O‘zbekiston | 16:19 / 01.03.2019
27672
3 daqiqa o‘qiladi

Ombudsman: Qiynoq haqida xabar berganlar aniq shaxslar va qiynoq usullarini tasvirlab beryapti

Ombudsmanning alohida e'tibori huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinayotganlarga va mahkumlarga nisbatan noqonuniy ta'sir choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi shikoyatlarga qaratildi, deb hisobot berdi O‘zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Ulug‘bek Muhammadiyev Senat yig‘ilishida. 

Ulug‘bek Muhammadiyev

Uning aytishicha, 2018 yilda Ombudsman tomonidan shu munosabat bilan 101 ta shikoyat berilganligi qayd etildi va bu ko‘rsatkich 2​017 yilgi holatdan 4,2 baravar ko‘pligini anglatadi. 

«Shikoyatlarning ko‘pchiligida (101 ta shikoyatdan 78 tasi) ta'sir ko‘rsatish shakllari va usullari, shuningdek bunday xatti-harakatlarni qo‘llagan aniq shaxslar ko‘rsatiladi. 

Holatlarning 29 foizida bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan turli shaxslar Toshkent viloyati ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ana shunday ta'sir ko‘rsatilganini ma'lum qilishdi. 

Toshkent shahrida bu ko‘rsatkich 21 foizni, Qashqadaryo viloyatida 12 foizni, Jizzax viloyatida 8 foizni, Samarqand viloyatida 6 foizni tashkil etdi, jazoni ijro etish muassasalari ma'muriyatlari tomonidan esa bunday holat 12 foizni tashkil etdi», — deydi Ombudsman.

Ma'lum qilinishicha, Vakil milliy preventiv mexanizm mandati bilan qamrab olinadigan sog‘liqni saqlash va xalq ta'limi vazirliklarining bir qator internat muassasalari faoliyatini ham o‘rgandi.

«​Umuman olganda, yil davomida monitoring tashriflari milliy preventiv mexanizm bilan qamrab olingan 73 ta muassasada amalga oshirildi», — deydi Muhammadiyev hisobotida. 

«Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»​gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining «Fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish prinsipi»​ deb nomlangan 8-moddasiga muvofiq «qiynoqlarga solish, zo‘ravonlik qilish, boshqa shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsitadigan tarzda muomalada bo‘lish ichki ishlar organi xodimiga taqiqlanadi. Ichki ishlar organining xodimi fuqaroga qasddan og‘riq, jismoniy yoki ma'naviy azob yetkaziladigan xatti-harakatlarga chek qo‘yishi shart»​.

Shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi «Shaxsning sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilish»​ deb nomlangan 17-moddasiga va «Fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish»​ deb nomlangan 18-moddasiga muvofiq «... tergovchi va surishtiruvchi ishda qatnashayotgan shaxslarning sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishlari shart. Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson sha'ni va qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas»​.

Mavzuga oid