O‘zbekiston | 08:46 / 21.07.2020
9672
6 daqiqa o‘qiladi

Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi tasdiqlanadi

Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan soliq tekshiruviga oid nizomlar tasdiqlanadi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan soliq tekshiruviga oid nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

Soliqlarni to‘lamaslik xavfini baholash va soliq to‘lovchilarni insoflilik mezonlari asosida segmentlash tizimi to‘g‘risida nizom;

Kameral soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom;

Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Soliq auditini o‘tkazish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq soliq to‘lovchilarni va soliq agentlarni sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibini belgilaydi.

Soliq organlari sayyor soliq tekshiruvi doirasida quyidagilarni amalga oshirishga haqli:

  • soliq solish obektlarini aniqlash;
  • xronometraj kuzatuvlarni o‘tkazish;
  • nazorat-kassa texnikasi va hisob-kitob terminallari qo‘llanilishini tekshirish;
  • soliq to‘lovchi xodimlarining soliq hisobotdagi ko‘rsatilgan va haqiqiy soni muvofiqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish;
  • bozorlar, savdo komplekslari, ularga tutash bo‘lgan avtomobil vositalarining to‘xtash joylari faoliyatini soliq qonunchiligiga rioya etilishini tekshirish;
  • savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalariga rioya etilishini tekshirish;
  • asosiy vositalar, tovar-moddiy boyliklar, pul mablag‘lari va hisob-kitoblarni xatlovdan o‘tkazish.

Sayyor soliq tekshiruvida hisobga olish hujjatlarining, tovar-moddiy boyliklar va pul mablag‘lari harakatining, shuningdek soliq to‘lovchining faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa axborotning tahlili o‘tkaziladi.

Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazishda soliq to‘lovchilardan sayyor soliq tekshiruvi predmetiga aloqador bo‘lmagan hujjatlarni (axborotni) talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish chog‘ida soliq organlari profilaktika tadbirlarini o‘tkazishga haqli.

Profilaktika tadbirlari jumlasiga soliq to‘lovchilar tomonidan soliq qonunchiligi buzilishi holatlarini aniqlash, ularga barham berish va oldini olish, shuningdek, huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish maqsadida amalga oshiriladigan xatti-harakatlar yig‘indisi kiradi.

Sayyor soliq tekshiruvi o‘n ish kunigacha bo‘lgan muddatda o‘tkaziladi.

Sayyor soliq tekshiruvi natijalariga ko‘ra soliq organlari tomonidan soliqlar va yig‘imlarni hisoblash amalga oshirilmaydi.

Sayyor soliq tekshiruvi quyidagi asoslar bo‘lganda o‘tkaziladi:

  • soliq organida “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturiy mahsuloti orqali aniqlangan, soliq to‘lovchilar faoliyatidagi soliqqa oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida ma'lumotlar mavjud bo‘lganda;
  • jismoniy va yuridik shaxslardan soliq to‘lovchilar faoliyatida soliq va valuta qonunchiligi buzilishi holatlari to‘g‘risida murojaatlar kelib tushganda, bundan anonim murojaatlar mustasno;
  • ommaviy axborot vositalarida soliqqa va valutaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotlar e'lon qilinganda;
  • kameral soliq tekshiruvi jarayonida aniqlangan tafovut va xatolarni soliq organi joylashgan joydan tashqarida o‘rganish zarurati yuzaga kelganda;
  • sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda davlat organlari tomonidan soliqqa va valutaga oid huquqbuzarliklarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha kiritilgan xabarlari asosida.

Sayyor soliq tekshiruvi soliq organi rahbarining (o‘rinbosarining) buyrug‘i asosida o‘tkaziladi. Buyruqda soliq to‘lovchining nomi, tekshiruvchi shaxslarning familiyasi, ismi, otasining ismi hamda lavozimi, tekshiruvlarni o‘tkazish muddatlari va maqsadi ko‘rsatiladi.

Sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazish uchun soliq organining ikki yoki undan ortiq mansabdor shaxslari jalb etilgan taqdirda, buyruqda bir nafar xodim tekshirishda vazifalarni taqsimlash bo‘yicha guruh rahbari etib belgilanadi.

O‘tkaziladigan sayyor soliq tekshiruvlari Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil xabardor qilingan holda o‘tkaziladi, bundan davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, noqonuniy ravishda tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan jismoniy shaxslar mustasno.

Bunda, o‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari soliq organlari tomonidan tekshiruv tamomlangandan keyin uch kun ichida Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritiladi.

Sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqda ko‘rsatilgan sana ushbu tekshiruvni o‘tkazish muddatining boshlanishi deb hisoblanadi.

Sayyor soliq tekshiruvi jarayonida soliq organi Soliq kodeksining 145- va 148-moddalarida belgilangan tartibda soliq to‘lovchining binolarni va hududlarni ko‘zdan kechirishga hamda hujjatlar va buyumlarni olib qo‘yishga haqli. Bunda, ushbu tadbirlar xolislar ishtirokida amalga oshiriladi.

Mavzuga oid