Jamiyat | 23:33 / 16.10.2018
20132
4 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onalik to‘rt qizning to‘ng‘ichi, 15 yoshli Madinaxon og‘ir buyrak xastaligiga chalingan

Farg‘ona viloyati, Farg‘ona tumani, “Xonqiz” qishlog‘ida yashovchi Inatullayevlar xonadonida to‘rtta qiz – Madinabonu, Mohinur, Muxlisa va Mehrigiyolar voyaga yetmoqda.

Bundan uch yil oldin 2015 yili to‘ng‘ich farzand Madinabonuning sog‘ligida salbiy  o‘zgarishlar ro‘y bera boshladi. Qizchaning buyragi tinimsiz og‘rishi to‘xtamagach,  tanasida shishlar paydo bo‘lganidan so‘ng, ota-onasi Jahongirbek va Gulnozaxonlar avval tuman, viloyat, so‘ngra esa Toshkentdagi tibbiyot muassasalariga olib borib ko‘rsatishadi. Madinabonuning tashxisi esa uyidagilarni qattiq tashvishga solib qo‘ydi.

Shifokorlar Madinabonuga “Glomerulonefrit, nefrotik formasi qo‘zg‘algan davri. Surunkali buyrak yetishmovchiligi. Kam siyishlik va butun tana bo‘ylab, shish paydo bo‘lishi”, deb tashxis qo‘yishadi. Oddiy til bilan aytganda qiz “buyrak qurishi” kasalligiga chalinadi.

Yillar davomida davolanish  ijtimoiy himoyaga muhtoj, to‘rt nafar qiz tarbiyalanayotgan oila uchun katta qiyinchiliklar tug‘dirdi. Bemor qizning otasi va onasi mavsumiy ishlar bilan shug‘ullanib tirikchilik o‘tkazadi. Oila boshlig‘i moddiy yordam so‘rab, turli idoralarga murojaat qilgan. Ulardan kelgan yagona yordam, 6 oy davomida 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun beriladigan 150 ming so‘mdan iborat nafaqa puli bo‘ldi.

Ming afsuski, Madinabonuni davolatish uchun bir oyda 3 million mablag‘ ketyapti.

Ulg‘ayib qolgan qizning oldida, ota-onasi bilan og‘ir kasal ekanligi haqida suhbatlashish juda qiyin ekan. Qiz o‘zining kasali bu darajada og‘ir ekanligini bilmaydi. Onasi Gulnozaxon: “Madinabonu, kunning issiq kunlarida majoli yetsa yonimizdagi 51-maktabning 9-sinfiga borib turadi. Sinfdoshlariga bemorligini bildirmaslikka urinadi. O‘smir yoshga yetgan. Tuni bilan yig‘lab chiqqan kunlari bo‘lyapti...”, - deya zorlandi.

Buvisi va bobosi Madinabonuga yaxshi niyat bilan sep yig‘ishni boshlaganini aytishdi. Ularning yonida vodiyning nufuzli shifokorlari bilan bog‘lanib, qizning tashxisi va tahlillarini jo‘natdik. Tibbiyotchilar bemorni poytaxtda davolab, sog‘aytirib yuborish imkoni borligini aytishdi. Faqat dori-darmonga yaxshigina mablag‘ kerak ekan.

Madinabonuga davolanishi va dori-darmonlar xarid qilinishi uchun katta miqdorda mablag‘ zarur.

Biz barchadan qizning davolanishiga baholi-qudrat ko‘mak ko‘rsatishni so‘rab qolamiz. Savob ishga birgalikda bosh qo‘shaylik, azizlar. Orzulari bir jahon, ruhi hali juda tetik bemor qizning ota-onasi va yaqinlari ham buni mushtariylarimizdan o‘tinib so‘raydi.

Qo‘shimcha ma'lumotlar:

Pul o‘tkazmoqchi bo‘lganlar uchun Madinabonuning dadasi Jahongir Inatullevning nomiga ochilgan plastik kartochka:

Click/Payme: 8600 0417 1594 8379

Telefon raqam: (90) 166-27-78

Элмурод Эрматов
Tayyorlagan Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid