O‘zbekiston | 18:24 / 04.09.2025
6513
3 daqiqa o‘qiladi

Mobil aloqa operatorlari abonentlar mablag‘ini ularning roziligisiz yechib olmoqda – senator

Senator Qutbiddin Burhonov pulli SMS va xizmatlarga avtomatik tarzda ulash holatlarining kelib chiqish sabablari va bunga shart-sharoit yaratayotgan omillar haqida gapirdi.

Foto: Oliy Majlis Senati

So‘nggi paytda mobil aloqa operatorlari tomonidan abonentlarning roziligisiz, xabardorligisiz pulli SMS va xizmatlarga ularni avtomatik tarzda ulash holatlari ko‘plab kuzatilmoqda. Bu haqda Senatning yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov ma’lum qildi.

«Oqibatda fuqarolar hisobidan ularning roziligisiz mablag‘ yechib olinyapti. Shu bois, qo‘mitamiz pulli SMS va xizmatlarga avtomatik tarzda ulash holatlarining kelib chiqish sabablari va bunga shart-sharoit yaratayotgan omillarni dastlabki tarzda o‘rganib chiqdi», dedi senator.

Burhonovning ta’kidlashicha, 2025 yil 1 yanvar holatiga mobil aloqa abonentlari soni 36 milliondan oshgan. Bu abonentlarga yuqorida qayd etilgan pulli xizmatlar mobil aloqa operatorlari tomonidan emas, balki kontent provayderlar tomonidan ko‘rsatiladi va ularning soni hozirda 100 dan oshib ketgan. Aksariyat kontent provayderlarning xizmatlari telekommunikatsiya kompaniyalari bilan tuzilgan hamkorlik shartnomalariga asosan ko‘rsatilmoqda.

«Biroq, amalda bu shartnomalar uchun haq abonentning telefon raqamidagi asosiy hisob-raqamidan, uning roziligisiz yechilyapti. Eng qizig‘i, bir marotaba xizmatga ulanib qolgan abonentdan har kunlik, har oylik mablag‘lar asosiy hisobdan yechib olinmoqda. O‘rganish natijasida chiqarilgan xulosaga ko‘ra, kontent xizmatiga ulanish oson, uni bekor qilish esa murakkab bo‘lib qolmoqda», dedi senator.

Burhonov so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda abonentlarga kontent provayderlar tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlarni tartibga soluvchi huquqiy me’yoriy hujjat yo‘qligi aniqlandi. Raqobat qo‘mitasiga 2024 yilda iste’molchilardan aloqa xizmatlari bilan bog‘liq 1199 ta murojaat tushgan. Ularni ko‘rib chiqish natijasida iste’molchilarga 683,2 mln so‘m mablag‘ qayta hisob-kitob qilingan.

«Huquqiy bo‘shliqlar yoki boshqa sabablar oqibatida abonentlar ko‘rayotgan zarar uchun kim javob berishi kerak? Bizningcha, bu muammoga yechim topish lozim. Aks holda, go‘yo arzimasdek ko‘ringan, ammo fuqarolarning milliardlab mablag‘ini ularning ixtiyorisiz ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun so‘ramay olib qo‘yaverish katta muammoga aylanib, qonunbuzarliklarga yanada keng yo‘l ochadi. Bunday muammolar aholining kayfiyatiga salbiy ta’sir qilishi bilan ham dolzarbdir», dedi senator.

Burhonov so‘zining yakunida bu holatni tartibga solish maqsadida huquqiy me’yoriy hujjat ishlab chiqish uchun qo‘mita yordamga tayyor ekanini aytdi.

Mavzuga oid