O‘zbekiston | 16:15 / 10.04.2018
5760
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston ilk marotaba Tadbirkorlik global kongressida ishtirok etadi

O‘zbekiston vakillari ilk marotaba «Tadbirkorlikning global kongressi – GEC»da ishtirok etishadi. O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirligining Tadqiqotlar va davlat va jamiyatga innovatsiyalarni joriy etish boshqarmasi boshlig‘i Bekzod Xamzayev hamda Innovatsion loyihalar natijalarini tijoratlashtirish bo‘limi boshlig‘i Behruz Xamzayevlar mana shu yirik sammitda spiker sifatida qatnashishadi. 

Bekzod Xamzayevning ma'lumot berishicha, davlat rahbari tomonidan O‘zbekiston innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etilgani va bilan O‘zbekiston qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishi, shuningdek O‘zbekistonga innovatsiyalar va innovatsion g‘oyalarni jalb etish, innovatsion tashkilotlarning yurtimizda faoliyat olib borishdagi ustunliklari xususida chiqish qilinadi. 

Foto: Bekzod Xamzayev

Tadbirkorlikning global kongressi (Global Entrepreneurship Congress-GEC) bu har yili bo‘lib o‘tadigan yirik tadbir bo‘lib unda jahonning yirik tadbirkorlari, investorlar, tadqiqotchilar, siyosatchilar va boshqa qator yetakchilar jam bo‘lishadi. Ular mavjud g‘oyalarni hayotga tatbiq etish, iqtisodiy o‘sish uchun turtki berish, insoniyat farovonligini oshirish masalalarini tilga olinadi. 

Bu yil Tadbirkorlikning global kongressi 10-bor o‘tkazilmoqda. O‘ziga xos yubiley anjumanda ishtirok etadigan O‘zbekiston vakillari BMTning savdo va taraqqiyot bo‘limining bir qismi bo‘lgan  Empretec tashkiloti rahbariyati bilan uchrashib, O‘zbekistonda tadbirkorlikka o‘qitish masalalarini muhokama qilishadi. Shuningdek Yevropadagi eng yirik loukosterlaridan biri Pegasus Airlines aviakompaniyasi rahbari Ali Sabanchi, yirik turistik onlayn kompaniya Booking.com ning rahbari Jyeff Xoffman bilan, Innovatsiya va fan uchun platforma hamda biotexnologiya laboratoriyalarini beg‘araz taqdim etish bilan shug‘ullanuvchi GEN Space tashkiloti rahbari Deniyel Grushkin bilan, Estoniyaning tadbirkorlik va informatsion texnologiyalar vaziri Urve Palo bilan uchrashib muzokaralar olib borishadi. Suhbatlar davomida raqamli iqtisodiyot, integratsiya, Innovatsion tadbirkorlik, O‘zbekistonning turizm salohiyati, fazoni o‘rganish bo‘yicha tadqiqotlar masalalari tilga olinadi. 

Umumiy tarzda yirik kompaniya va tashkilot vakillari bilan 15ta uchrashuv o‘tkazish rejalashtirilgan. Kongress 15-18 aprel kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tadi. 

 

Mavzuga oid