Iqtisodiyot | 23:19 / 09.07.2024
17457
5 daqiqa o‘qiladi

Ortiqcha elektr energiyasi ishlatgan tadbirkorlardan 2 barobar haq undirilmoqda

Tadbirkorlar bilan limitdan ortiqcha ishlatilgan elektr energiyasi uchun 2 barobar – kilovatt-soatiga 1800 so‘mdan hisob-kitob qilinmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, bu boradagi qaror shu yil 31 mayda qabul qilingan. Iqtisodchi Behzod Hoshimov Kun.uz bilan suhbatda bu yangi tartibni “o‘sayotgan korxonalarga jazo” deb atadi.

Foto: Depositphotos

Shu kunlarda elektr taxminoti korxonalarida tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchilar navbatda turishibdi. Ular elektr energiyasi uchun ikki barobar ko‘proq pul to‘layotgani, oldindan to‘lov uchun o‘tkazgan pullari yetmasdan, tarmoqdan uzilib qolganidan hayron, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Do‘kondorlar, sartaroshxonalar, yemakxonalar, avtomobillarga xizmat ko‘rsatish maskanlari va hokazo tadbirkorlik sub’yektlari noturar binolar uchun o‘tgan yilning avgustidan boshlab oshgan tarifda – 1 kWh uchun 900 so‘mdan to‘lov qilib kelishmoqda. Bunda ular elektr ta’minoti korxonasi bilan shartnoma qilishi, oylik taxminiy iste’moli qancha ekanini ko‘rsatib, 50 foiz oldindan to‘lov qilishlari kerak edi.

O‘zlari ko‘rsatgan oylik limitdan ortiq qismi uchun, ular 1 kWh uchun 960 so‘m to‘lab kelishgan.

1 iyundan boshlab esa oldindan to‘lov 100 foiz bo‘lgan, limitdan ortiqcha qismi uchun 2 barobar haq – kilovatt-soatiga 1800 so‘mdan undirilmoqda. Aksariyat tadbirkorlar bundan bexabar.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJning ma’lum qilishicha, bunday tartib shu yil 31 may kuni qabul qilingan hukumat qarorida belgilangan.

Qarorga asosan, hisob-kitob davrida yuridik iste’molchilar tomonidan elektr energiyasi iste’moli shartnomaviy miqdordan 10 foiz va undan ortishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda, ortiq iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun belgilangan tarifning 2 baravari miqdorida qo‘shimcha to‘lov undiriladi.

Hujjatda yozilishicha, iste’molchilar o‘zlari iste’mol qiladigan elektr energiyasining hajmlarini o‘zgartirish bo‘yicha HETKga taklif kiritish huquqiga ega. Bunda elektr energiyasining shartnomadagi hajmini o‘zgartirish bo‘yicha taklif mo‘ljallanayotgan hisobot oyi boshlanishidan 10 kun oldin berilishi kerak.

“Mazkur qoidalarning amaliyotga joriy etishdan asosiy maqsad – iste’molchilarni elektr energiyasidan tejab va oqilona foydalanishlarini tashkil etishdan iboratligini ma’lum qilamiz”, – deyiladi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ axborotida.

“O‘sayotgan korxonalarga jazo”

Avvalroq Kun.uz'ga intervyu bergan iqtisodchi Behzod Hoshimov bu tartibni kengayib, rivojlangani uchun korxonalarga nisbatan jazo deb atagandi,

“Energoresurslar boshqa tovarlar singari bozorda sotilishi kerak. Hozir yuridik shaxslar energetika uchun bozor narxida to‘lashyapti. Ya’ni bugungi kunda, sizning (Kun.uz nazarda tutilmoqda – tahr.) studiyangiz yuridik shaxs bo‘lgani uchun katta ehtimol bilan bozor narxida to‘layapsiz. Deylik, O‘zbekistonda katta tadbir bo‘lib qoldi-da, sizlar ko‘p intervyu qilishni, ko‘proq jurnalistlarni ishga olishni boshladingiz. Shu oyda elektr energiyasi iste’moli ko‘paydi. Hukumat bunaqa bo‘lib qolsa, sizlarni jazolaymiz deyapti. Ya’ni sizlar bir oy oldin kelajakdagi iste’molingizni ko‘ra olishingiz kerak. Shu qanaqadir g‘alati tuyuladi. Bu samarali, rivojlanayotgan korxonalarga nisbatan soliqdek.

Yoki masalan, siz perashka sotasiz, bugun 100 ta sotdingiz, ertaga ko‘proq. Nimadir bo‘lib, sizning perashkangiz hammaga yoqib qoldi-da, 1000 ta odam keldi. Sizda energiya xarajati 10 barobarga ko‘payib ketdi. Siz yaxshi ishladingiz. O‘sish trayektoriyasida bo‘lgan korxonalarga jazolovchi instrument o‘ylab topyapmiz”, – deydi u.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, bunday cheklovlar elektr energiyasining bozor tovari emasligini ko‘rsatib turibdi.

“Haqiqiy islohot qiladigan bo‘lsak, energetiklar ko‘proq ishlatinglar degan bo‘lardi. Masalan, hozir siz ko‘proq suv sotib olsangiz, suv ishlab chiqaruvchi sizni jazolamaydi. Mendan ko‘proq olsin deydi. Bizda energetika shu qadar haqiqiy bozordan uzoqki, ishlatadiganni jazolayapti. Demak, bu tovar emas, bu qanaqadir ne’mat va biz uni bo‘lib olishimiz kerak. Lekin aksincha, u tovar bo‘lishi kerak. Energetiklar tig‘iz bo‘lmagan paytda yoqsangiz, arzonroq qilib beraman deb aytishi kerak balki. Chunki ular tovarni sotishga qiziqishi kerak.

Hozir esa ularning maqsadi sotish emas, taqsimlash. Byurokratlardek ishlashyapti, foyda keltiruvchi korxonadek emas. Bizda GM ham shunaqa-ku, ularda maqsad mashina sotish emas, mashinani taqsimlash – olibsotarlarga qarshi kurashadi va hokazo”, – degandi Hoshimov.

Mavzuga oid