Kartadan kartaga o‘tkazmalar monitoringi boshlandi: aynan kimlar “radarga” tushyapti? Migratsiya sohasidagi mega-korrupsiya: Koreyaga ishga jo‘natishdagi sxema fosh bo‘ldi. Hamma ustozlarga tegishli imtiyoz loyihasi: ularning farzandlari kontrakt to‘lovidan 30 foiz chegirma olishi mumkin. O‘zbekiston tarixidagi eng yirik xususiylashtirish: ilk xalqaro IPO'dan budjetga 600 mln dollar tushdi.

Ortda qolgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim yangiliklari – Kun.uz dayjestida.

Gaz va elektr energiyasi tariflari

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan, elektr energiyasi va tabiiy gazning 1 iyundan kuchga kiradigan yangi tariflari tasdiqlandi. Unga ko‘ra, maishiy iste’molchilar uchun bazaviy tarif elektr energiyasida 8,3 foizga, tabiiy gazda esa 10 foizga oshadi. Qayd etish kerak, 1 may holatiga rasmiy inflatsiya 7 foizgacha pasaygan edi.

Rasmiylarga ko‘ra, aholining ehtiyojmand qatlamlari uchun ijtimoiy yordam choralari davom ettiriladi. O‘tgan yili yo‘lga qo‘ygan tartibga asosan, ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan oilalar energiyasi va tabiiy gaz iste’moli bazaviy me’yordan oshgan taqdirda, xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Bu kompensatsiya faqat isitish mavsumida emas, butun yil davomida doimiy to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Kartadan kartaga o‘tkazmalar – nazorat ostida

Savdo sohasidagi tadbirkorlarning shaxsiy bank kartalaridagi aylanmalar soliq idoralari tomonidan tekshirilmoqda. Tekshiruv natijalari bo‘yicha tadbirkorlar va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish deparatmentiga ogohlantirish xatlari chiqarilgan. Shuningdek, tarmoqlarda kartasiga tez-tez pul tushib turadigan ayrim fuqarolar soliq idorasiga chaqirilayotgani haqida ma’lumotlar bor.

Chorshanba kuni Soliq qo‘mitasi bayonot bilan chiqib, “yuridik shaxslarda faoliyat yurituvchi rahbar xodimlarning bank plastik kartalariga kelib tushgan mablag‘lar yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilayotgani”ni ma’lum qildi. Ulardan shaxsiy kartalariga qabul qilingan savdo tushumlarini soliq hisobotlarida aks ettirish talab qilinyapti. Bunday harakat tasdiqlangan taqdirda, qo‘shimcha hisoblangan soliqni undirishdan tashqari, boshqa biror sanksiya qo‘llanayotgani yoki yo‘qligi haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.