Moskva shahrida “Inson huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro paktlarning 50 yilligi” mavzuiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondan tashrif buyurgan delegatsiya ham qatnashdi.

Anjumanda BMT ekspertlari, xalqaro tashkilotlar, Rossiya va boshqa davlatlarning tegishli vazirliklari hamda idoralari vakillari, huquqshunos olimlar ma'ruza qildi. 

Ma'lumki, 2016 yilda xalqaro jamoatchilik Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlar qabul qilinganining 50 yilligini keng nishonladi. Zero, mazkur hujjatlar inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish bo‘yicha universal tizimlarning kontseptual asosi hisoblanadi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va ikkita xalqaro pakt davlatlar hamda dunyo xalqlari o‘rtasidagi umumiy manfaatlar va qadriyatlarga asoslangan kelishuv samarasidir. Ushbu huquqiy hujjatlarni hayotga tatbiq etishda BMT a'zolari sanalgan jahondagi aksariyat mamlakatlar faol ishtirok etayotgani bu boradagi muvaffaqiyatni ta'minlamoqda. Deklaratsiya va paktlardagi qoidalar ko‘plab davlatlar konstitutsiyalari va qonunlarida ham belgilab qo‘yilgani bunga bir misoldir. Ana shu hujjatlarda o‘z ifodasini topgan huquqlar va erkinliklar xalqaro jamoatchilik tomonidan mukammal, pishiq-puxta, bir-biriga chambarchas bog‘langan, deb tan olingan. Shuning uchun mazkur huquq va erkinliklar davlat, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hamda muhofaza qilinadigan asosiy tamoyillarga aylandi. 

Konferentsiyada O‘zbekiston delegatsiyasi xalqaro jamoatchilik e'tiboriga  yurtimizda yuqorida nomlari zikr etilgan xalqaro paktlar qoidalari ijrosini ta'minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, respublikamiz taraqqiyoti istiqbollariga oid axborotni havola etdi. Ishtirokchilarda, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017 — 2021 yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakat strategiyasiga doir ma'lumotlar katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirda ta'kidlanganidek, O‘zbekistonda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlar 1995 yilda parlament tomonidan bir ovozdan ratifikatsiya qilindi. Bugungi kunda xalqaro huquqning to‘laqonli sub'yekti hisoblangan mamlakatimizda yuqoridagi hujjatlarda o‘z aksini topgan xalqaro majburiyatlar BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Kengashi va shartnomaviy organlari, Inson huquqlari bo‘yicha Bosh komissari hamda boshqa huquqni himoya qilish mexanizmlari bilan o‘zaro hamkorlikda izchil ro‘yobga chiqarilayapti.
Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarda ko‘rsatib o‘tilgan deyarli barcha tegishli huquqlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlandi, istiqlol yillarida qabul qilingan 400 dan ziyod qonunlarda o‘z ifodasini topdi.