O‘zbekiston | 17:51 / 07.10.2020
20978
3 daqiqa o‘qiladi

«Faqat O‘zbekistonda emas, butun dunyoda» – «O‘zyog‘moysanoat» vakili yog‘ narxi oshganiga izoh berdi

«O‘zyog‘moysanoat» uyushmasi boshqaruv raisi o‘rinbosari Ahror Abdurahimov o‘simlik moyi narxi ko‘tarilishi sabablari haqida ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekistonda aholi yog‘-moy iste'molining 60 foizi ichki ishlab chiqarishdan qondirilayotgani, iste'molning 35-40 foiz chetdan, xususan, Rossiya Federatsiyasidan, qisman Qozog‘istondan keladigan tayyor import moyi tashkil qiladi.

Tahlillarga ko‘ra, avgust oyida jahonda 1 tonna o‘simlik moyi narxi 750-800 dollarni tashkil etgan. Sentabr oyi o‘rtalarida esa 1 tonna o‘simlik moyi narxi 875 dollarga teng bo‘lgan.

«Buning birinchi sababi Rocsiyada o‘tgan yilga nisbatan bu yil kungaboqar urug‘i hosili 15-18 foizgacha kam. Ya'ni 2019 yilda qariyb 15 million tonnadan ko‘p xomashyo yetishtirilgan bo‘lsa, bu yil 11,5 million tonna jamg‘arish rejalashtirilyapti. O‘simlik moyi tanqisligi faqat O‘zbekistonda emas, balki butun dunyoda narx oshishiga sabab bo‘lyapti», dedi Ahror Abdurahimov oziq-ovqat mahsulotlarining bozordagi narxi tahliliga bag‘ishlab AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Qayd etilishicha, birjada paxta moyining bir tonnasi 9,5 million so‘mdan 11 milliongacha bo‘lmoqda.

Rais o‘rinbosarining ma'lum qilishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 40dan ortiq sohaga ixtisoslashgan korxona mavjud bo‘lib, hozircha ulardan 7-8tasi ishga tushgan.

«Qolgan korxonalar ham maksimal ishlasa, mahsulot ko‘paygan sari narx tushib boradi», dedi u.

Tadbir davomida 2020 yilda O‘zbekistonda qancha o‘simlik moyi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgani haqida ma'lumot berildi.

Ahror Abdurahimovning ma'lum qilishicha, sanitariya qoidalari me'yorlariga asosan kishi boshiga 1 yilda 9,1 kilogramm o‘simlik moyi iste'moli belgilab berilgan.

O‘zbekistonda taxminan 320-330 ming tonna o‘simlik moyi aholi iste'moli uchun yo‘naltiriladi. Qolgan qismi chuqur qayta ishlanib, undan xomashyoni yuvuvchi vositalar, sprey, sariyog‘lar, paxta yog‘i ishlab chiqariladi.

«Demak, shartli 9 oy davomida yanvar-sentabr oylarida respublika bo‘yicha 181 ming tonna o‘simlik moyi ishlab chiqarildi. Aholi iste'molini to‘laqonli qondirish uchun 170 mingga yaqin tayyor o‘simlik moyi importi amalga oshirildi.

Shu bilan birga, uyushma tizimidagi korxonalar tomonidan aholining o‘simlik moyiga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida har bir hudud kesimida moyli ekinlarni yetishtirish tizimi yo‘lga qo‘yib kelinmoqda. Bu yil 6 ming gektar maydonda moyli ekinlar ekilib, ulardan 77 ming tonnadan ortiq hosil jamg‘arish rejalashtirilyapti», dedi Abdurahimov.

Qayd etilishicha, jamg‘arilgan hosilni to‘laqonli sifatli qayta ishlab, 16 ming tonna qo‘shimcha yog‘ hamda 46 ming tonna yem mahsulotlari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid