga ko‘ra, Falastin turli guruhlari o‘rtasidagi ushbu kelishuvga Qohiradagi uchrashuvda erishilgan.
Muzokaralar yakunidagi bayonotda hududda «mustaqil texnokratlardan iborat vaqtinchalik Falastin qo‘mita»si tashkil qilinishi aytiladi. Ular «ta’minot masalalari va asosiy xizmatlarni arab birodarlar hamda xalqaro institutlar bilan hamkorlikda» amalga oshiradi.
Bundan tashqari, Hamas Falastinning Milliy ozodlik harakati — FATH rahbariyati bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Uzoq vaqt bir-biri bilan adovatda bo‘lgan guruhlar «yaqin vaqtda uchrashuvlarni davom ettirish, Isroil hukumati xavflari oldida Falastin ichki frontini tashkil etish ustida ishlash»ga kelishgan.
Oktabr boshida AQSh prezidenti Donald Tramp taklif etgan rejaga muvofiq G‘azo sektori boshqaruvi falastinlik qo‘mitaga topshirilishi kerak edi. Bunga guruh rozi bo‘lgan. Isroil esa Hamas butunlay ketishini xohlamoqda.
AQSh G‘azodagi sulhni nazorat qilish uchun dronlar uchirmoqda
AQSh harbiylari so‘nggi kunlarda mo‘rt sulh bitimining nazorati doirasida G‘azo sektorida kuzatuv dronlarini ishlatishni boshladi.
Amerika harbiylariga ko‘ra, dronlar Isroil roziligi bilan G‘azodagi yerusti harakatlarini kuzatish uchun ishlatilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, dronlarning parvoz yo‘nalishlari oshkor etilmaydi.
Kuzatuv missiyalari AQSh Markaziy qo‘mondonligi Isroil janubida tashkil etgan yangi Fuqaroviy-harbiy muvofiqlashtirish markaziga yordam sifatida amalga oshirilmoqda. Markazning vazifalaridan biri — sulhni nazorat qilish.
AQSh harbiylari ilgari ham G‘azoda garovdagilarni topish uchun dronlardan foydalangan. Lekin so‘nggi razvedka faoliyati AQSh Isroildan mustaqil ravishda, G‘azodagi vaziyat haqida o‘z tasavvuriga ega bo‘lishni istayotganini ko‘rsatmoqda.
Sulhni nazorat qilishga mas’ul AQSh Davlat departamenti dronlarga oid savollarga javob bermadi.
AQShning Yaqin sharqdagi sobiq diplomati Deniel Shapironing aytishicha, bu — Isroil faol tahdid sifatida ko‘radigan frontda AQSh monitoringining juda chuqur shaklidir.
«Agar AQSh va Isroil o‘rtasida to‘liq shaffoflik va to‘liq ishonch bo‘lganida, bunga hojat qolmas edi. Demak, AQSh har qanday noto‘g‘ri tushunish ehtimolini istisno etmoqchi», deydi u.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi vakili, kapitan Timoti Xokins Isroildagi markazda G‘azoni real vaqt rejimida kuzatadigan operatsion maydon mavjudligini aytdi.
«Biz sulhni saqlab qolish uchun juda jiddiy ishlayapmiz. Vaziyat juda nozik», dedi AQSh rasmiysi.
Zelenskiy Londonda
25 oktabr kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Britaniya bosh vaziri Keyr Starmer hamda Daniya, Niderlandiya va NATO yetakchilari bilan Londonda uchrashdi. Yaponiyaning yangi bosh vaziri Sanae Takaichi ham ilk marta bunday yig‘ilishda qatnashdi.
Bosh vazir Starmer Trampning sanksiyalarini olqishlab, Rossiyaga bosim o‘tkazish kampaniyasini saqlab qolishga chaqirdi.
«Biz endi harakat qilamiz, Putinga bosimni kuchaytiramiz va uni halol muzokara stoliga o‘tirishga majbur qilamiz».
Zelenskiy esa Rossiyani «Ukrainaning energetika tizimiga qarshi terror kampaniyasi olib borishda» aybladi. «Rossiyaning maqsadi o‘zgarmagan — ular bizni sindirishni xohlaydi,» — dedi u.
Britaniya bu uchrashuvni Ukrainani qishdagi janglarga tayyorlashga qaratilgan deb atadi.
Yevropa rahbarlari Rossiyaga nisbatan iqtisodiy va diplomatik bosimni davom ettirar ekan, ularning harbiy qo‘mondonlari Rossiya sulhga rozi bo‘lganda Ukraina xavfsizligini ta’minlash rejasini ishlab chiqmoqda.
Yevropa Tramp izidan sanksiyalar joriy qilgan bo‘lsa-da, Rossiyaning muzlatilgan aktivlarini garovga qo‘yib, Ukrainaga katta miqdorda qarz berish masalasida kelishuvga erisha olmadi. Chunki Belgiya — aktivlarning asosiy qismi saqlovchisi sifatida qonuniy javobgarlikdan xavotirlanmoqda.
“Downing street”dagi shaxsiy uchrashuvdan oldin Zelenskiy London g‘arbida, Vindzor qal’asida qirol Charlz III bilan uchrashdi. Bu Britaniyaning ramziy birdamlik ko‘rsatkichidir.
Pentagon noma’lum donordan 130 mln dollar oldi
AQShda hukumat ishi to‘xtab turgan paytda Pentagon faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy shaxsdan 130 mln dollar miqdorida anonim xayriya qabul qildi. Bu haqda Politico nashri AQSh Mudofaa vazirligi vakili Shon Parnellga tayanib xabar berdi.
Pentagon vakiliga ko‘ra, davlat idorasi bunday miqdordagi mablag‘ni xayriya sifatida qabul qilish vakolatiga ega. Pul harbiy xizmatchilarga oylik maosh to‘lashga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, Pentagon xayriya qilgan shaxs AQSh fuqarosimi-yo‘qmi, degan savolga javob berishdan bosh tortdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Pentagonning noma’lum donorini bilishini ishora qildi, ammo shaxsni oshkor etmadi. U mablag‘ ajratilishini e’lon qilar ekan, xayriya ma’lum bir «do‘stlik» tuyg‘usi bilan amalga oshirilganini aytdi.
Oq uy rahbari qo‘shimcha ravishda hukumat ishining to‘xtab qolishi uchun navbatdagi safar Demokratik partiyani aybladi. Shunga qaramay, berilgan summa barcha amerikalik harbiylarning maoshiga yetmaydi. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, faqat oktyabr oyining birinchi yarmida shunga o‘xshash xarajatlar taxminan 6,5 mlrd dollarni tashkil etgan.
AQShda 1 oktyabrdan boshlab yangi moliyaviy yil budjeti bo‘yicha kelishuv yo‘qligi sabab qator davlat idoralari ishi rasman to‘xtatilgan — bu holat mamlakatda «shatdaun» deb ataladi. Bunday vaziyat yuzaga kelishining sababi demokratlar va Tramp o‘rtasida kambag‘al fuqarolar uchun tibbiy sug‘urta dasturi — Obamacareʼni moliyalashtirish bo‘yicha kelishmovchiliklardir.
Tailand qirolichasi 93 yoshida vafot etdi
24 oktabr kuni Tailand qiroli Vachira-Longkornning onasi, qirolicha Sirikit 93 yoshida vafot etdi.
Tailand Qirollik saroyi byurosiga ko‘ra, Bangkok shahridagi kasalxonada 2019 yildan buyon davolanayotgan bo‘lib, qon infeksiyasi jumlasiga kiruvchi «bir necha turdagi xastaliklardan» aziyat chekkan.
Qirolicha Sirikitning turmush o‘rtog‘i, sobiq qirol — Bhumibol 2016 yilda vafot etgandi. U unga qadar 60 yildan ortiq - Tailand tarixidagi eng uzoq hukmronlik qilgan monarx bo‘lgan.
Tailand qirollik oilasi a’zolari bir yil davomida motam tutadi.
AQSh Venesuela yaqiniga yana harbiylar yuboradi
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset yirik samolyot tashuvchi USS Gerald R. Ford kemasi hamda unga biriktirilgan jangovar kemalar, bombardimonchi samolyotlarni Lotin Amerikasi suvlariga yuborish haqida buyruq berdi. Bu — mintaqadagi AQSh harbiy qudratining keskin oshirilishini anglatadi.
«Kuchaytirilgan AQSh harbiy mavjudligi Qo‘shma Shtatlarga tahdid soluvchi noqonuniy sub’yektlar va faoliyatlarni aniqlash, kuzatish hamda yo‘q qilish bo‘yicha imkoniyatlarimizni mustahkamlaydi», deyiladi Pentagon bayonotida.
Dengiz floti rasmiylariga ko‘ra, Ford hozirda Xorvatiya qirg‘oqlari yaqinida — bir necha oylik Yevropa safarida. U yangi topshirilgan missiyasiga tezlik va ob-havo sharoitlariga qarab 7–10 kun ichida yetib boradi.
Avgust oxiridan beri AQSh harbiylari Karib dengiziga taxminan 10 ming askar joylashtirgan. Ma’muriyat bu operatsiyani kontr-terrorizm va kontr-narkotik missiyasi deb atagan. Ford bortida 5 ming dengizchi va 75 dan ortiq jangovar, razvedka va yordamchi samolyotlar mavjud.
Shu kungacha AQSh ma’muriyati giyohvand moddalar tashiganlikda gumon qilingan kemalarning 10 tasiga bahsli zarba berdi va 43 kishini o‘ldirdi.
Bundan tashqari, Oq uy ma’muriyati Venesuelada quruqlikdagi zarbalar imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqmoqda va Nikolas Maduroni kuch bilan hokimiyatdan chetlatish yo‘llarini o‘rganmoqda.
Juma kuni Maduro Tramp ma’muriyatini «yangi abadiy urushni qo‘zg‘atish»da aybladi: «Ular bir vaqtlar yana urushga aralashmaslikni va’da qilgandi, ammo hozir biz oldini olishga intilayotgan urushni «ixtiro qilmoqda», dedi Maduro.
Mavzuga oid
14:37 / 19.12.2025
Vaqtincha to‘xtatilgan grin-karta, Ukrainaga $100 milliardlik qarz va Avstraliyada qurol bo‘yicha yangi tartib – kun dayjesti
14:06 / 18.12.2025
Yevropalik siyosatchilarni haqorat qilgan Putin, Isroil-Misr gaz kelishuvi va AQShning rekord darajadagi mudofaa budjeti – kun dayjesti
14:48 / 17.12.2025
Venesuela tankerlariga joriy qilingan blokada, Pokiston oldidagi «sinov» va AQShga fuqarolari kirishi taqiqlangan 35 davlat – kun dayjesti
13:53 / 16.12.2025